Deyarli, matbuot anjumanisiz o‘tayotgan bir yil

Bundan bir yil avval, 2024-yil 28-avgust kuni sobiq Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ishtirokida kengaytirilgan tarzda matbuot anjumani tashkil etilib, unda pedagoglar maoshi, maktab formasi, darsliklar masalasi, noqonuniy egallab olingan maktab binolari, shuningdek, fan olimpiadachilariga beriladigan imtiyozlar kabi bir qator dolzarb savollarga vazir va uning o‘rinbosarlari batafsil javob bergandi.
Umuman olganda, vazirlik tomonidan 2024-yil davomida dolzarb mavzular yuzasidan taxminiy hisobda 8 marotaba matbuot anjumanlari tashkil etilgan. Jumladan:
- 2024-yil 14-fevral kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Milliy gvardiya hamkorligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani;
- 2024-yil 1-aprel kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi faoliyatining 2023-yilgi yakuniy sarhisobi hamda joriy yilda vazirlik tizimidagi pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani;
- 2024-yil 1-may kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oziq-ovqat sifati va xavfsizligi bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijalari mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani;
- 2024-yil 24-may kuni umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagoglarini malaka (test) sinovlaridan o‘tkazish yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani;
- 2024-yil 7-iyun kuni Abu Ali Ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasini tashkil etish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani;
- 2024-yil 12-avgust kuni “Umumta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun joriy etilayotgan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar” mavzusida matbuot anjumani;
- 2024-yil 28-avgust kuni “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va tizimdagi muhim islohotlar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani;
- 2024-yil 29-oktyabrda “Jadidlar izidan” Respublika tanlovini tashkil etish va o‘tkazish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etilgan.
Ushbu sonlarni bevosita 2025-yilgi natijalar bilan solishtiradigan bo‘lsak, joriy yilda (2025-yil 28-fevral kuni tashkil etilgan matbuot anjumanidan tashqari) deyarli matbuot anjumani tashkil etilmaganligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Ya’ni, 2024-yilda bunday matbuot anjumanlari yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar jami 7 marta tashkil etilgan.
Barchamizga ma’lumki, so‘nggi bir yil ichida ham maktabgacha va maktab ta’limi tizimida juda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi, ayrim yangiliklar joriy qilindi. Ammo shu bilan birga ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lgan holatlar ham yo‘q emas. Xususan, PISA 2025 tadqiqotida respublikamizdagi barcha Prezident maktablarining ishtirok etgani bilan bog‘liq holatlar ham, bu mavzuda bir-biriga mos kelmaydigan ma’lumotlarning taqdim etilishi ham jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, joriy yilda pedagog xodimlar uchun o‘tkazilgan attestatsiya test sinovlarida qatnashgan o‘qituvchilarning deyarli 60 foizi testdan o‘tolmadi. Attestatsiyada foydalanilgan sinov materiallari soha mutaxassislari, olimlar, amaliyotchi pedagoglar ishtirokida xalqaro testologiya me’yorlari asosida ishlab chiqilganligi ta’kidlangan bo‘lsa-da, ammo ushbu testlarning validligi haqida keng jamoatchilikka to‘liq ma’lumot berilmadi.
Shu sababli, attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga berishga majbur bo‘ldi. Buning ortidan esa sudga da’vo arizasi kiritgan pedagoglarga nisbatan jiddiy bosimlar kuzatildi.
Bahorgi attestatsiyada uzrli sabablarga ko‘ra qatnashmagan pedagoglar uchun navbatdan tashqari test sinovlari tashkil etilmasdan, test sinovlarining oktyabr-noyabr oyida o‘tkazilishi belgilanganligi, ko‘pchilik pedagoglarning imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi.
Shu bilan birga pedagog xodimlarni attestatsiya hamda kasbiy sertifikatlashdan o‘tkazib qo‘yish maqsadida amalga oshirilgan bir qancha noqonuniy harakatlar fosh bo‘ldi.
O‘quv yilining yakunlanishi hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi arafasida ta’lim muassasalarining ta’mirlanishi bilan bog‘liq holatlar, shuningdek, yozgi ta’til vaqtida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari tashkil etilishi ortidan ko‘plab pedagoglarning mehnat huquqlari buzilish holatlari qayd etildi.
Umuman olganda, vazirlik 2025-yildagi faoliyatiga oid hisobotlarni joriy yil yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun kengaytirilgan matbuot anjumanini o‘tkazmay, tor doiradagi brifinglar bilan cheklandi.
Umumiy hisobda hozircha, 2025-yil uchun 2025-yil 28-fevral kuni “2024-yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi sohasiga doir Hukumatning ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar tafsiloti” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanidan tashqari OAV xodimlari va jurnalist, blogerlar bilan hech qanday uchrashuvlar tashkil etilmadi.
Shu sababli, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan tizimda yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar, yangiliklar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan ochiq va kengaytirilgan matbuot anjumani tashkil etilishini kutib qolamiz. Ushbu matbuot anjumani orqali vazirlikning kelgusi rejalari ochiqlanishi, sohadagi islohotlar mohiyatining keng ommaga tushunarli tarzda yetkazilishi tarafdorimiz.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tanaffus” podkastida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining axborot siyosati mavzusida suhbat o‘tkazilgandi.
Comments 0
Please register to comment!
News

The Ministry gave instructions on organizing "First Bell" and "Independence Lessons."

Attestatsiyadan norozi bo‘lgan o‘qituvchilar ishi sudda ko‘rib chiqildi

Now "Kelajak soati" classes will be held every Monday

Rectors appointed to universities under the Ministry of Preschool and School Education
News on the topic

This year, more than 202,000 pedagogues will take part in the attestation
243,541 pedagogues submitted online applications for certification, and more than 202,000 of them are expected to participate.

How to organize the "Day of Professional Development"? Ministry provided information
A press conference was held on the theme of "Day of Professional Development"

379 directors who took management courses did not receive certificates.
At the press conference, information was presented on the system of professional development, management training courses, as well as the processes of preparation for the international PISA study.

What news awaits teachers?
Information was provided on the changes and additions made to some government decisions in the field of preschool and school education by the relevant resolution of the Cabinet of Ministers.
Edit your comment