Top.Mail.Ru
O‘zbekiston TIMSS 2027 va PISA 2029 tadqiqotida ham ishtirok etadi

The website texts are translated by Google, errors possible!

O‘zbekiston TIMSS 2027 va PISA 2029 tadqiqotida ham ishtirok etadi

12:22 / 22.09.2026 108

O‘zbekiston so‘nggi yillarda ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholashga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va tegishli xalqaro tashkilotlar bilan imzolangan shartnomalarga muvofiq, ushbu xalqaro baholash dasturlarida Oʻzbekistonning ishtirokini taʼminlash boʻyicha Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti va uning huzuridagi xalqaro tadqiqotlar markazi masʼul etib belgilangan.


O‘zbekistonning PIRLS 2021, PISA 2022, TIMSS 2023, TALIS 2024 va PISA 2025 hamda PIRLS 2026 kabi tadqiqotlarda ishtiroki ta’lim tizimining natijalarini boshqa davlatlar bilan taqqoslash, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalaridagi o‘zgarishlarni kuzatish hamda mavjud muammolarni aniqlash imkoni beryapti.


Masalan, O‘zbekistonning TALIS 2024 tadqiqotidagi so‘rovnomasi natijalari orqali maktablaridagi akademik muhit, o‘qituvchi va maktab direktorlarining kasbiy faoliyati, ularning malaka oshirishlariga oid mavjud sharoitlar haqida xulosalar olingan. O‘zbekistonning TALIS 2024 tadqiqotidagi umumiy ko‘rsatgichlari esa Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ga a’zo davlatlar ko‘rsatkichidan ancha yuqorilab ketgan. 


Bunda o‘qituvchilarning 74 foizi o‘z maoshidan qoniqishini bildirgan, o‘qituvchilarning 90 foizi “maktabimizda ota-onalar o‘qituvchilarni qadrlaydi” degan fikrga qo‘shilgan, 90 foizdan ortiq pedagoglar o‘z muassasasidagi ish muhitini ijobiy baholagan, o‘qituvchilarning 87 foizi jamiyatda o‘qituvchilar qadrlanishini bildirgan hamda o‘qituvchilarining 95 foizi umuman olganda, o‘z ishidan mamnun ekanini bildirgan.


O‘zbekiston IEA, taʼlim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda PIRLS va TIMSS tadqiqotlarida ham ishtirok etdi. 4-sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholaydigan PIRLS 2021 tadqiqoti natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 57 davlat orasida (o‘rtacha balldan (500) sezilarli past (437 ball) natijani qayd etib, 49-o‘rinni egallagan.


TIMSS 2023 natijalariga ko‘ra esa O‘zbekistondagi 8-sinf o‘quvchilarining matematik savodxonlik bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 421 ballni tashkil etib, 44 ta ishtirokchi davlat orasida 32-o‘rinni egallagan. 8-sinf tabiiy fanlar (Science) savodxonligi bo‘yicha qatnashgan 44 ta davlat orasidan esa 396 ball bilan 39-o‘rinni egallagan. 


PISA 2022 tadqiqotida O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilar matematika fanidan jami 364 ball to‘plagan. Bu natijalar boshqa mamlakatlar bilan solishtirilganda, ancha past ko‘rsatgich hisoblanadi. PISA 2022 tadqiqotida jami 81 ta davlat ishtirok etgan bo‘lsa, O‘zbekiston ana shu mamlakatlar orasida 72-o‘rinni egallagan.


Bunda O‘zbekiston PISA 2022 tadqiqotining boshqa yo‘nalishlari — o‘qish savodxonligi bo‘yicha 336 ball bilan 81 ta mamlakat orasida 80-o‘rinni, tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha esa 355 ball bilan 81 ta mamlakat orasida 80-o‘rinni egallagandi.


Biroq, PISA 2025 tadqiqotidagi natijalar tabiiy fanlarda sezilarli o‘sish qayd etilganini ko‘rsatgan bo‘lsa (91 ta davlat ichida 438 ball bilan 48-oʻrin), matematika va o‘qish bo‘yicha ma’lumotlarning e’lon qilinmagani natijalarni to‘liq baholash imkonini cheklab qo‘ydi. 


OECD’ning 2026-yil 8-sentabr kungi PISA 2025 tadqiqotining dastlabki natijalari haqidagi hisobotida o‘zbekistonlik o‘quvchilarning matematika va o‘qish bo‘yicha javoblarida ayrim nomuvofiqliklar aniqlangani ma’lum qilindi. Ushbu nomuvofiqliklar ayrim maktablar va hududlarda ko‘proq uchragan hamda natijalarni boshqa davlatlar bilan yoki avvalgi yillar bilan taqqoslash imkonini bermagan.


PISA 2025da asosiy yo‘nalish sifatida tabiiy fanlar savodxonligi belgilangan. Matematika va o‘qish savodxonligi bo‘yicha natijalar yuzasidan qo‘shimcha tahlillar olib borilayotgani ma’lum qilingan. Biroq, mazkur tahlil natijalari qachon ochiqlanishi ham, o‘quvchilarning matematika va o‘qish bo‘yicha javoblarida aynan qanday nomuvofiqliklar kuzatilgani haqida ma’lumot berilmagan.


Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriligi Ta’lim sifatini baholash va monitoring qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi, PISA yetakchi tahlilchisi Abduqodir Karimberdiyevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston 2027-yilda 4- va 8-sinf oʻquvchilari TIMSS tadqiqotida ishtirok etishi rejalashtirilgan. 


Shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti oʻrtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, O‘zbekiston 2029-yilda PISA 2029 tadqiqotida ham ishtirok etadi. 


2029-yilda oʻtkaziladigan PISA tadqiqotida oʻquvchilarning matematika, oʻqish, tabiiy fanlar bilan bir qatorda media savodxonlik va sunʼiy intellekt boʻyicha bilim va qobiliyatlari baholanadi va 2029-yilda ustuvor yoʻnalish sifatida oʻqish savodxonligi belgilangan.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ulining ta’kidlashicha, vazirlik va tizim tashkilotlari tomonidan xalqaro baholash dasturlari natijalari asosida ta’lim sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va bu yo‘nalishdagi tizimli ishlar davom ettirilmoqda.


Ammo aynan shu yerda bir qancha savollar tug'iladi: Bu chora-tadbirlar nimalardan iborat? Ular qachon tasdiqlangan? Qaysi muammolar bo‘yicha qanday o‘zgarishlar amalga oshirilishi belgilangan? Qaysi tashkilot yoki mas’ul bunga javobgar?


PIRLS 2021, PISA 2022, TIMSS 2023, TALIS 2024 va PISA 2025 kabi tadqiqot natijalaridan keyin qanday xulosalar olindi va bu bo'yicha aynan qanday ishlar amalga oshirldi yoki oshirilmoqda?


Shu sababli, xalqaro tadqiqotlarda aniqlangan muammolar bo‘yicha qanday choralar ko‘rilayotgani, va bu qanday natija berayotgani haqida muntazam axborot berib borilmasa, ushbu tadqiqot natijalari ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarga qanday ta’sir ko‘rsatganini baholash qiyin.

Comments 0

Show more
Please register to comment!

Author of the article

Ulugbek Pulatov

Ulugbek Pulatov

Project founder

Tegs

  • international research

Share