Top.Mail.Ru
Kaltak qachongacha maktab direktorlari boshida sinadi?

Kaltak qachongacha maktab direktorlari boshida sinadi?

18:21 / 19.08.2024 1.93k

Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, so‘nggi kunlarda maktab hududini obodonlashtirish uchun o‘qituvchilar mehnatidan foydalanish holatlari uchrab turibdi.


Ma’lumki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 2-qismiga ko‘ra mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilsa, ish beruvchiga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Ya’ni bu — agar maktab direktori har qanday shaklda (maktab ichkarisi yoki tashqarisida farqi yo‘q) o‘qituvchilar mehnatidan shunday tarzda foydalansa, va bu holat tasdig‘ini topadigan bo‘lsa, direktorni 34 million so‘mdan 51 million so‘mgacha bo‘lgan jarima kutib turibdi degani.


Albatta, maktab direktorlarini vaqti-vaqti bilan jarimaga tortib turish holatlari ham kuzatilib turibdi. Masalan, o‘tgan hamda shu o‘quv yilining o‘zida bir nechta holatlarda maktab direktorlariga nisbatan yaxshigina jarimalar qo‘llanildi.


Xususan, 2023-yil 2-aprelda Xiva shahar 97-son ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati direktori 3 mln so‘mga yaqin jarimaga tortilgan


2023-yil 12-avgustda Xorazm viloyati Yangibozor tumani 28-maktab direktori o‘qituvchilarni maktabni tozalash ishlariga jalb qilinganligi uchun 3 mln so‘mga yaqin jarimaga tortilgan;


2023-yil 15-avgustda esa Koson tumani 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘qituvchilarni maktab ta’miriga jalb qilgani uchun 33 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi


2023-yil 23-avgustda esa Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 149-maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb qilingani uchun maktab direktori 33 million so‘m jarimaga tortildi


2024-yil 24-yanvarda Namangan viloyati Pop tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 56-sonli bog‘cha direktori  tomonidan muassasa ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkilot xodimlarini bezak ishlarini bajarishga jalb etgani uchun jarimaga tortildi


2024-yil 12-avgustda esa Namangan viloyati Pop tumani 43-maktab direktori ta’til paytida o‘qituvchilarni maktabga chaqirib ishlatgani uchun 17 million so‘m miqdorida jarima solindi


2024-yil 14-avgustda esa Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktori ta’lim muassasasida qurilish ishlari olib borilgani, shu sababli qurilishdan chiqqan chiqindilarni tozalash ishlariga 30 ga yaqin o‘qituvchi-pedagog va texnik xodimlarni majburan jalb qilgani uchun 34 million so‘m jarimaga tortildi


Xo‘sh, maktab direktorlarini jarimaga tortish bu kabi holatlarning oldini olishga xizmat qilmoqdami?


Ma’lumki, o‘qituvchilar asosan ta’lim-tarbiya jarayonlariga mas’ul shaxslar hisoblanadi. Ularning vazifasi – o‘quvchilarga sifatli ta’lim berishdir. Ammo, maktab rahbarlari ularni o‘zlarining asosiy vazifalaridan chalg‘itib, obodonlashtirish ishlariga jalb qilishga majbur bo‘lmoqda.


Maktab rahbarlari uchun esa maktab hududini toza va tartibli saqlash ish faoliyatining muhim qismi bo‘lib, bu talab mahalliy hokimliklar hamda hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari tomonidan qat’iy nazorat qilinadi. Agar maktab hududi talabga javob bermasa, direktorlar intizomiy jazo choralariga duchor bo‘ladilar.


Eng qiziq tomoni shundaki, maktab hududini obodonlashtirish va ta’mirlash masalasida na mahalliy hokimiyat, na maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari hech qanday yordam bermaydi.


Bu holatda, maktab direktorlari murakkab va noqulay vaziyatda qolishi aniq. Chunki, ular ham maktab hududini tartibga solishi kerak, ham o‘qituvchilarning asosiy vazifalarini bajarishini ta’minlashi kerak.


Ya’ni, bu vaziyatda maktab direktori hududni obodonlashtirmasa intizomiy jazoga tortiladi, o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, ishlarni tashkillasa katta jarimaga tortiladi. Bu borada esa mas’ullar faqat tomoshabinlik qiladi.


Mas’ullarimiz vaziyatni chuqur tahlil qilmasdan, faqat oqibatlarga qarshi kurashayotgan ko‘rinadi. Maktab rahbariyatiga nisbatan faqat jarima chorasi qo‘llash, muammoni hal qilmaydi. Bu holatda ular o‘z e’tiborini maktablarning resurslariga, ularni obodonlashtirishda tashqaridan yordam olish imkoniyatlarini yaratishga qaratishi zarur emasmi?


Bu holatni xuddi har yili o‘qituvchilarning o‘z cho‘ntagidan pul sarflab maktabni ta’mirlashiga o‘xshatsak bo‘ladi. Barchamiz yaxshi bilamizki, maktab ta’miriga yetarlicha mablag‘ ajratilmaydi. Biroq, o‘qituvchilar va ota-onalardan pul yig‘ish noqonuniy ekani haqida eslatmalar beramiz, lekin amaliy chora-tadbirlar ko‘rmaymiz.


Bizningcha, bunday holatlarni oldini olish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi aniq chora-tadbirlarni ko‘rib qo‘yishi kerak.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Majburiy mehnat

Ulashish