Top.Mail.Ru
SSV jaziramadan ogohlantirmoqda, maktablarda esa “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davom etmoqda

Тексты сайта переведены Google, возможны ошибки!

SSV jaziramadan ogohlantirmoqda, maktablarda esa “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davom etmoqda

16:04 / 13.07.2026 2.75k

Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi hafta jazirama bilan boshlanishi, “O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, yaqin kunlarda harorat hatto 41-43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida esa 44-46 darajagacha ko‘tarilishini takidlamoqda.


Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga, ayniqsa, xavf guruhiga kiruvchi fuqarolarga ehtiyotkorlik choralariga qat’iy amal qilishni tavsiya qilmoqda. SSV yosh bolalar ham issiqlik ta’siriga nisbatan zaif hisoblanishini ta’kidlab, salqin joyda bo‘lish, yetarli suv ichish kerakligini aytmoqda.


Ayni vaqtda bolalarning sog‘lig‘ini issiq havoning ta’siridan himoya qilish maqsadida Qoraqalpog‘istonning ayrim shahar va tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hokimliklar, Sanepidqo‘mita va “O‘zgidromet” bilan hamkorlikda anomal issiq kunlarda bog‘chalarni vaqtincha yopish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ammo, anomal issiq ob-havo kuzatilayotganiga qaramay, respublikaning barcha hududlarida maktablar faoliyati to‘xtatilmay, “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davom etmoqda. 


O‘tgan yili ham 31-may sanasidan boshlab respublika bo‘ylab barcha maktablarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari o‘tkazilgandi. O‘shanda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu loyiha doirasida 7 million nafar o‘quvchi uchun madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etilishini ma’lum qilgan edi. 


Biroq mazkur tashabbus e’lon qilingan paytda uning amaliy jihatlari ko‘plab savollarni keltirib chiqargan edi. Xususan, vazirlik qarorni qabul qilishdan avval o‘quvchi va pedagoglar salomatligiga yozgi jazirama issiqning ta’siri, o‘qituvchilarning mehnat ta’tilida bo‘lishi hamda maktablarning bunday sharoitda faoliyat yuritishga tayyorligi yetarli darajada hisobga olinmagani yuzasidan tanqidiy maqola elon qilgandik.


Shundan so‘ng vazirlik rasmiy bayonot berib, garchi maktab infratuzilmasining yoz oylariga moslashtirilganlik holatiga izoh bermasa-da, ammo pedagoglarning yozgi ta’til davrida mehnat ta’tiliga chiqishi uchun tegishli reja-grafik tasdiqlangani va mazkur rejaga asosan pedagoglarning belgilangan kunlarda mehnat ta’tiliga to‘liq chiqishi ta’minlanishini aytib, ushbu tadbirlarga o‘z ixtiyori bilan qatnashgan pedagoglarni bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish rejalashtirilganligini ta’kidlagandi. Lekin bu va’da bajarilmadi.


Ayni kunlarda havo harorati keskin isigani, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday vaqtlarda ehtiyotkorlik choralariga qat’iy amal qilishni ta’kidlayotgan bo‘lishiga qaramay bu yil ham “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davom etmoqda.


Bu xavotirlar bejiz emasligini ayrim hududlarda o‘tkazilgan tadbirlardan ham ko‘rish mumkin. Masalan, Qashqadaryo viloyatida bolalar jazirama issiqda, quyosh tik tushayotgan ochiq maydondagi tadbirlarga jalb qilingan.


Xuddi shunday holat Surxondaryo viloyatidagi 12-sonli davlat bog‘chasida ham kuzatildi. “Suvni asraymiz — kelajakni asraymiz” mavzusidagi tadbirda yosh bolalar quyosh ostida turgan bo‘lsa, tadbirni kuzatayotgan mas’ullar va boshqa tomoshabinlar soyada joylashgani yaqqol ko‘zga tashlanadi.


“Dolzarb 90 kun” tadbirlari Sirdaryoda ham davom etmoqda. Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi e’lon qilgan suratlardan bilish mumkinki, o‘quvchilar fan to‘garaklari va turli xil ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb qilib kelinmoqda.

Tabiiyki, suratlardan fan to‘garaklari o‘tkazilgan sinf xonalarida sovutish tizimi mavjud emasligini ko‘rish mumkin. Buni xonalardagi derazalarning ochiq qoldirilganidan ham anglash qiyin emas. 


Biz maqolada faqatgina ayrim viloyatlarga e’tibor qaratdik xolos, aslida esa bu kabi tadbirlar respublikaning har bir viloyat, tuman (shahar)lardagi ta’lim muassasalarida o‘tkazilmoqda. Buni hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarining rasmiy sahifalariga joylab borilayotgan xabarlardan bilish mumkin.


Ajablanarli tomoni shundaki, aslida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabuusi bilan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tadbirlar ham aynan ta’lim tashkilotlarida o‘tkazib kelinmoqda. Masalan, “Davraga kel, dugonajon” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari ham maktablarda tashkil qilingan. Tabiiyki, bu tadbirlarga ham maktab o‘quvchilari va pedagoglar jalb qilingan. 


Masalan, Samarqand, Andijon, Xorazm, Sirdaryo, Namangan, Jizzax, https://t.me/Jizzakhedu/34955  hamda Toshkent viloyatlaridagi  https://t.me/toshkentvxtb/91755  ta’lim muassasalarida shu kabi tadbirlar o‘tkazilgan. 


2025-yilda esa prezident Shavkat Mirziyoyevga qilingan taqdimotdamaktablardagi bo‘lar-bo‘lmas tadbirlarga chek qo‘yilishi aytilgandi. Lekin ko‘rinib turibdiki, bu topshiriq ijrosi lozim darajada bajarilmayapti.

Albatta, yozgi ta’til davrida bolalarning mazmunli dam olishini tashkil etish muhim. 


Biroq bunday tadbirlar, avvalo, o‘quvchi va pedagoglarning salomatligi, mehnat huquqlari hamda ob-havo sharoitini inobatga olgan holda tashkil etilishi lozim. Aks holda, yaxshi niyat bilan boshlangan tashabbus kutilgan natijani bermasligi mumkin. 

Комментарии 3

Показать больше
Для комментирования зарегистрируйтесь!

Теги

  • Актуальные 90 дней
  • Аномальная жара

Поделиться