O‘qituvchida yillik ish reja bo‘lmagani uchun unga hayfsan berilishi to‘g‘rimi?
Savol
Maktabga “rayono”dan tekshiruv keldi va hujjatlar so‘raldi. Lekin mendan hech qanday hujjat, ish reja talab qilinmadi va undan so‘ng bo‘lgan majlisda sizda yillik ish rejani qog‘oz varianti yo‘q edi, tushuntirish xati yozing, deyishdi.
O‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosaridan buni nimaga yozaman deb so‘rasam, yozib beravering, hech narsa qilmaydi deb turib oldi. Endi menga yillik ish rejani qog‘oz varianti bo‘lmagani uchun hayfsan e’lon qilinib, ustamalarim to‘xtalishi haqidagi hujjatga qo‘l qo‘yib berishimni so‘rashyapti.
Yillik ish rejani elektron yuritib, qog‘oz variantini yuritmaganim uchun menga hayfsan e’lon qilinishi to‘g‘rimi?. Qog‘oz variantini yuritish majburiyligi haqida qonuniy hujjat bormi?
Javob
Eng birinchi galda ta’lim tashkilotlarini tekshirish masalasiga to‘xtalib o‘tsak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli farmoni 4-bandiga muvofiq 2023-yil 1-sentabrdan boshlab tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash bo‘yicha vakolatlari bekor qilingan. Shu sababli, tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimlari ta’lim tashkiloti xodimlarining faoliyatini tekshirishga haqli emas.
Agar bo‘lim xodimlari boshqa tashkilot nomidan tekshirish vakolati bilan kelgan bo‘lsa, u holda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-apreldagi 352-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablariga to‘liq rioya qilgan holda ta’lim tashkilotini tekshirishi lozim.
O‘qituvchiga qo‘llanilayotgan intizomiy jazo chorasi masalasiga kelsak, bu vaziyatda ham pedagog xodimga noto‘g‘ri ayblov qo‘yilgan. Ma’lumki, pedagog xodimlar tomonidan yuritiladigan hujjatlar soni Xalq ta’limi vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018-yil 27-iyuldagi 9-mh va 19-q/q-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma bilan tartibga solinadi.
Yo‘riqnomaning 15-bandiga ko‘ra umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilarining dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.
15-banding 3-xatboshiga ko‘ra, pedagog xodimlar tomonidan faqatgina sinf jurnali (bosma yoki elektron) yuritilishi belgilangan. Shu sababli, o‘qituvchidan yillik ish rejaning qog‘oz ko‘rinishidagi variantini talab qilish hamda bunday hujjat mavjud bo‘lmaganligi uchun pedagog xodimga hayfsan intizomiy jazo chorasini qo‘llash g‘ayriqonuniy harakat hisoblanadi.
Mehnat kodeksining 301-moddasiga asosan, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishi xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Intizomiy qilmish deganda xodim tomonidan o‘z mehnat majburiyatlarini aybli tarzda, g‘ayriqonuniy ravishda bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi (mehnat (lavozim) majburiyatlarining buzilishi) tushuniladi.
Mehnat kodeksining 313-moddasiga asosan, har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi mumkin. Mehnat intizomi barcha xodimlarning mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, jamoa kelishuvlariga, jamoa shartnomasiga, shuningdek ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqa ichki hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq belgilangan xulq-atvor qoidalariga majburiy bo‘ysunishidir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Mehnat kodeksiga binoan, xodimga intizomiy jazo qo‘llash uchun, avvalo, uning xizmat vazifalarini buzganligi asos bo‘ladi.
O‘quvchidan qonunchilikda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib, mazkur hujjat bo‘lmaganligi sababli o‘qituvchini jazolash mutlaqo asossizdir, chunki bu o‘qituvchi zimmasidagi majburiyatlarning bevosita buzilishi hisoblanmaydi.
Pedagog xodim holat yuzasidan hududiy mehnat inspeksiyasi, prokuratura yoki sud organlariga murojaat qilishi mumkin.
Izohlar 2
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
O‘qituvchilar attestatsiyasini o‘tkazuvchi markaz boshqa tashkilotga qo‘shib yuborildi
Ta’lim va ilm-fan vaziriga o‘rinbosarlar tayinlandi
Buvayda tumanida 400 o‘quvchiga mo‘ljallangan fan olimpiadalari markazi qurildi
Xususiy maktab va universitetlarda ichki ishlar inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Prezident qarori bilan o‘qituvchilarga ustama to‘lab berishdagi muammolar ijobiy hal etildi
Pedagoglarga iyun-avgust oylarida ustama to'lab berish muammoga aylangandi
So'ragan edingiz
Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimi ustama hujjatlarini tekshirishga haqlimi?
Ular ustama hujjatlarini tekshirishga haqli emas
Yangiliklar
"O'qituvchilardan ushlab qolingan pullar qaytarib beriladi" — kasaba uyushmasi
Buxgalter o‘zboshimchalik bilan o‘qituvchilarning oylik maoshidan ushlab qolgandi
Yangiliklar
Qashqadaryolik o'qituvchilarning oylik maoshidan millionlab pullar o'zboshimchalik bilan ushlab qolinmoqda
Shahrisabz shahrining qolgan barcha ta'lim muassasalarida ham xuddi shu ahvol
O'zbek
Izohingizni tahrirlang