Top.Mail.Ru
Endilikda 10-11 sinf o‘quvchilari tadbirkorlarga biriktirilib, ularga oylik to‘lanadi

Endilikda 10-11 sinf o‘quvchilari tadbirkorlarga biriktirilib, ularga oylik to‘lanadi

11:33 / 13.02.2025 395

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-fevraldagi 78-sonli qarori bilan “O‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va tadbirkorlik subyektlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-yildan boshlab o‘quvchilarni ularning iqtidori va qiziqishlariga mos kasb-hunarga yo‘naltirish, zamonaviy kasblar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 8-sinf o‘quvchilari uchun Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, agrotexnologiya sohalaridagi korxona va tashkilotlarga ekskursiyalar tashkil etadi.


Endilikda vazirlik har yili 1-aprelga qadar kelgusi o‘quv yilida kasb-hunarga o‘qitish joriy etiladigan maktablar ro‘yxatini shakllantiradi va tasdiqlaydi. O‘quvchilarni darsdan bo‘sh vaqtlarida kasb-hunarga o‘qitish joriy etiladigan maktablardagi tegishli bo‘sh binolar tadbirkorlarga tekin foydalanishga beriladi.


2024/2025-o‘quv yili yakuniga qadar maktablar bitiruvchilarini egallaydigan kasb-hunar bo‘yicha amaliy imtihondan o‘tkaziladi va ularga elektron sertifikat berish tartibi joriy etiladi.


O‘quvchilarni darsdan tashqari vaqtlarida kasb-hunarga o‘qitishda tadbirkorlarni jalb qilish amaliyoti 2025/2026-o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida tashkil qilinib, tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqqan holda, 2026-yil 1-iyulga qadar ushbu amaliyotni boshqa hududlarda ham joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.


Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish tashkil etilgan maktablarni mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan zarur jihoz va xomashyo bilan ta’minlaydi.


Tadbirkorlik subyektlari tomonidan kasb-hunarga o‘qitish tashkil etilgan maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilarini ularning ota-onasi yoki ularning bosuvchi shaxslardan birini xabardor qilish asosida kasb-hunarga o‘qitish jarayonida mehnat qonunchiligiga muvofiq tadbirkorlik subyektlarida belgilangan oylik ish haqining kamida 50 foizi miqdorida ish haqi olishni tashkil etish choralari ko‘riladi.


Maktablar va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlik quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:


  • birinchi yo‘nalish – Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishi joriy etilgan maktablarga tadbirkorlarning mutaxassislari yoki hunarmandlar kasbiy ta’lim ustasi lavozimiga (o‘rindoshlik asosida) jalb etiladi;


  • ikkinchi yo‘nalish – maktabning bo‘sh binosi “20 ming tadbirkor - 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga amaliy monomarkazni tashkil qilish uchun o‘quvchilarni darslardan bo‘sh vaqtlarida kasb-hunarga o‘qitish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida uch yilgacha bo‘lgan muddatga tekin foydalanishga beriladi.


“Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishi 10-11-sinflarda joriy etilib, mazkur yo‘nalishda o‘qitiladigan kasb-hunar turlari joriy o‘quv yilidan oldingi o‘quv yilining 9-sinf bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra aniqlanadi.


O‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra sinflar kasb-hunar turlariga ajratiladi. Bunda o‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqib, sinflar kasb-hunar turlari bo‘yicha qayta taqsimlanadi. Sinflar qayta taqsimlanganda, ularning soni maktabdagi mavjud sinflar sonidan oshirilmaydi.


Kasblar xar bir 10-11-sinfda haftasiga 3 soatdan - jami 6 soat o‘qitilib, bir sinfda ko‘pi bilan ikkita kasb o‘rgatiladi. Sinfdagi o‘quvchilar bir kasbni tanlaganda, ularning soni 25 nafar va undan ortiq bo‘lsa, mazkur kasb ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi.


Bir sinfdagi o‘quvchilar ikkita kasbni tanlaganda, ularning sonidan qat’i nazar, mashg‘ulotlar kasb turlari bo‘yicha ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi. Tadbirkorlar tomonidan maktablarda o‘quvchilarni darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarida “Ustoz-shogird” an’anasi asosida bepul kasb-hunarga o‘qitish uchun to‘garaklar tashkil etiladi.


Mazkur kasb to‘garaklariga kasbga qiziqishi bo‘lgan 7-11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi. Kasb to‘garaklarini tashkil etgan tadbirkorlar o‘quvchilarning xavfsizligi va ijtimoiy tengligini ta’minlash, to‘garak uchun zarur jihozlar va xomashyo bilan ta’minlash majburiyatini oladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Kasb-hunar

Ulashish