Top.Mail.Ru
Endi ayrim maktab bitiruvchilariga shahodatnomaga qo‘shimcha kasb-hunar bo‘yicha sertifikat ham beriladi

Endi ayrim maktab bitiruvchilariga shahodatnomaga qo‘shimcha kasb-hunar bo‘yicha sertifikat ham beriladi

11:26 / 25.07.2025 155

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarini o‘rgangan kasb-hunar bo‘yicha yakuniy imtihondan o‘tkazish va ularga davlat namunasidagi elektron sertifikat berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqidagi qo‘shma qarori imzolandi.


Endilikda, har yili 30-iyunga qadar kasb-hunarga o‘qitish joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga maktabda o‘rgangan kasb-hunari bo‘yicha sertifikat beriladi.


Buning uchun maktab bitiruvchilari o‘zining kasbiy ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha amaliy imtihon topshirishi kerak bo‘ladi.


Amaliy imtihon 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rgangan kasbiy ta’lim fani o‘quv dasturlari asosida o‘tkazilib, 56 va undan yuqori ball to‘plagan bitiruvchi amaliy imtihondan o‘tgan hisoblanadi.


O‘quv yili davomida kasbiy ta’lim fanidan bitiruvchining choraklik baholari kasbiy ta’lim ustasi tomonidan elektron platformaga kiritib boriladi.


Har yili 25-iyunga qadar kasbiy ta’lim fanidan amaliy imtihon baholari elektron platformaga kiritiladi hamda maktabning pedagogik kengashi bitiruvchilarga sertifikat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.


Bitiruvchi haqidagi barcha ma’lumotlar elektron platformaga kiritilganidan so‘ng sertifikat avtomatik tarzda shakllanadi hamda maktab va kasbiy ko‘nikmalar markazi direktori tomonidan elektron platforma orqali tasdiqlanadi.


Bitiruvchilarga sertifikat har yili 30-iyunga qadar, amaliy imtihonni qayta topshirgan bitiruvchilarga 10-iyulga qadar beriladi.


Ma’lumot uchun: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi har yili 1-aprelga qadar kelgusi o‘quv yilida kasb-hunarga o‘qitish joriy etiladigan maktablar ro‘yxatini shakllantiradi va tasdiqlaydi. 


O‘quvchilarni darsdan bo‘sh vaqtlarida kasb-hunarga o‘qitish joriy etiladigan maktablardagi tegishli bo‘sh binolar tadbirkorlarga tekin foydalanishga beriladi.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 2-fevraldagi PQ–53-son qarori imzolangandi.


Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-fevraldagi 78-sonli qarori bilan “O‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va tadbirkorlik subyektlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom ham tasdiqlangandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Kasb-hunar

Ulashish