Top.Mail.Ru
Pensioner o'qituvchilar o'rnini yosh kadrlarga qanday qilib bo'shatish mumkin?

Pensioner o'qituvchilar o'rnini yosh kadrlarga qanday qilib bo'shatish mumkin?

10:14 / 13.08.2026 8.83k

Savol

Qanday qilib pensiyadagi ustozlarga endi yoshlarga yo‘l berish kerakligini tushuntirish mumkin. Yosh kadrlar energiyasidan bilimidan foydalanish, qo‘llab-quvvatlash kerakligini qanday tushuntirish mumkin. Pensiyadagilar ishdan ketishni ham, yoshlarga yo‘l berishni ham bilmaydi. Iltimos maslahat bering.


Javob

Pensioner xodim bilan mehnat munosabatlarini tugatish masalasi oson hal qilinadigan masala emas. Chunki xodimning pensiya yoshiga yetgani uning ishdan bo‘shatilishi uchun asos bo‘lolmaydi. Mehnat shartnomasini bekor qilish uchun Mehnat kodeksida nazarda tutilgan aniq va qonuniy asos mavjud bo‘lishi, belgilangan tartib-taomillarga rioya qilinishi kerak.

 

Shu sababli maktabda yosh kadrlarga imkoniyat yaratish maqsadida nafaqadagi pedagog bilan mehnat munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishda “endi yoshlarga yo‘l bering” qabilidagi oddiy yondashuv yetarli bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda qonunchilik doirasida qanday yo‘llardan foydalanish mumkin va qaysi hollarda mehnat shartnomasi qonuniy ravishda bekor qilish mumkin? Quyida shu savollarga amaldagi mehnat qonunchiligi asosida javob beramiz.


O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 4-moddasida har kim mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega ekanligi qayd etilgan.

 

Shuningdek, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish taqiqlangan bo‘lib, jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashg‘ulotlar sohasida biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek biror-bir to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitish hisoblanishi alohida qayd etib o‘tilgan.

 

Shuni alohida qayd etish lozimki, dars taqsimotida o‘qituvchining yoshi rol o‘ynamaydi. Bunda o‘qituvchining amaldagi malaka toifasi hamda u erishgan natijalariga e’tibor qaratiladi. Har qanday holatda ham o‘qituvchilarga dars soatlari “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida” nizom bilan belgilab berilgan ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi.

 

O‘qituvchi pensioner ekan, unga kamroq dars berish yoki umuman dars bermaslik kerak degan qoida yo‘q. Lekin pensioner xodimning hech qanday yutuqlari bo‘lmasa, u dars beradigan sinfning ta’lim sifati past bo‘lsa, yetarlicha ko‘rsatgichlari mavjud bo‘lmasa bu vaziyatda o‘z fanining mutaxassisi, bir qancha natijalarga erishib, malaka toifasiga ega bo‘lgan xodimga ko‘proq dars soatlari berish mumkin. Shu tariqa yutuqlari mavjud bo‘lmagan pensioner xodimning dars soatlarini bosqicha-bosqich kamaytirib borish mumkin.


Pensioner xodimni direktor ishdan bo‘shatish mumkinmi?


Hozirgi kunda pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan xodimni ishdan bo‘shatish mumkin emas. Mehnat kodeksining eski tahririda xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi, qonunchilikka muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lganda shartnoma ish beruvchining tashabbusiga asosan bekor qilinishi mumkin edi. Biroq, amaldagi Mehnat kodeksida bunday qoida mavjud emas. 


Agar ish beruvchi pensiya yoshidagi pedagogni shu asos bilan ishdan bo‘shatsa, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash prinsipini buzgan hisoblanadi. Bunday harakat mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hisoblanib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 49-moddasiga asosan, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, pensioner xodim bilan boshqa asoslar bilan shartnomani bemalol bekor qilish mumkin. Masalan, pensioner aybli xatti-harakatlar sodir etsa u bilan mehnat shartnomasini mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi yoki xodimning o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi munosabati bilan, eng asosiysi ta’lim sohasida ko‘p uchraydigan holat – malakasi yetarli emasligi sababli bekor qilish mumkin va hokazo.


Pensioner xodimni malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli ishdan bo‘shatish tartibi qanday?


Hozirgi kunda amaliyotda pedagog xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini attestatsiya natijalariga asoslangan holda, xodimning malakasi yetarli emasligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi vajidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 3-bandiga binoan bekor qilish holatlari ko‘p uchramoqda. 


Biroq bunday holatda attestatsiya natijasining o‘zi mehnat shartnomasini avtomatik ravishda bekor qilish uchun yetarli asos bo‘ladimi yoki ish beruvchi tomonidan xodimning malakasi yetarli emasligini boshqa dalillar bilan ham asoslash talab etiladimi, degan masala amaliy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi. 


Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga 1-ilova “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” nizom pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi. Mazkur nizomning 44-bandiga ko‘ra, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega. 


Nizomning 44-1-bandiga ko‘ra, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyaga ko‘pi bilan ikki marta jalb etiladi. Bunda ikki martadan birortasida ham navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘ta olmagan yoki uzrli sababsiz (kasallikka chalinishi oqibatida uzoq muddatli mehnatga qobiliyatsizlik hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari hollarda) attestatsiyada ishtirok etmagan pedagog kadr bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli bekor qilinadi. 


Biroq, attestatsiyadan o‘tolmagan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda mehnat qonunchiligida belgilangan talablarga to‘liq rioya qilinishi lozim. Ish beruvchi xodimning malakasi yetarli emasligi to‘g‘risidagi xulosalar aks etgan attestatsiya komissiyasining xulosasini olganidan keyin Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 3-bandiga binoan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli. 


Bunda ish beruvchi MK 144-moddasi va 161-moddasi 3-qismiga ko‘ra avval xodimga mutaxassisligi bo‘yicha bir muncha kam malaka talab etiladigan boshqa ishni, bunday ish bo‘lmagan taqdirda tashkilotda mavjud bo‘lgan boshqa ishni taklif etishi shart. 


Bunda ish beruvchi attestatsiyadan o‘tmadi deb xulosa qilingan xodimga bir muncha kam malaka talab etiladigan boshqa ish taklif qilgan, xodim esa taklifga rozilik bildirgan taqdirda xodimni o‘sha ishga o‘tkazish kerak bo‘ladi. 


Attestatsiyadan “yiqilgan” xodim bilan mehnat munosabatlarini quyidagi holatlarda bekor qilish mumkin: 


  • agar u boshqa ishga o‘tishdan bosh tortsa; 


  • agar tashkilotda bo‘sh ish o‘rni bo‘lmasa. 


Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 26 son qarori 59-bandiga ko‘ra, mehnat shartnomasi MK 143-moddasining ikkinchi qismi, 161-moddasi ikkinchi qismining 2, 3-bandlari, 168-moddasi birinchi qismining 2, 4, 5 va 9-bandlari, 489-moddasi birinchi qismining 1 bandi asosida bekor qilinayotganda ish beruvchi xodimni shu tashkilotning oʻzida ishga joylashtirish choralarini koʻrishga majbur. 


Shu sababli, attestatsiyadan o‘ta olmagan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda yuqorida nazarda tutilgan mehnat qonunchiligi talablariga to‘liq rioya qilgan holda choralar ko‘rish lozim. Mehnat qonunchiligiga rioya qilinmasa, ishdan bo‘shatilgan xodim sud orqali qayta ishga tiklanishi mumkin. 


Xo‘sh, bu borada sudlar nimalarga e’tibor qaratadi? 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 26 sonli qarorining 29-bandida sudlarga muhim bir jihat alohida tushuntirilgan. Ushbu hujjat xodimni malakasi yetarli emasligi sababli ishdan bo‘shatish faqat attestatsiya komissiyasining salbiy xulosasiga asoslanmasligini alohida ta’kidlaydi. 


Shu sababli, ish beruvchi xodimning aynan mehnat shartnomasida nazarda tutilgan vazifalarni bajara olmayotganini aniq va ishonchli dalillar bilan isbotlashi lozim. Attestatsiya xulosasi esa bunday dalillardan faqat bittasi hisoblanadi va sud uni ishdagi boshqa barcha dalillar bilan birgalikda baholaydi. 


Agar xodim amalda o‘z vazifalarini lozim darajada bajarayotgan bo‘lsa yoki attestatsiya qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazilmagan bo‘lsa, sud buni Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi asosida ishdan bo‘shatish noqonuniy deb topishi mumkin. 


Endi Oliy sud Plenumining 26-sonli qarori 29-bandidagi MK 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandiga doir talablar qatoridagi “attestatsiya komissiyasining xulosasi xodimning malakasi yetarli emasligini tasdiqlovchi dalillardan biri bo‘lib, u ish yuzasidan barcha dalillar yig‘indisi asosida sud tomonidan baholanadi” degan normaga alohida e’tibor qaratsak. 


Ma’lumki, pedagoglar xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida tashkil etiladi. Shu sababli, sudlar, avvalo, attestatsiya belgilangan tartibda o‘tkazilgan-o‘tkazilmaganini tekshiradi. Agar attestatsiya qonunchilik talablariga muvofiq o‘tkazilgan bo‘lsa, odatda ushbu jarayonning o‘zi mehnat nizosining asosiy bahs mavzusi bo‘lmaydi. 


Bunday hollarda sud asosan ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilishda Mehnat kodeksi talablariga, xususan xodimga boshqa ish taklif etish va uning malakasi yetarli emasligini tegishli dalillar bilan asoslash majburiyatiga rioya qilgan-qilmaganini baholaydi. 


Attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagogni ishdan bo‘shatishda qanday hujjatlar rasmiylashtirilishi kerak?

Mehnat qonunchiligi va Oliy sud Plenumi qaroridan kelib chiqadigan bo‘lsak, ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin qonunchilikda belgilangan barcha tartiblarga rioya qilishi hamda har bir bosqichni tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtirishi lozim. 


Xususan, odatda quyidagi hujjatlar rasmiylashtiriladi:


  • attestatsiya komissiyasining xodim attestatsiyadan o‘ta olmaganligi to‘g‘risidagi bayoni (yoki xulosasi); 


  • xodimga mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkinligi haqida yozma ogohlantirish xati (MK 165-moddasiga ko‘ra ikki hafta oldin); 


  • xodimga mutaxassisligi bo‘yicha bir muncha kam malaka talab etiladigan, bunday ish bo‘lmasa tashkilotdagi boshqa bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etish haqidagi yozma taklif (MK 144-moddasi talablari bo‘yicha); 


  • xodimning ushbu taklifga rozilik bildirganligi yoki rad etganligini tasdiqlovchi hujjat (ariza yoki dalolatnoma); 


  • qonunchilik talab etadigan hollarda kasaba uyushmasining tegishli hujjatlari (MK 164-moddasi talablari bo‘yicha); 


  • shundan keyingina Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3 bandiga asosan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq. 


Oliy sud Plenumi qarorida keltirilgan misolda ham aynan shu kabi hujjatlar — attestatsiya komissiyasi bayoni, ogohlantirish xati, boshqa ishni taklif qilish to‘g‘risidagi hujjat, xodimning taklifni rad etganligini tasdiqlovchi dalolatnoma hamda kasaba uyushmasining tegishli hujjatlari mavjud bo‘lgani sud tomonidan e’tiborga olingan. 


Demak, attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagogni ishdan bo‘shatishda faqat attestatsiya komissiyasining salbiy xulosasi bilan cheklanib bo‘lmaydi. Ish beruvchi mehnat qonunchiligida belgilangan barcha tartiblar bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirgan bo‘lishi kerak. Aks holda, mehnat shartnomasini bekor qilish sud tomonidan noqonuniy deb topilishi va xodim ishga tiklanishi mumkin. 


Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish juda ham nozik masala hisoblanadi. Shu sababli, ish beruvchilar bunday vaziyatlarda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishlari lozim. Maslan, ba’zi xodimlarni attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda ham ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi. 


Mehnat kodeksining 163-moddasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishni taqiqlovchi bir qancha asoslar keltirib o‘tilgan. Attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagog bilan mehnat shartnomasini bekor qilish ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra amalga oshiriladigan jarayon hisoblanadi. Shu sababli, bunday hollarda Mehnat kodeksining 163 moddasida belgilangan cheklovlarga ham rioya etilishi shart. 


Xulosa qilib aytganda, pensioner xodim bilan bog‘liq masalada asosiy mezon uning yoshi emas, kasbiy faoliyati, malakasi va mehnat natijalari inobatga olinishi kerak. Yosh kadrlarga imkoniyat yaratish zarur, biroq bu jarayon qonunchilik asosida tashkil etilishi maqsadga muvofiq. 


Shu bois har bir holat individual baholanib, qaror qabul qilishdan oldin mehnat qonunchiligidagi barcha talablar sinchiklab tekshirilishi lozim. Shu sababli, bunday qarorni qabul qilishdan oldin yurist yoki mehnat huquqi bo‘yicha mutaxassislar bilan maslahatlashish kelgusidagi mehnat nizolarining oldini olishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz. 

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Pensiya

Ulashish