Endilikda oliy toifali o‘qituvchilar magistraturaga maqsadli qabul qilinadi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-iyundagi 322-son qarori bilan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilarni pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichiga maqsadli qabul qilish tizimi joriy etildi.
Qarorga binoan, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab oliy toifali o‘qituvchilar Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida maqsadli magistraturada tahsil ola boshlaydi.
O‘qish masofaviy ta’lim shaklida, ya’ni ishdan ajralmagan holda amalga oshiriladi. Biroq, magistraturani tugatgandan so‘ng o‘qituvchilar uch yil davomida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida ishlab berish majburiyatini oladi.
Qarorda yana bir muhim jihat belgilangan. Maqsadli magistraturaga qabul qilingan oliy toifali o‘qituvchilarga nisbatan davlat oliy ta’lim muassasalarida magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini davlat budjeti hisobidan qoplash tartibi tatbiq etilmaydi. Ya’ni ushbu toifadagi talabalar mazkur imtiyozdan foydalana olmaydi.
Maqsadli magistraturaga qabul oliy ta’lim tashkilotlarida magistraturaga o‘qishga qabul qilishning belgilangan tartibiga muvofiq amalga oshiriladi. Ariza beruvchilar har yili 10-iyuldan 10-avgustga qadar YIDXP yoki maxsus platforma orqali ro‘yxatdan o‘tadi va so‘rovnomani to‘ldirib tasdiqlaydi.
Ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari avtomatik tarzda tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga yuboriladi. Qabul natijalari esa har yili 30-avgustga qadar e’lon qilinib, ariza beruvchiga shaxsiy kabineti orqali xabar beriladi.
Ariza topshirish jarayonida talabgor shaxsiy ma’lumotlarini — familiyasi, ismi, pasport yoki ID-karta ma’lumotlari, fuqaroligi, telefon raqami va elektron pochta manzili (agar mavjud bo‘lsa)ni taqdim etadi. Shu bilan birga, o‘qigan oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat yo‘nalishi, hamda kirish istagini bildirgan oliy ta’lim tashkiloti, ta’lim yo‘nalishi, shakli va tili haqidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi.
Agar tizimda ma’lumot mavjud bo‘lmasa, tegishli oliy ta’lim muassasasidan uch ish kuni ichida tasdiq olinadi. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari diplomlari esa “Nostrifikatsiya” axborot tizimi orqali tekshiriladi. Agar unda ham ma’lumot bo‘lmasa, tegishli oliy ta’lim muassasasidan qo‘shimcha tasdiq so‘raladi. Bunda xorijiy davlatlarda 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlar belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi shart.
Qabul komissiyasiga tavsiya etilgan nomzodlar oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasini (yoki davlat granti asosida tahsil olganlar uchun diplom ko‘chirmasining asl nusxasini) taqdim etadi. Soxta hujjatlar aniqlangan taqdirda talabgor o‘qishga qabul qilinmaydi, agar qabul qilingan bo‘lsa, talabalar safidan chetlashtiriladi va bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan har yili umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, oliy toifali o‘qituvchilarni maqsadli magistraturaga qabul qilish parametrlari davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritib boriladi.
Izohlar 12
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Vazirlik o‘qituvchilarga “Canva” uchun 20 million dollar to‘ladimi?
Davlat oliygohlariga hujjat topshiruvchilar soni tobora kamayib boryapti
Jazirama issiqdan xodimlarni himoya qilish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar aytildi
Bog‘chalardagi ommaviy zaharlanish ishi: 11 nafar ayblanuvchiga sud hukmi o‘qildi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Davlat oliygohlariga hujjat topshiruvchilar soni tobora kamayib boryapti
2026-yilda 677 907 nafar abituriyent davlat oliygohlarida o‘qish istagida onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Bu 2020-yildagi raqamlardan deyarli ikki barobar kam.
Oliy ta’lim
O‘zbekistonning ayrim oliygohlarida bir nafar professor-o‘qituvchiga 200 nafardan ortiq talaba to‘g‘ri kelmoqda
2026-yil iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta‘lim tashkilotlarida 1 605 028 nafar talaba tahsil olmoqda hamda 61 088 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Respublika bo‘yicha bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 30,3 nafar talaba to‘g‘ri keladi.
Yangiliklar
Kirish imtihonida qatnashgan abituriyentlarning atigi uchdan bir qismi talabalikka tavsiya etildi
Joriy yilning 13-iyun kuni Profi University'da o‘tkazilgan kirish imtihonlarida 3139 nafar abituriyent ishtirok etdi. Imtihon natijalariga ko‘ra, abituriyentlarning 782 nafari yoki 25 foizi talabalikka tavsiya etildi.
Yangiliklar
Endi bog‘chalardagi o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar 5+1 dasturi asosida oliygohda o‘qishi mumkin
Davlat va (yoki) nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarida kamida uch yil davomida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar OTM bakalavriatiga o‘tkazilayotgan test sinovlari asosida qabul qilinadi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang