Top.Mail.Ru
Ta’tilda bo‘lgan pedagog xodimni to‘garak o‘tishga majbur qilish to‘g‘rimi?

Ta’tilda bo‘lgan pedagog xodimni to‘garak o‘tishga majbur qilish to‘g‘rimi?

00:17 / 28.06.2024 5.26k

Savol
Hozir mehnat ta’tilidamiz. Ta’tilda bo‘lishimizga qaramay, maktab direktori MMTBning topshirig‘I bilan har kuni bizga qo‘shimcha ishlar yuklayapti. Maktabdagi yozgi oromgohga kelib o‘quvchilarga to‘garak o‘tishimiz kerak ekan.


Xullas, mehnat ta’tilida bo‘lishimizga qaramay, ishga chaqirtirib olishyapti. Ishga bormaymiz desak chora ko‘ramiz deyishyapti. Buning uchun oylik ham to‘lashmayapti. Bu qonunan to‘g‘rimi?

Javob
Mehnat ta’tili xodimga hordiq uchun beriladi. Ta’tilni xodim istagancha rejalashtiradi. Mehnat ta’tilida bo‘lgan xodimni qo‘shimcha ishlarga jalb qilish mumkin emas.

Shuningdek, mehnat ta’tilida bo‘lgan xodimga jazo chorasi qo‘llash ham mumkin emas. Aksincha, bu vaziyatda hududiy MMTB mas’ullari va maktab direktorining o‘zi mehnat qonunchiligiga zid ravishda harakat qilmoqda.

Maktab ma’muriyati o‘qituvchini ishlatishga o‘ta ehtiyoj sezgan taqdirda, buyruq orqali mehnat ta’tilidan chaqirib olib, xodimga ish haqi to‘lashni davom ettirishi lozim. Ammo bu ham faqat pedagogning roziligi bilangina amalga oshiriladi.

Chunki Mehnat kodeksining 232-moddasiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga ta’tilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Roziliksiz chaqirib olish esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mehnat ta’tilida bo‘lgan o‘qituvchiga to‘garak o‘tmaganligi uchun intizomiy jazo chorasi qo‘llash mumkinmi?

Xodimning roziligiga binoan hal qilinadigan holatlar, ya’ni ish beruvchining xodimni mehnat ta’tilidan chaqirib olishi yoki ta’tilni boshqa muddatga o‘tkazishi, ish vaqtidan tashqari ishlarni bajarishi haqidagi talabini bajarishdan bosh tortishi mehnat majburiyatlarini buzishlik deb hisoblanmaydi va intizomiy jazo qo‘llanishi uchun asos bo‘lmaydi.

Xulosa qilib aytganda, ta’tilda bo‘lgan pedagog xodimlarni to‘garak o‘tishga majbur qilish noqonuniy xatti-harakat hisoblanadi. Aksincha, bu vaziyatda ish beruvchining o‘zi noqonuniy xatti-harakat qilmoqda.

 

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • To'garak

Ulashish