Top.Mail.Ru
Endilikda 11-sinf bitiruvchilari maktab bergan sertifikat bilan ishlashi mumkin bo‘ladi

Endilikda 11-sinf bitiruvchilari maktab bergan sertifikat bilan ishlashi mumkin bo‘ladi

15:00 / 07.04.2025 291

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarini o‘rgangan kasb-hunari bo‘yicha yakuniy imtihondan o‘tkazish va ularga davlat namunasidagi elektron sertifikat berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqidagi qo‘shma qarori loyihasi e’lon qilindi.


Endilikda o‘quvchilar ularning iqtidori va qiziqishlariga mos kasb-hunarga yo‘naltirilib, bitiruvchilar egallaydigan kasb-hunar bo‘yicha amaliy imtihondan o‘tkaziladi va ularga elektron sertifikat beriladi.


Kasb-hunarga o‘qitish dasturi doirasida yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlarga beriladigan sertifikat orqali maktab bitiruvchilari ishlash huquqini qo‘lga kiritadilar.


Bitiruvchilarga sertifikat har yili 25-iyunga qadar beriladi. Yakuniy imtihonni qayta topshirgan yoki ma’lum sabablarga ko‘ra kech topshirgan bitiruvchilarga sertifikat 1-iyulga qadar ham berilishi mumkin bo‘ladi.


Kasb-hunar bo‘yicha yakuniy imtihon maktab direktori buyrug‘i asosida tashkil etiladi. Imtihon kuni va vaqti oldindan belgilanib, 15 kun avval e’lon qilinadi. 


Baholash mezonlari va savollari vazirlik tomonidan ishlab chiqiladi. Imtihonni o‘tkazish uchun tarkibida kamida 5 nafar a’zo bo‘lgan komissiya tuziladi, ulardan ikkitasi ish beruvchilar bo‘lishi mumkin. 


Natijalar imtihon tugagan kunning o‘zida e’lon qilinadi, imtihonga qatnasha olmaganlar esa 1-iyulgacha qayta topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Har yili 25-iyunga qadar sertifikatlar tayyor bo‘ladi. U yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, platformadan yana yuklab olish mumkin.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 2-fevraldagi PQ–53-son qarori imzolangandi.


Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-fevraldagi 78-sonli qarori bilan “O‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitishda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va tadbirkorlik subyektlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom ham tasdiqlangandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Kasb-hunar

Ulashish