Top.Mail.Ru
Dars taqsimoti bo‘yicha ishlab chiqilgan nizom qayta ko‘rib chiqilishi kerak

Dars taqsimoti bo‘yicha ishlab chiqilgan nizom qayta ko‘rib chiqilishi kerak

14:44 / 12.07.2024 15.38k
Avgust oyidan boshlab pedagoglar o‘rtasida dars taqsimoti bo‘yicha qizg‘in jarayonlar boshlanadi.

Maktablarda adolatli dars taqsimoti masalasi kun tartibiga ko‘tarilgach, 2020-yilda “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom ishlab chiqilib, 3271-son bilan Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Albatta, ushbu nizom juda ko‘p muammoli masalalarga yechim beroldi. Ammo hozirgi kunga kelib, nizomni qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj mavjud. Chunki unda ayrim mavhum masalalar ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘yadi.

Birinchi holat: Diplomi tan olinmagan pedagoglarga dars berish masalasidir. Ma’lumki, nizomning 15-bandida pedagog xodimlarga darslarni ustuvor ketma-ketlikda taqsimlash masalasi haqida gap ketgan.

15-bandning 17-xatboshida esa pedagogik yo‘nalish bo‘yicha xorijiy davlatlarning oliygohlarini bitirgan, biroq diplomi tan olinmagan o‘qituvchilarga ham dars berish mumkinligi aytiladi.

Ammo diplomi tan olinmagan fuqarolarga ish berish Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24 -iyuldagi 620-son qarori talablariga zid hisoblanadi. Mantiqan olib qaraganda ham qanday qilib diplomi tan olinmagan fuqaroga dars berish mumkin?

Ikkinchi holat: Pedagog xodimlar maksimal miqdorda dars olish uchun asos bo‘ladigan ko‘rsatgichlarning amal qilish muddati belgilab berilmagan.

Masalan, bir o‘qituvchi qachonlardir yil o‘qituvchisi tanlovida o‘rin olgan, yoki ancha yillar avval uning o‘quvchisi olimpiadada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, yoki bo‘lmasa respublika bosqichidagi qandaydir ko‘rik tanlovlarda ancha yillar avval g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, u o‘qituvchiga umrbod maksimal dars berilishi kerakmi?

Bu masala bo‘yicha nizomda aniq bir yechim berib ketilmagan. Buning oqibatida esa pedagoglar o‘rtasidagi dars taqsimoti borasida tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.

Uchinchi holat: Ba’zi holatlarda ustuvor ko‘rsatgichlarga ega bo‘lgan barcha o‘qituvchilarga maksimal dars soatlari ajratilsa, ayrim o‘qituvchilarga dars soati yetmay qolishi yoki atigi bir soat dars ajratilish holati ham kuzatiladi. Bu esa mehnat qonunchiligiga zid bo‘lib qoladi.

To‘rtinchi holat: Nizomning 15-bandi, 13-xatboshida belgilangan tartibda o‘z fanidan o‘tkazilgan nazariy va amaliy sinovlar natijasi bo‘yicha a’lo baholarga ega o‘qituvchilar haqida ham so‘z borgan, ammo bu masalaga ham to‘liq tushuntirish berilmagan.

Shuningdek, ko‘plab malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar xalqaro sertifikatlar o‘qituvchining malaka toifadan ustun ko‘rsatgich sifatida qayd etilganiga ham e’tiroz bildirib kelishadi.

Umuman olganda, “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qayta ko‘rib chiqilishi kerak deb hisoblaymiz.

Izohlar 11

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Dars taqsimoti
  • Taklif

Ulashish