Top.Mail.Ru
O‘qituvchilardan yashash xonadonini suratga olib yuborish talab qilinmoqda

O‘qituvchilardan yashash xonadonini suratga olib yuborish talab qilinmoqda

14:09 / 29.07.2026 477

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatida o‘tkazilayotgan “Eng namunali xonadon” tanlovi yuzasidan turli xabarlar tarqalmoqda. Xususan, o‘qituvchilardan tanlovda ishtirok etish uchun o‘z uylarining turli qismlarini suratga olib yuborish talab qilinayotgani aytilmoqda.


Jurnalist Ibrat Safo ushbu holatni tanqid qilib, tanlov uchun ishtirokchilar topishda qiyinchilik yuzaga kelgani sababli navbatdagi vazifa yana maktablar zimmasiga yuklangani haqida yozdi.


Muallifning ta’kidlashicha, mahalla aholisi orasida tanlovga qiziqish past bo‘lgani bois, tanlovni tashkil etayotganlar o‘qituvchilarni jalb etishga qaror qilgan. Buning uchun esa maktablarga tegishli ko‘rsatmalar yuborilgani va pedagoglardan o‘z xonadonlarining turli burchaklarini suratga olib jo‘natish so‘ralayotgani aytilmoqda.


Uning fikricha, bu kabi topshiriqlar o‘qituvchilarning shaxsiy hayotiga daxldor bo‘lib, pedagoglarni o‘z xonadonlarini begona shaxslarga namoyish etishga majbur qilish to‘g‘ri emas.


Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, ayrim maktablarda tanlov ishtirokchilari bo‘yicha ro‘yxatlar ham shakllantirilayotgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. 


Pedagoglardan bunday tanlovlarda majburiy tartibda qatnashish, shaxsiy uy-joyini suratga olib yuborish talab qilinayotgani o‘qituvchilarning shaxsiy hayot daxlsizligiga ham zid hisoblanadi. Bu haqda bloger va jamoatchilik faollari ham yozmoqda.

Xususan, bloger Laziz Hamidov buning o‘rniga o‘qituvchilarning oylik maoshi va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga e’tibor qaratish kerakligini aytdi.

O‘qituvchilar bu oddiy mehnatkash xodim bo‘lsa, ularni shaxsiy uyi, hojatxonasi yoki hovlisini rasmga olib hisobot berishga majburlash shaxsiy hayot daxlsizligiga zid. Bunaqa ahmoqgarchiliklar o‘rniga o‘qituvchilarning oylik maoshi va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga e’tibor qaratishsa nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. 

Lekin jamoatchilik oldida haqiqiy hisobdor bo‘lgan amaldorlar — hokimlar, vazirlar va agentlik rahbarlari o‘rtasida shunday tanlov o‘tkazishsa arziydi. Ana ular daromadlari-yu, mol-mulklarini rasmga tushirib, kerak bo‘lsa video qilib bo‘lsa ham xalqqa hisob bersin”, - deydi Laziz Hamidov.

Bloger, pedagog Isroil Tillaboyev esa bunday tadbirlarni tashkillash uchun yana oqituvchilardan foydalanilganini tanqid qildi.

“Tanlov tashkilotchilari boshlashga boshlab qo‘yib, ishtirokchilarni topishga qiynalishmoqda shekilli. Chunki kimga zarur bunday tanlovga qatnashish,  ayniqsa uyushmagan mahalla aholisiga. Shunda “pojar” payti o‘t o‘chiruvchilar yodga tushgandek yana kimnidir hayoliga maktab esga tushgan. To‘g‘rida, hamma mahallada o‘qituvchilar bor-ku! 

Darhol namunaviy ko‘rsatma berilibdi va tanlovda qatnashishga topshiriq berilibdi. Naqadar iltifot, oliyjanoblik! Hali har bir maktab ro‘yxati yuritilayotgan bo‘lsa ham ajablanmayman. Tinib-tinchimagan tanlovchilar nimalarni o‘ylab topishmaydi, nimalarga majburlashmaydi, qo‘yib bersang”, - deya post qoldirgan Isroil Tillaboyev.

Bohsqa pedagoglarning yozishicha, bunday holat boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda. Hozircha holat yuzasidan Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi yoki tanlov tashkilotchilari tomonidan rasmiy izoh berilmadi.

Izohlar 4

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Majburiy mehnat

Ulashish