Top.Mail.Ru
“Rayono”ga metodist emas, mashinali yugurdak zarur bo‘lgan – muallimdan maktub

“Rayono”ga metodist emas, mashinali yugurdak zarur bo‘lgan – muallimdan maktub

15:39 / 16.07.2024 1.64k

“Muallimdan maktub” loyihamizga ko‘plab pedagoglardan xatlar kelishda davom etmoqda. Bu galgi sonimizda faxriy pedagog Xudoyberdi Komilov ta’lim tizimi haqida o‘zlarining ayrim mulohazalarini bizga yozib qoldirgan.


Demak boshladik…

Yaqinda “Mahalla” telekanalining “Minbar” ko‘rsatuvida “Maktab ta’limi zamon talabiga mosmi?” degan mavzuda suhbat uyushtirildi. Unda deputatdan tortib adabiyotshunosgacha bo‘lgan turli kasb egalari maktab ta’limi masalalarini kuyinchaklik bilan muhokama qilishdi.


Ammo ular orasida maktab muammolarini tuzukroq biladigan biror-bir mutaxassis ko‘rinmadi. Shu bois ko‘rsatuv deyarli hech bir amaliy xulosaga kelmasdan o‘z poyoniga yetdi. Ushbu ko‘rsatuvda bundoq qarasangiz, ular qo‘ygan savollarga mavzu nomining o‘zi javob berib qo‘ygan. “Maktab ta’limi zamon talabiga mosmi?” degan ritorik so‘roqqa katta qilib “YO‘Q!” degan dangal javobni berish mumkin.


Chunki, bugun biz qurayotganimiz huquqiy-demokratik davlatda, bozor iqtisodiyoti tutumlariga asoslangan erkin jamiyatda yashamoqdamiz. Ammo, ta’lim tizimimiz otam zamonidan qolib ketgan sobiq sho‘ro qoliplarida qolib ketayotganligi katta sir emas. Aytaylik, bozor munosabatlari halol raqobat asosida shakllanadi. Buni biz turli sohalarning rivojida yaqqol ko‘rib turibmiz. Masalan, bozor  tartibi bilan ishlayotgan sohalardagi muammolar deyarli to‘laligicha bartaraf etib bo‘lindi. Bunga savdo, transport, umumiy ovqatlanish singari  sohalarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.


Hozir eng chekka qishloqning eng chekkasidagi eng kichik do‘konchaga borsangiz ham, izlagan narsangizni topib xarid qilishingiz mumkin. Yoki bo‘lmasa, yarim kechasida ham telefon qilib taksi chaqirishingiz mumkin. Xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha ham biri biridan o‘zaman deydi. Ta’lim sohasida esa chinakam raqobat bo‘lmaganligi bois kundan kunga cho‘kib bormoqda.


Undagi muammolar yuzasidan qanchalik chiroyli, ilmiy pardali fikrlar bildirilayotganiga qaramasdan, ishlar tobora mushkullashib bormoqda. Ilgarigi ko‘tarinkilik va maqtanchoqlikdan asar ham qolmadi. Ayniqsa, PISA xalqaro tadqiqotlaridan so‘ng haqiqiy ahvol bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi. Shu o‘rinda adolat yuzasidan aytish lozimki, hatto, o‘sha eski sovet zamonida ham raqobatning qandaydir ko‘rinishlari mavjud edi.


Masalan, ustozlar orasidan eng munosib, mahoratli pedagoglar tuman xalq ta’limi bo‘limlariga metodistlik vazifasiga taklif etilar, ular o‘qituvchilarga dars berish mahoratini o‘rgatar, maslahatlar berardi. Biroq keyingi paytlarda bu taomil buzilib, metodistlikka tasodifiy odamlar tayinlanadigan bo‘ldi.


O‘tgan asrning 80-yillaridagi bir voqea esimga qolgan. Maktabimizda yaxshi bir chet tili o‘qituvchisi bor edi. Uni “rayonoga” metodistlikka tavsiya qilishdi. Ammo u kishining o‘rniga boshqa bir yosh tajribasiz o‘qituvchi tayinlandi. Nega desangiz, yosh o‘qituvchining otasi olib bergan mashinasi bor ekan. Keyin bilsak, bunaqa lavozimga mashinasi yo‘qlarni qabul qilishmas ekan. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, “rayonoga” metodist emas, mashinali yugurdak zarur bo‘lgan.


Qiziq, negadir maoshi kam bo‘lsa ham, odamlar metodistlikka intilardi. Ha, ajablanmang, fan bo‘yicha metodistlar, ya’ni ustozlarning ustozi bo‘lishi kerak bo‘lgan pedagog xodimlar oddiy o‘qituvchilardan kam maosh olardi. Absurd, deysizmi? To‘g‘ri, absurd. Yoki bo‘lmasa, direktorlarning oyligi ham o‘qituvchilarnikidan kam edi. Masalan, men o‘zim ham pedagoglik ish faoliyatimning yarmisizda rahbarlik lavozimlarida ishlagan bo‘lsam-da, hozir olayotgan pensiyam qo‘limda ishlagan o‘qituvchilar yoki shogirdlarimnikidan ancha kam.


Buniyam absurd, deysizmi? Ha, absurd! Ana shunaqa bema’ni tartiblar asosida faoliyat ko‘rsatgan sohadan yana nimani kutish mumkin?! Oqibat nima bo‘ldi? Bari metodistlar o‘z zimmasiga qo‘yilgan vazifani ado etolmay tarqalib ketdi. Bu jarayonga keyingi yillarda ularning ish haqini biroz ko‘tarilishi ham barham berolmadi. Afsuski, bunday holat hozir ham davom etmoqda. O‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish borasida bir qaraganda turli xil choralar o‘ylab topilmoqda, turli xil sertifikatlar berilmoqda. O‘qituvchilar ham ularni qo‘lga kiritish uchun barcha vositalarni ishga solib intilmoqda. Bu tadbirlardan birini, masalan, sertifikat olish tartibini olib ko‘raylik.


Bunga erishish uchun o‘qituvchi o‘z ustida ishlab, bolaning emas, o‘zining bilimini boyitishga harakat qiladi. Bu bir tomondan yaxshi, albatta. Ikkinchi tomondan esa, eng ajablanarlisi shundaki, u oladigan oyligini oshirish uchun tirishib, ko‘proq ball to‘plash maqsadida hamma choralarni, hatto, shubhali dastaklarni ham ishga soladi.


Shunday yo‘l bilan u ham vazirlik ustamasini, ham ellik foizlik sertifikatni qo‘lga kiritishga intilib, chiqim qilishdan qochmaydi. Xo‘sh, keyin-chi? Bu chora-tadbirlar o‘quvchiga beriladigan sifatli ta’limni kafolatlaydimi? Ana shu joyda ushbu tartibning zaif nuqtasi ko‘rinib qoladi. Mening qat’iy shaxsiy fikrimga ko‘ra, o‘qituvchiga qo‘shimcha ish haqi va har turli rag‘batlar uning sertifikatiga qarab emas, ishining natijasiga, ya’ni o‘qitayotgan bolalarining bilim darajasiga qarab berilishi kerak.


Ana shunda xalq ta’limiga sarflanayotgan har bir so‘m o‘zini to‘la oqlaydi. Bunga ba’zilar murakkab jarayon sifatida qarab, amalga oshirishdan cho‘chiydilar. Ammo shuni unutmaslik kerakki, murakkab masalalarning yechimi hech qachon oddiy bo‘lmagan. Kimki murakkab masalalarning oson usul bilan hal qilish yo‘lini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, u ta’lim sohasidagi muammolardan bexabar odam.


Sertifikat berish, darsliklarni yangilash, xorijiy ta’lim metodini joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, yangi usul bilan baholash, “kundalik.com” yuritish, vazirlik nomini o‘zgartirish va hokazo boshqa-boshqa mayda chora-tadbirlar bilan ta’lim sifatini tubdan yaxshilab bo‘lmaydi. Buning uchun ta’lim tizimida chinakam raqobat muhitini yaratish lozim.


Shuni unutmaslik kerakki, bilim ham o‘ziga xos ma’naviy mahsulotdir. Mahsulot bo‘lganda ham, mahsulotlarning tagzamin asosidir. Dunyoda insonlar uchun qanday ne’mat yaratilmasin, barining asosida bilim turadi. Bas, shunday ekan u munosib baholanmog‘i lozim. O‘qituvchilarga arzimagan ish haqi berib, ta’lim sifatini yaxshilab bo‘lmaydi.


Ammo, shunisi ham aniqki, ularning hammasiga ham birdan katta oylik to‘lashning iloji yo‘q. Davlat har qancha boy bo‘lgan taqdirda ham, o‘n ikki yillik, majburiy, umumiy o‘rta, bepul, yana buning ustiga yetti tildagi beso‘naqay davlat ta’lim tizimini tashkil etishning o‘zi bo‘lmaydi. Men xorij tajribasini o‘rganib chiqib, shu narsaga amin bo‘ldimki, jahonning boshqa biror mamlakatida biznikiga o‘xshash keng qamrovli tekin ta’lim tizimi mavjud emas.


Xo‘sh, muammo shunchalik chigal ekan, uning oqilona biror yechimi bormi?


Qalovini topsang, qor ham yonadi deganlaridek, yaxshilab axtarilsa, har qanday murakkab masalaga ham yechim topish mumkin. Men avvalgi maqolalarimda olis qishloqlarda ham o‘quvchilarga sifatli bilim beriladigan ta’lim muassasalari tashkil etishni taklif qilgandim. Balki, hozir davlatimizning yana yuzlab qo‘shimcha maktablar qurishga imkoni yo‘qdir.


Bu holatda ham masalaga yechim topish mumkin. Aytaylik, hozirgi mavjud maktablarda ko‘plab saralangan sinflar tashkil etilmoqda. Ularga saboq berishga, mahoratli ustozlarni safarbar qilish zarur. Ma’lumki, har bir hududda o‘z fanini puxta biladigan oliy toifali muallimlar bor. Ular faqat bir maktab doirasidagina faoliyat ko‘rsatishmoqda.


Holbuki, yo‘lini topib bu ustozlardan samarali foydalanish mumkin. Afsuski, hozirgi joriy tartib bilan bunday safarbarlikni mutlaqo amalga oshirib bo‘lmaydi. O‘qituvchi buni xohlagan taqdirda ham asosiy ish joyidan tashqaridagi maktabda o‘rindoshlik asosida kam osh haqi to‘lanadi.


Masalan, menga yaqin-atrofdagi maktablardan saralangan sinflarga dars berish taklif etilsa, menga ma’qul kelmasligi mumkin. Agar bizga o‘xshagan oliy toifali muallimlarning mehnati munosib ravishda yuqori taqdirlanganda edi, bunday taklifni jon-jon deb qabul qilgan bo‘lardik va bundan ta’lim tizimi ko‘p narsani yutardi. Shu ma’noda,  yana takror aytishim mumkinki, tizimni chuqur isloh qilmasdan turib, samarali natijalarga erishib bo‘lmaydi.


Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, tizimdagi eng avval tuzatish lozim bo‘lgan jihat - pedagog xodimlarning ishiga haq to‘lash tartibidir. Bunda biz dunyo tajribasi bilan bir qatorda o‘zimizdagi azaliy iqtisodiy bilim asoslariga ham murojaat qilib qo‘ysak yomon bo‘lmasdi. Masalan, ulug‘ bobomiz, yetuk siyosiy arbob Amir Temur o‘zining tuzuklarida quyidagilarni dastur-ul amal sifatida qayd etib o‘tganlar:

“Amr qildimki, amirlar, mingboshilar, yuzboshilar, o‘nboshilar va boshqa sipohiylarga ushbu tartibda maosh berilsin: oddiy sipohiyga o‘z vazifasini o‘rinlatib bajarish sharti bilan maoshi mingan otining bahosi bo‘lsin. Bahodirlarning maoshi ikki ot bahosidan to‘rt otgacha tayin qilinsin.

O‘nboshilar maoshi qo‘l ostidagi oddiy sipohiylardan o‘n barobar ortiq bo‘lsin. Yuzboshilar maoshi o‘nboshilarga qaraganda ikki barobar, mingboshilarniki esa yuzboshilarnikidan uch barobar ziyoda bo‘lsin.” 

Ko‘rinib turibdiki, u kishi har bir davlat xizmatchisi maoshini xizmat pillapoyasiga qarab adolatli ravishda belgilab qo‘ygan. Bizning tizimimizda esa aksincha, teskari tartib amal qilgan. Buning natijasi o‘zini uzoq kuttirmadi. Qisqa 30-40 yil ichida ta’lim tizimi chuqur tanazzulga yuz tutdi. Buning bosh sababi: o‘sha otam zamonidan qolib ketgan pedagog xodimlarga ish haqi to‘lashning tekischilik tamoyilidir.


Bu holatga namuna qilib, yana bir misolni keltirib o‘taman. Bugun yoshlarimizning, umuman, kadrlar savodxonligining o‘ta past ekanligi haqida hamma shikoyat qilyapti. Qayga qaramang, g‘ij-g‘ij xatolarga guvoh bo‘lasiz. Darsliklardan tortib ko‘chalardagi peshlavhalargacha imlo xatolari bilan yozilmoqda. Endi o‘zingiz mulohaza qilib ko‘ring: ona tili o‘qituvchilariga daftar tekshirish uchun to‘lanadigan ish haqi bir oyda 200 ming so‘mga ham yetmaydi.


Holbuki, daftar tekshirishga dars soatlaridan ham ko‘proq vaqt va mehnat talab qilinadi. Masalan, bir soatlik yozma ishlarni sinchiklab sifatli ko‘rib chiqish uchun kamida ikki soat vaqt kerak bo‘ladi. Oqibatda, o‘qituvchi daftarlarni nomiga yuzaki tekshirib, baho qo‘ygan bo‘ladi. Mana, sizga chalasavodlik ildizini qayerdan qidirish kerak.


Shu o‘rinda bizda hozir keng urf bo‘lib borayotgan xorij tajribasini joriy etish haqida ham ba’zi bir mulohazalarni aytib o‘tsam. Xorijniki desa, xo‘rozqandni yotib yalashga ehtiyoj yo‘q. O‘zimizning asrlar davomida o‘zini oqlab kelgan milliy pedagogik an’analarimiz mavjud. Qolaversa, chet ellardagi iqlim, muhit, xalq mentaliteti bizga mos tushavermasligi tabiiy holat.


Masalan, o‘sha Finlyandiyani olib ko‘radigan bo‘lsak, bu mamlakatdagi tuzum, ta’lim tizimi, pedagog kadrlar salohiyati, o‘quvchi bolalar soni, demografik vaziyat,  muallim ustozlarga haq to‘lash tartibi... qo‘yingki, har bir tomonlama O‘zbekistondagi sharoitdan tamoman farq qiladi. Mening nazarimda, bizdagi ta’lim tizimi mutlaqo o‘zimizning milliy ehtiyojlarimizga javob beruvchi, har tomonlama o‘z milliy ta’lim modelimiz bo‘lishi lozim.


Unda o‘zimizdagi xususiyatlar tolasicha o‘z aksini topishi kerak. Xorij tajribasidan ham bizga asqatadigan ijobiy tomonlaridan unumli foydalanilsa, shubhasiz, foydadan xoli bo‘lmaydi. Ammo, xorijda shunaqa ekan, deb ko‘r-ko‘rona taqlid qilish oqibati teskari natija berishi mumkin.


Shu ma’noda har bir yangilik va o‘zgarishlar eng avvalo tor doirada sinab ko‘rilishi, samara bergan taqdirdagina hayotga keng joriy etilishi shart. Shunday ekan, ta’lim tizimida bir silkitishda tuzatib qo‘yadigan sehrli tayoqchani izlash behuda ish. Chunki sehrli tayoqcha avval boshdanoq o‘z qo‘limizda, faqat uni aql bilan ishlata bilish lozim.


Xudoyberdi Komilov, faxriy pedagog.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Muallimdan maktub

Ulashish