Top.Mail.Ru
Maktab davrida zo‘ravonlik qilgan abituriyentlar oliygohga qabul qilinmadi

Maktab davrida zo‘ravonlik qilgan abituriyentlar oliygohga qabul qilinmadi

23:35 / 10.11.2025 23

Janubiy Koreya ta’lim tizimida katta o‘zgarishlar yuz bermoqda, ya’ni mamlakatdagi olti yirik milliy universitet, jumladan Seul Milliy Universiteti (SNU), maktab davrida zo‘ravonlik qilgan 45 nafar abituriyentni ularning akademik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishiga qaramay o‘qishga qabul qilishdan bosh tortdi.


Bu voqea Koreya oliy ta’limining yondashuvida tub burilish yasadi. Endilikda talabaning bilimi bilan bir qatorda uning axloqiga ham muhim mezon sifatida qaralmoqda.


Janubiy Koreyada abituriyentlar odatda ikki asosiy yo‘nalish orqali o‘qishga topshiradilar:


  • Erta qabul – maktabdagi o‘qish natijalari, intervyular va tavsiyanomalarga asoslanadi;


  • Asosiy (yoki muntazam) qabul – asosan milliy test natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi.


Seul Milliy Universiteti tomonidan rad etilgan ikki abituriyent odatiy qabul yo‘li orqali ariza topshirgan bo‘lib, ularning test natijalari juda yuqori bo‘lishiga qaramay, maktab yillaridagi intizomiy, ya’ni zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlar tufayli o‘qishga qabul qilinmadi.


Aslida 2014-yildan beri Seul Milliy Universiteti maktabda zo‘ravonlik sodir etgani uchun boshqa maktabga o‘tkazilgan yoki chetlashtirilgan abituriyentlardan test natijasidan ikki ballgacha chegirib tashlay boshlagan. Endi esa boshqa milliy universitetlar ham shunga o‘xshash qat’iy siyosatni qo‘llay boshladi.


Islohotni boshlab bergan voqea


2023-yilda sobiq prokuror Chung Sun-sinning o‘g‘li bilan bog‘liq mojaro jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. U maktabdagi zo‘ravonligi tufayli boshqa o‘quv muassasasiga o‘tkazilganiga qaramay, Seul Milliy Universitetiga qabul qilingan edi.


Ushbu holat butun mamlakat bo‘ylab keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. Natijada hukumat barcha universitetlarga nisbatan qat’iy qoidalarni joriy etdi.


Shu sababli, 2026-o‘quv yilidan boshlab barcha universitetlar maktab davrida zo‘ravonlik qilgan abituriyentlarni ularni qanday shaklda o‘qishga topshirganidan qat’i nazar baholarini kamaytirish majburiyatini olishi belgilandi.


Bu islohotni ko‘pchilik adolatli deb baholayotgan bo‘lsa-da, bu qarorlar yangi muammolarni ham yuzaga chiqarmoqda. Endilikda zo‘ravonlikda ayblangan ko‘plab o‘quvchilar advokat yollab, intizomiy qarorlarni sud orqali bekor qilishga urinmoqda.


Huquqshunoslarning ta’kidlashicha, bu jarayon tobora tijoratlashib borayotgan sohaga aylanib, ayrim advokatlik firmalari maktab mojarolarini daromad manbaiga aylantirmoqda.


Ayni vaqtda Janubiy Koreyada jamoatchilik fikri ikkiga bo‘lingan. Ayrimlar universitetga kirishda axloqiy fazilatlar ham inobatga olinishi tarafdori. Ularning fikricha, bu zo‘ravonlikka qarshi kurashish va ijtimoiy mas’uliyatni mustahkamlash uchun zarur qadam.


Boshqalar esa bunday siyosatni nohaqlik deb hisoblamoqda. Ular o‘smirlik davridagi xatolar tufayli kelajakdagi kasbiy o‘sish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi, demoqda.


Eslatib o‘tamiz, yaqinda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirish, o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni sudlanmagan deb hisoblashning alohida tartibi belgilangandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Zo'ravonlik
  • Janubiy Koreya

Ulashish