Top.Mail.Ru
Ota-onalar o‘qituvchining darsini kamerada kuzatib turishi mumkinmi?

Ota-onalar o‘qituvchining darsini kamerada kuzatib turishi mumkinmi?

00:48 / 20.12.2024 3.10k

Savol 

Maktab sinf xonasida bo‘lib o‘tadigan dars jarayonini ota-onalar kuzatib borishi uchun videokamera o‘rnatishmoqchi? 


Buning tartibi qanday? Bu bo‘yicha ta’limga oid hujjatlarda nimalar deyilgan? Agar bu narsaga sinf ota-onalar yig‘ilishida qaror qilingan bo‘lsa qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?


Javob 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 31-avgust kungi 282-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”ga ko‘ra, o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari ta’lim muassasasidagi dars jarayoniga aralashishi mumkin emas.


Ota-onalar tomonidan sinf xonalariga kamera o‘rnatilib, dars jarayonini kuzatib borish ham dars jarayoniga aralashish hisoblanadi. Shuningdek, ushbu harakatlar qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa normalarga ham to‘g‘ri kelmaydi.


Davlat umumta’lim muassasalariga nazorat kameralarini o‘rnatish “Xavfsiz maktab” loyihasi doirasida amalga oshirilib kelinmoqda. Bunda sinf xonalarga ham kuzatuv kameralari o‘rnatilganligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.


Ya’ni, “Xavfsiz maktab” loyihasi doirasida sinf xonasiga ham kuzatuv kameralari o‘rnatish mumkindir, ammo kamera tasvirga olgan lavhalar jamoatchilikka taqdim etilmasligi lozim.


Pedagog xodimlarning xohishiga zid ravishda ular tomonidan o‘tilayotgan dars jarayoni videotasvirga yozib olinib, ularning ruxsatisiz uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas deb hisoblaymiz.


Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-5-moddasiga ko‘ra ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • dars jarayoni
  • Kuzatuv kamerasi

Ulashish