Vazirlik attestatsiya bo‘yicha yana bir sud ishida javobgar sifatida qatnashadigan bo‘ldi

Avvalroq, to‘rt nafar tarix fani o‘qituvchilari ham attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan sudga da’vo arizasi kiritgani, buning ortidan ular bosimga uchragani haqida xabar bergandik.
Joriy yilning 14-avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumanlararo sudida ish ko‘rib chiqilgandi. Ammo, javobgar, ya’ni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili da’vo arizasini qo‘lga olmagani va tanishib chiqmagani sababli sud 19-avgustga qoldirilgan.
Lekin mazkur sud ishi ayrim sabablarga ko‘ra avgust oyida ham o‘tkazilmagandi. Xalqtaliminfo.uz manbasining xabar berishicha, sud ishi 2025-yil 15-oktabr, soat 11:30 ga belgilandi.
Mazkur sud ishida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi zimmasiga majburiyat yuklash, ma’naviy zarar undirish va vakilning yordami uchun to‘langan xarajatlarni undirish haqidagi da’vo arizasi ko‘rib chiqiladi.
Pedagoglar nimadan norozi?
Da’vo arizasida qayd etilishicha, imtihonda “Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan?” degan savol ham tushgan va to‘g‘ri javob sifatida “Langobardlar” olingan. Mazkur savol va javob 2022-yilda nashr qilingan 7-sinf jahon tarixi darsligi asosida tuzilgan. Da’vogar o‘qituvchilar esa mazkur savolga “Vestgotlar” javobini belgilagan.
Da’vogarlarga ko‘ra, Ispaniyani vestgotlar egallagani haqidagi ma’lumotlar qator manbalar, xususan, britannica.com sayti, Wikipedia’ning inglizcha varianti, 7-sinf jahon tarixi darsligining 2017-yilgi nashri, Fozila Sulaymonovaning “G‘arb va Sharq” asarida qayd qilingan. Ular universitet davrida ham Ispaniyani vestgotlar egallagan deb o‘qitilganini ta’kidlagan.
Shikoyat xatida yozilishicha, da’vogarlar tomonidan test savollariga to‘g‘ri javob berilgan bo‘lsa-da, apellyatsiya komissiyasi ushbu javoblarni adolatli baholamagan. Shuningdek, komissiya pedagoglar murojaatlariga asossiz va sababsiz bir xil rad javobini bergan.
Pedagoglarning da’vo arizasida keltirishicha, vazirlik ekspertlari test savollarini tuzishda testologiya nuqtayi nazaridan savollarni aynan to‘g‘ri va ishonchli manbalardan olingan ma’lumotlarga asoslanib shakllantirishi lozim edi.
Shu sababli, ular javobgar tomonidan test savolining to‘g‘ri javobi sifatida faqat darslikda keltirilgan ma’lumotga tayangan holda savollarni shakllantirishi yoki uni to‘g‘riligini asoslovchi yagona manba sifatida qaralmasligi lozimligini aytmoqda. Chunki, darsliklarni yozilishida inson omili bor va unda xatoliklar bo‘lishi ehtimol mavjud.
Masalan, umumta’lim maktablarining 7-sinf Jahon tarixi darsligining 2017-yilgi nashrida Imperator Yustinina I vafotidan so‘ng Ispaniyada vestgotlar hukmronlik qilgan deb yozilgan. Ammo 2022-yilgi darslikda esa bu o‘rinda langobardlar tilga olingan.
Shunga qaramay, javobgar turli yillarda chop etilgan darsliklardagi qarama-qarshi ma’lumotdan foydalanib test savolini tayyorlagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, pedagoglar Yustinian I vafotidan so‘ng qaysi qabila butun Ispaniyani egallagan? savoliga “vesgotlar” javobini to‘g‘ri deb e’tirof etish orqali o‘qituvchilarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi noto‘g‘ri baholanganligi, o‘quv fani bo‘yicha test yoki malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar mavjudligi sababli attestatsiya natijalarini o‘zgartirish majburiyatini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuklashni suddan so‘ragan.
Jamoatchilik faoli, repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi pedagog Jalol Boltayevning xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, BMBA (Bilim va malakalarni baholash agentligi) amaliyotida ham shunga o‘xshash holat yuz bergan. Ya’ni testning javobi maktab darsligidan kelib chiqilsa (o‘sha ma’lumot darslikda xato berilgan bo‘lgan), boshqa variant, tarixiy haqiqatdan kelib chiqilsa – boshqa javob bo‘lgan. Shunda to‘g‘ri javob sifatida aynan tarixiy haqiqatga mos javob qabul qilingan.
Shuningdek, Jalol Boltayevga ayrim pedagoglar tomonidan “attestatsiyada tushgan” bir qancha savollar yuborilgan. O‘qituvchilardan kelgan shunday savollardan yana biri – “Nazariy bilimlarining rivojlanishi kundalik hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan xalqni toping” degan savol bo‘lib, unda “misrliklar”, “mesopotamiyaliklar”, “xitoyliklar” va “hindlar” kabi variantlar keltirilgan.
To‘g‘ri, darslikda “Misrda nazariy bilimlarning dunyoga kelishi... misrliklarning kundalik hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan” degan jumla bor. Biroq bu jumla distraktor sifatida qo‘yilgan boshqa xalqlarda – mesopotamiyaliklar, xitoyliklar, hindlarda – nazariy bilimlar kundalik hayot bilan bog‘liq bo‘lmagan degan xulosani anglatmaydi. Aksincha, qadimgi davrda yashagan ko‘pgina xalqlarda nazariy bilimlar ularning kundalik turmush tarzi, ehtiyojlari bilan chambarchas bog‘liq tarzda shakllangan.
“Bu yerda bitta jihatni alohida ta’kidlash lozim: murojaatchilarga ko‘ra, mazkur savolni ko‘pchilik “to‘g‘ri belgilagan”, ya’ni “xato qilmagan”. Ammo agar “xalqaro testologiya”ni da’vo qilayotgan Baholash markazi aynan shu kabi savollarni tuzayotgan bo‘lsa, bu holatda nafaqat testologiya, balki oddiy mantiq qoidalarining ham buzilgani ayon ko‘rinadi.
Shuningdek, BSB va ChSB testlarini ham aynan shu tashkilot tuzadi. Ulardan birida “Jahon fani tarixida qaysi alloma qomusiy olim sifatida tan olingan?” degan savol berilgan bo‘lib, javob variantlari orasida “Forobiy”, “Xorazmiy”, “Beruniy” va “Ibn Sino” keltirilgan. Vaholanki, darslikda bu ibora aynan “Ibn Sino” mavzusida uchrashi, qolgan allomalar “qomusiy olim emas” degan xulosani anglatmaydi.
Tarixiy haqiqatga tayansak, yuqoridagi barcha allomalar – Forobiy ham, Xorazmiy ham, Beruniy ham – o‘z davrida bir nechta fan sohasida faoliyat yuritgan, ya’ni aslida ular ham “qomusiy olim” maqomiga ega bo‘lgan shaxslardir”, - deydi Jalol Boltayev.
Ma’lum qilinishicha, sud majlisi ochiq tarzda o‘tkazilishi kutilmoqda. Shu bois, unda xalqtaliminfo.uz nashridan ham vakillar ishtirok etib, jarayonni to‘liq yoritib borishi rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda tarix fanidan tushgan attestatsiya test savollari atrofidagi bahs soha mutaxassislarining ham e’tiborini tortgan. Balki, sud majlisida tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari (PhD) va fan doktorlari (DSc) kabi tajribali olimlar ham ishtirok etib, o‘z nuqtayi nazarini bildirar.
Xalqtaliminfo.uz mazkur sud ishini xolis kuzatib boradi hamda jarayon davomida bildirilgan fikr va dalillarni ham jamoatchilikka yetkazishga harakat qiladi.
Комментарии 0
Для комментирования зарегистрируйтесь!
Новости

Yana bog‘cha bolalari ovqatdan zaharlandi

Pedagoglar murojaati o‘z joyida hal etiladi

Введение должности школьного консультанта может быть отложено.

Kimlar maktab maslahatchisi sifatida ishga olinishi aniq bo‘ldi
Тематические новости

Стало известно, по каким адресам пройдут сертификационные испытания
В министерстве объявили места проведения квалификационных испытаний.

Предоставят ли баллы учителям, имеющим национальный сертификат, за 70% надбавку?
Дополнительная надбавка выплачивается только педагогам, принявшим участие в квалификационном испытании (на обоих этапах) и достигшим (или сохранившим) высшую и первую квалификационные категории.

O‘qituvchilar attestatsiya sud ishida vazirlikka yutqazdi
Sud attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining da’vo arizasini asossiz deb topib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi foydasiga qaror chiqardi.

Attestatsiya ishi bo‘yicha uchinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan sudga kiritgan da’vo arizasi bo‘yicha sud ishi davom etmoqda.
Редактировать комментарий