Vazirlik ichki maxfiy buyruqlar imzolashni kamaytirishi kerak
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi eng ko‘p muammoli holatlar ro‘y berib turadigan, O‘zbekistondagi eng katta ish beruvchi tizimlardan biri hisoblanadi. Sohaga oid qabul qilingan normativ hujjatlarni esa sanab sanog‘iga yetish mushkul ish.
Undan tashqari birgina pedagog xodimlarning faoliyatini tartibga solish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ham ko‘plab buyruqlar imzolanadi. Shunday normalar borki, ularni pedagog xodimlarga o‘z vaqtida, tinimsiz ravishda sharhlab berib turish eng zaruriy ehtiyojlarimizdan biri hisoblanadi.
Shuning uchun ham biz bu kabi muammolarni Ta’lim kodeksi darajasida hal qilish lozimligi haqida qayta-qayta eslatyapmiz. Hujjatlar tizimlashmasa, yopiq bo‘lsa, vaziyat og‘irlashaveradi.
Aksiga olib, ayrim buyruqlar vazirlik tomonidan XDFU – xizmat doirasida foydalanish tartibida imzolanganligi sababli, bu turdagi hujjatlar ommaga e’lon qilinmaydi. Natijada esa ko‘pchilik eski hujjat namunasidan foydalanadi va yana tizimda tushunmovchiliklar yuzaga kelaverdi.
Masalan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 29-avgustdagi 270-son buyrug‘i ham vazirlikning XDFU buyrug‘i bilan bekor qilib yuborilgan.
Mazkur buyruq bilan esa “Direktorlar kengashi to‘g‘risida” Nizom, “Direktor lavozimiga ochiq tanlov o‘tkazish to‘g‘risida”gi tartib hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarining malaka tavsiflari belgilangandi.
Demak, vazirlikning 2023-yil 29-avgustdagi 270-son buyrug‘i bir yil ham “yashamadi”. Yomon tomoni shundaki, maktab direktorlarini ochiq tanlov asosida lavozimga tayinlash haqidagi asosiy hujjat bu safar XDFU tarzida imzolandi.
Ya’ni, bu kabi buyruqlardan faqatgina vazirlik tizimining yuqori bo‘g‘inida ishlovchi sanoqli xodimlar foydalana oladi xolos, boshqalar esa yo‘q. Bunda esa xolislik kamayadi, shaffoflik yo‘qoladi.
Chunki, jamoatchilikdan direktorlar faoliyatini tartibga soluvchi asosiy hujjat “yashirib qo‘yilsa”, bu muammoni ko‘paytirsa ko‘paytiradi, lekin aslo kamaytirmaydi.
Masalan, direktorlar kengashi, uning faoliyati, ularni ochiq tanlov asosida lavozimga tayinlash haqida hozir jamoatchilikdan so‘rasangiz, ular hech nima bilmayman deyishi tabiiy hol. Sababi, bu haqidagi avvalgi hujjat bekor qilingan, yangi hujjat esa hammadan “yashirilgan”.
Hozirda xalqtaliminfo.uz tahririyatiga direktorlarni lavozimga tayinlash tartibi, direktorlik lavozimi bo‘sh qolgan taqdirda, qancha muddatda vakansiya e’lon qilinishi va shu bilan birga direktorlar kengashi faoliyatiga oid juda ko‘plab savollar kelmoqda. Ammo uni tartibga soluvchi hujjat maxfiyligi uchun tayinli javob berish imkonsiz bo‘lib qolmoqda.
Direktor lavozimiga ochiq tanlov o‘tkaziladi deyapmiz-da, buni tartibga soluvchi hujjatni maxfiy tarzda imzolayapmiz, jamoatchilikdan yashiryapmiz. Bunday vaziyatda ochiqlik ta’minlanadimi degan savol esa ochiq qolmoqda.
Shuning uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ichki maxfiy buyruqlar imzolashni kamaytirsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
2025-yilgi attestatsiyada 60 foizdan ortiq o‘qituvchi o‘tolmagani ma’lum bo‘ldi
Endi zo‘ravonlik haqida xabar bermagan pedagoglar ham jazolanadi
Pedagog xodimlar yangi yil bayrami arafasida ketma-ket 5 kun, o‘quvchilar esa 14 kun dam oladi
Qishki ta’til oldidan ota-onalar ogohlantirildi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025-yilda qanday ishlar amalga oshirildi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar haqidagi sarhisoblarni e’lon qildi.
Yangiliklar
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimi haligacha bo‘sh qolmoqda
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi 4 oydan buyon bo‘sh qolmoqda.
Maqola
Ta’limga oid hujjatlar vazirlik ‘‘seyfidami’’?
Biz ko‘taradigan muammoning ko‘lami keng, lekin buni vazirlik hali-beri his qilmaydiganga o‘xshaydi. Chunki, tizim katta, vazirlik esa muammolar ildizini mutlaqo boshqa joydan qidirib yurgan bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.
Maktabgacha ta'lim
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga parlament so‘rovi yuborildi
Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shinga parlament so‘rovi yuborildi
O'zbek
Izohingizni tahrirlang