Maktablarda kuzgi ta’til boshlandi: ota-onalarga qo‘shimcha ta’til beriladimi?
Maktab o‘quvchilari kuzgi ta’tilga chiqqanida, ularning ota-onalari ham farzandlari bilan birga bo‘lish uchun ishdan qo‘shimcha ta’til olishi mumkinmi? Bunday imkoniyat barcha ota-onalarga beriladimi yoki buning uchun qonunchilikda alohida talablar mavjudmi?
Biroq ushbu xabarlar huquqiy normalarning mazmunini to‘liq aks ettirmaydi. Shu sababli Mehnat kodeksining tegishli moddalarida qanday kafolatlar belgilanganini, ulardan kimlar va qanday tartibda foydalanishi mumkinligini batafsil ko‘rib chiqish lozim.
Mehnat kodeksida bunday qoida mavjud emas
Mehnat kodeksida maktab o‘quvchisi kuzgi, qishki yoki bahorgi ta’tilga chiqsa, uning ota-onasiga qo‘shimcha ta’til berilishi haqida hech qanday norma yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu xabarni tarqatayotganlar Mehnat kodeksining 401- va 402-moddalarini misol qilib ko‘rsatmoqda. Natijada go‘yoki maktab o‘quvchisi ta’tilga chiqsa, uning ota-onasiga ham ta’til berilar ekan, degan tasavvur paydo bo‘lmoqda. Buning sababi — xabarlar tahlil qilinmasdan tarqatilmoqda. Aslida havola qilinayotgan moddalarning mazmuni boshqa. Quyida ularning mohiyatini batafsil tushuntirib o‘tamiz.
401-modda: to‘rt kalendar kunlik haq to‘lanadigan ta’til
Mehnat kodeksining 401-moddasiga ko‘ra, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq bolasi bo‘lgan yoxud o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ota-onadan biriga to‘rt kalendar kun haq to‘lanadigan ta’til beriladi.
E’tibor bering: bu normaning maktab o‘quvchilarining kanikullariga hech qanday daxli yo‘q.
Agar sizning o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki nafar farzandingiz bo‘lsa, sizga to‘rt kalendar kunlik ta’til beriladi. Bu — haq to‘lanadigan ta’til. Ushbu ta’til har yilgi mehnat ta’tilingizga qo‘shib beriladi.
Masalan, Mehnat kodeksining 217-moddasiga ko‘ra yillik mehnat ta’tilingiz eng kam 21 kun bo‘lsa, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki nafar farzandingiz yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bitta farzandingiz borligi sababli ta’tillar jadvaliga ko‘ra ta’tilga chiqayotganingizda ushbu to‘rt kun qo‘shib beriladi.
To‘rt kunlik ta’tilni alohida yoki qismlarga bo‘lib, masalan, bir kundan to‘rt marta olish ham mumkin. Biroq bu faqat ish beruvchi bilan kelishilgan holda va tegishli ish yili davomida amalga oshiriladi. Uni keyingi ish yillariga ko‘chirib bo‘lmaydi.
Ish beruvchining roziligi shart
Masalan, “Farzandlarim kanikulga chiqdi, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki nafar farzandim bor, to‘rt kunlik ta’tilni olmoqchiman”, deb ariza yozsangiz, ish beruvchi rozi bo‘lsa, ta’tilni beradi. Agar ish beruvchi: “Ish ko‘p, hozir bu ta’tilni bera olmayman, lekin har yilgi mehnat ta’tilingizga chiqayotganingizda qo‘shib beraman”, desa, bunga uning huquqi bor.
Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan har qanday xabarga ishonib, “Mening to‘rt kunlik ta’tilim bor ekan, uni farzandlarimning kuzgi kanikulida olaman”, deb talab qo‘yib bo‘lmaydi. Ish beruvchi xohlasa, bu to‘rt kunni beradi.
Chunki 401-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, ushbu to‘rt kunlik ta’tilni alohida yoki qismlarga bo‘lib olish mumkin, biroq buning sharti — ish beruvchi bilan kelishilgan bo‘lishidir.
Ta’til kimlarga berilmaydi
Agar o‘n ikki yoshga to‘lmagan faqat bitta sog‘lom farzandingiz bo‘lsa, to‘rt kunlik ta’til berilmaydi. Bu ta’tilni olish uchun o‘n ikki yoshga to‘lmagan kamida ikki nafar farzand yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bitta farzand bo‘lishi kerak.
Ikki toifaga bir vaqtda kirganda
Qiziq holat: xodimning o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki nafar farzandi ham, o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan farzandi ham bor. Bunda to‘rt va to‘rt qo‘shilib, sakkiz kun ta’til beriladimi? Yo‘q. Bunday holatda faqat bitta imtiyoz qo‘llaniladi — ikkala toifaga kirsangiz ham, sakkiz kun emas, faqat to‘rt kun ta’til beriladi.
Demak, 401-moddaning bolalarning kuzgi yoki qishki kanikuliga daxli yo‘q. Bu to‘rt kunlik ta’til har yilgi mehnat ta’tilingizga qo‘shib beriladi. Agar uni kuzgi ta’til davrida olmoqchi bo‘lsangiz, ish beruvchi bilan kelishilgan holda olishingiz mumkin, biroq ish beruvchi bunga majbur emas.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 231-moddasiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tilini ham qismlarga bo‘lib olish mumkin.
Masalan, sizning o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki nafar farzandingiz yo‘q, bitta farzandingiz bor va xorijga sayohatni rejalashtirgansiz. Bu holatda yuqorida aytilganidek to‘rt kunlik qo‘shimcha ta’til berilmaydi, lekin asosiy ta’tilingizni qismlarga bo‘lib olishingiz mumkin.
Ko‘pchilik, masalan, 21 kunlik ta’til haqida “Bu mening huquqim, aytganim bo‘ladi, ish beruvchi arizamni qanoatlantirishi shart”, deb o‘ylaydi. Yo‘q, Mehnat kodeksida bu aniq belgilab qo‘yilgan:
- ta’tilni qismlarga bo‘lib olish uchun ish beruvchi bilan kelishish va uning roziligi bo‘lishi shart;
- ta’til qismlarga bo‘linganda, uning istalgan bir qismi 14 kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.
Ko‘pchilik bu normani noto‘g‘ri talqin qilib, faqat birinchi qismi 14 kun bo‘lishi kerak, deb tushunadi. Aslida aynan birinchi qismi emas, istalgan bir qismi 14 kundan kam bo‘lmasa kifoya. Ya’ni avval yetti kunni, keyinchalik 14 kunlik qismini olsangiz ham bo‘ladi. Buni ish beruvchiga ham tushuntiring.
Yana bir bor ta’kidlayman: 231-moddaga muvofiq ta’tilni qismlarga bo‘lish ham faqat ish beruvchi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
402- va 242-moddalar: 14 kalendar kungacha ish haqi saqlanmagan ta’til
Ijtimoiy tarmoqlarda 402-modda ham noto‘g‘ri talqin qilinyapti. Aslida, 402-moddaga ko‘ra o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq farzandi yoxud o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ota-onadan biriga 14 kalendar kungacha ish haqi saqlanmagan ta’til beriladi.
E’tibor bering: 401-modda bilan bir xil toifa — o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki nafar bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bitta farzandi bor ota-onadan biri nazarda tutilgan.
Farqi shundaki, 401-moddada 4 kalendar kunlik haq to‘lanadigan ta’til, 402-moddada esa 14 kalendar kungacha ish haqi saqlanmagan ta’til nazarda tutiladi. 402-modda bo‘yicha ish beruvchi ta’til berishga majbur.
Demak, farzandingiz kuzgi kanikulga chiqsa va sizning o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki nafar farzandingiz bo‘lsa, 401-moddadagi to‘rt kalendar kunlik ta’tilni farzandingiz kanikuliga moslab olish uchun ish beruvchi bilan kelishishingiz kerak.
Lekin 14 kungacha ish haqi saqlanmagan ta’til olish uchun ariza yozsangiz, ish beruvchi uni berishga majbur. Bu holatda ish haqi saqlanmasligini unutmang.
Buning sababi — Mehnat kodeksining 242-moddasida ish beruvchi xodimga ish haqi saqlanmagan ta’tilni so‘zsiz, ya’ni majburiy tartibda berishi shart bo‘lgan holatlar belgilangan.
Ushbu moddada ham o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq farzandi yoxud o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ota-onadan biriga 14 kalendar kungacha ish haqi saqlanmagan ta’til berilishi shartligi mustahkamlangan.
Umumiy qoida: Ish haqi saqlanmagan ta’til xalq orasida “BS” (rus. bez soderjaniya), ya’ni “pulsiz ta’til” deb ataladi. Qonunchilikda ish haqi saqlanmagan ta’tillar Mehnat kodeksining 241- va 242-moddalari bilan tartibga solinadi.
Umumiy qoidaga ko‘ra, ish haqi saqlanmagan ta’til taraflarning kelishuviga ko‘ra beriladi: ish beruvchi xodimni majburlab ish haqi saqlanmagan ta’tilga chiqara olmaydi, xodim ham uni ish beruvchidan o‘zboshimchalik bilan talab qila olmaydi.
Biroq 242-moddada ko‘rsatilgan ayrim toifadagi xodimlarga — masalan, ikki yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan bitta bolasi borlarga, shuningdek, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq farzandi yoxud o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bitta farzandi borlarga — ish beruvchi 14 kalendar kungacha ish haqi saqlanmagan ta’til berishga majbur.
E’tibor bering: majburiyat aynan 14 kungacha belgilangan. Masalan, xodim “O‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki nafar bolam bor”, deb uch oyga ta’til so‘rasa, ish beruvchi uch oy berishga majbur emas. U 14 kun berishga majbur, qolgan qismini bermaslikka esa haqli.
Amaliy misol
Bugundan, ya’ni 4-noyabrdan kuzgi kanikul boshlandi, ayrimlar to‘rt ko‘p bolali oila hisoblanadi. Oila kodeksining 4-¹-moddasiga ko‘ra, to‘rt va undan ortiq farzandi bo‘lgan oila ko‘p bolali oila hisoblanadi.
Agar hozir 401-moddadagi to‘rt kalendar kunlik ta’tilni olish uchun ish joyingizga ariza yozsangiz, ish beruvchi bu to‘rt kunni hozir bermaslikka haqli. Ish beruvchi “Buni har yilgi mehnat ta’tilingizga qo‘shib olasiz”, deb rad etishi mumkin, chunki 401-moddaga ko‘ra, bu ish beruvchi bilan kelishilgan holda beriladi.
Agar 402-modda tartibida: “Farzandlarimning kuzgi kanikulida ular bilan birga bo‘lmoqchiman, ularga vaqt ajratmoqchiman”, deb, masalan, yetti yoki o‘n kunlik ish haqi saqlanmagan ta’til so‘rab ariza yozilsa, ish beruvchi uni berishga majbur.
Xullas, ish beruvchi ish haqi saqlanmagan ta’tilni berishga majbur, lekin 401-moddadagi to‘rt kalendar kunlik haq to‘lanadigan ta’tilni aynan shu vaqtda berishga majbur emas va “har yilgi mehnat ta’tilingizga qo‘shib olasiz”, deyishga haqli.
Otalar uchun alohida talab: 410-modda
Erkaklarda “Otalar ham bu ta’tillarni ola oladimi?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Erkaklar uchun alohida talab — Mehnat kodeksining 410-moddasi mavjud.
Ota ariza yozganda ish beruvchi unga ta’tilni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bera olmaydi. 410-moddaga ko‘ra, ota turmush o‘rtog‘ining ish joyidan ma’lumotnoma (spravka) olib kelib topshirishi kerak.
Otaga kafolatlar berilmaydigan holatlar
Demak, otalar ushbu ta’tillardan foydalanishi uchun 410-modda talablariga rioya qilishi kerak. Quyidagi hollarda 401- va 402-moddalardagi kafolatlar otaga taqdim etilmaydi:
- ishlaydigan erkakning turmush o‘rtog‘i ishlamasa va bevosita bola parvarishi bilan shug‘ullansa;
- turmush o‘rtog‘i ishlasa-da, 405-moddaga ko‘ra bola parvarishi ta’tilida bo‘lsa;
- turmush o‘rtog‘i ishlasa va o‘z ish joyida 401- yoki 402-moddadagi kafolatdan foydalanib bo‘lgan bo‘lsa.
Onaga ma’lumotnoma talab qilinmaydi
Agar ushbu kafolatlardan ona foydalanmoqchi bo‘lsa, unga hech qanday ma’lumotnoma (spravka) kerak emas. Amaliyotda ayrim ish beruvchilar onadan “eringizning ish joyidan spravka olib keling”, deb talab qilayotgani kuzatilmoqda — bu noto‘g‘ri. Chunki 410-moddada “onadan tashqari” deb belgilab qo‘yilgan, ya’ni onaga hech qanday ma’lumotnoma talab etilmaydi.
Umumiy xulosa
- Mehnat kodeksida maktab o‘quvchisi kanikulga chiqqanda ota-onaga qo‘shimcha ta’til berish haqida norma yo‘q.
- 401-modda bo‘yicha to‘rt kalendar kunlik haq to‘lanadigan ta’til yillik mehnat ta’tiliga qo‘shib beriladi; uni boshqa vaqtda olish faqat ish beruvchi bilan kelishuv asosida mumkin.
- 231-modda bo‘yicha yillik ta’tilni qismlarga bo‘lish ham kelishuv asosida amalga oshiriladi va istalgan bir qismi 14 kundan kam bo‘lmasligi kerak.
- 402- va 242-moddalar bo‘yicha 14 kalendar kungacha ish haqi saqlanmagan ta’tilni ish beruvchi berishga majbur.
- Otalar 410-modda talablariga rioya qilishi, ya’ni turmush o‘rtog‘ining ish joyidan ma’lumotnoma taqdim etishi kerak; onaga ma’lumotnoma talab qilinmaydi.
Mehnat huquqiga oid ma’lumotlarni “Mehnat huquqi” sahifasidan ham kuzati boring.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egasi” olib kelinadi
Prezident qarori bilan tashkil etilgan Psixologiya ilmiy-tadqiqot institutiga rahbar tayinlandi
Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi
Kuzgi attestatsiyada 240 mingdan ortiq oʻqituvchi ishtirok etadi
Mavzuga doir yangiliklar
Bilasizmi?
Maktab o‘quvchilari uchun kuzgi ta’til 4-noyabrdan boshlanadi
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kuzgi ta’til — 4-noyabrdan boshlanib, 6 kalendar kun, ya’ni 9-noyabrga qadar davom etadi. Dars jarayonlari 10-noyabrdan boshlanadi.
Yangiliklar
Bu yil maktablarda bahorgi ta’til 20-martdan boshlanishi mumkin
“Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizom talablariga muvofiq joriy yilda maktablarda III chorakning so‘nggi kuni 20-martga to‘g‘ri kelib, IV chorak 28-mart kunidan boshlanishi kerak, ammo...
So'ragan edingiz
14-yanvar kuni o‘qishmi yoki dam olish kunimi?
14-yanvar Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan dam olish kuni deb e’lon qilinganmi? Bu kuni ham dam olish kuni bo‘ladigan bo‘lsa, mavzularni jurnalga qanday tartibda yozamiz?
Yangiliklar
1-sinf o‘quvchilari uchun fevral oyida qo‘shimcha bir haftalik ta’til beriladi
Ta’til fevral oyining aynan qaysi kunlariga to‘g‘ri kelishi mustaqil ravishda belgilanadi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang