Top.Mail.Ru
Moddiy yordam puli cheklandimi yoki yo‘q? – Vazirlik mulozimi izoh berdi

Moddiy yordam puli cheklandimi yoki yo‘q? – Vazirlik mulozimi izoh berdi

07:00 / 07.03.2025 2.44k

Joriy yil, 6-mart kuni xalqtaliminfo.uz'da “O‘qituvchilarga beriladigan moddiy yordam puliga cheklov o‘rnatildi” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilingandi. Shundan so‘ng, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mulozimi xalqtaliminfo.uz'ga holat noto‘g‘ri talqin qilinganligi yuzasidan o‘z e’tirozlarini bildirdi.

“Hech narsa o‘zgarmagan, avvalgi tartibda ham pedagog xodimga kalendar yil davomida uning ikki lavozim maoshi miqdorigacha moddiy yordam puli berish mumkin bo‘lgan, hozir ham hech narsa o‘zgarmagan, shunchaki moddiy yordam berish tartibiga yanada aniqlik kiritilgan xolos”, deydi vazirlik mulozimi.

Vazirlik mutasaddilarida ham, pedagoglarda ham mavzu yuzasidan turli xil tushunmovchiliklar bo‘lmasligi uchun xalqtaliminfo.uz tahririyati holatni quyidagicha sharhlab berishga qaror qildi:

Xo‘sh, aslida moddiy yordam berish tartibiga oid qanday o‘zgarish bo‘ldi?


Iqtisodiy masalalar haqida gap ketganda, birgina so‘z yoki jumlaning o‘zi ham juda katta narsalarni hal qilib yuborishi mumkin. Shu sababli, pedagoglarga moddiy yordam berish tartibiga oid qanday o‘zgarishlar bo‘lganligini qaror matnini qaytadan tahlil qilib, uni bandma-band sharhlashga harakat qilamiz.


Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 33-bandida quyidagilar nazarda tutilgan edi:

“Umumta’lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam kalendar yil davomida ikki lavozim maoshi (o‘qituvchining tarif stavkasi) miqdorigacha xodimning o‘zi va yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandi) vafot etganda, og‘ir kasallikka chalinganda, xodim tabiiy ofatdan zarar ko‘rganda ko‘rsatiladi”.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-son qarori bilan yuqoridagi band quyidagicha tahrirlandi:

“Umumta’lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam xodimning o‘zi yoki yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandi) vafot etganda, og‘ir kasallikka chalinganda, xodim tabiiy ofatdan zarar ko‘rganda ko‘rsatiladi.

Bunda kalendar yili davomida bir xodimga to‘lanadigan moddiy yordamlarning jami miqdori uning lavozim maoshi (o‘qituvchining tarif stavkasi) miqdorining ikki barobaridan oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Moddiy yordam berishning yangi tahririda ushbu bandga yanada aniqlik kirituvchi “yoki”, “bir xodimga”, “jami miqdori” degan so‘zlar kiritilib, pedagog xodimlarga kalendar yili davomida uning lavozim maoshi miqdorining ikki barobaridan oshirilmasligi aniq belgilab qo‘yildi.


Bu cheklovmi yoki rostdan ham hech narsa o‘zgarmaganmi?


To‘g‘ri, bir qarashda pedagoglarga moddiy yordam berish tartibining eski va yangi tahririni o‘qiganimizda, hech narsa o‘zgarmagandek tuyilishi tabiiy hol. Keling, yaxshisi buni amaliyotdagi holatlar bilan solishtirib, aynan nimalar o‘zgarganini batafsil tahlil qilib chiqamiz.


Pedagoglarga moddiy yordam berish tartibining avvalgi tartibi bo‘yicha aytadigan bo‘lsak, misol uchun, xodim (kalendar yili davomida) og‘ir kasallikka chalindi va ikki lavozim maoshi miqdorigacha moddiy yordam puli oldi.


Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, aynan o‘sha xodimning yaqin qarindoshlaridan biri vafot etdi. Ana endi bu holatda xodimga yana ikki lavozim maoshi miqdorigacha moddiy yordam puli to‘lab berilavergan. (Ayrim hududlarda huddiy shunday tartibda moddiy yordam pullari to‘lab kelinganligi haqida malumotlar mavjud.)


Chunki, moddiy yordam berishning eski tahririda xodimning o‘zi va yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandi) vafot etganda, og‘ir kasallikka chalinganda, xodim tabiiy ofatdan zarar ko‘rganda ko‘rsatilishi belgilangandi.


Yanada soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, moddiy yordam berishning eski tahririda xodimga kalendar yili davomida mana shunday tartibda moddiy yordam puli berilgan taqdirda ham hech kim bu mablag‘larning noto‘g‘ri berilganligini isbotlay olmagan. Chunki, eski tahrirda mana shunday yo‘llar orqali moddiy yordam puli berish imkoniyati mavjud bo‘lgan.


Pedagoglarga moddiy yordam berish tartibining yangi tahririda esa yuqoridagi holatlarga chek qo‘yildi. Shu sababli, endilikda kalendar yili davomida bir xodimga to‘lanadigan moddiy yordamlarning jami miqdori uning lavozim maoshi (o‘qituvchining tarif stavkasi) miqdorining ikki barobaridan oshirib bo‘lmaydi.


Ya’ni, yuqoridagi holat kabi xodim kalendar yili davomida og‘ir kasallikka chalinsa va shu kalendar yili davomida aynan shu xodimning yaqin qarindoshlaridan biri vafot etsa yoki og‘ir kasallikka chalinsa, xodimga ikkinchi marotaba moddiy yordam puli to‘lab bo‘lmaydi. (Agar xodimga birinchi holatning ozidayoq to‘liq ikki lavozim maoshi miqdorigacha moddiy yordam puli berilgan bo‘lsa.)


Sababi, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, moddiy yordam berish tartibi to‘g‘risidagi matnga “bir xodimga”, “jami miqdori” degan so‘zlar kiritib qo‘yildi. 


Umuman olganda, yangi tahrirda moddiy yordamning umumiy yillik miqdoriga aniq chegara belgilangandi, bu esa oldingi tartibga nisbatan cheklov alomatlari borligini ko‘rsatadi. Ilgari pedagog xodimlarda turli sabablar bilan kalendar yili davomida bir necha marta moddiy yordam puli olish imkoniyati mavjud bo‘lsa, endi esa jami miqdor kalendar yili davomida ikki lavozim maoshidan oshmasligi aniq belgilab qo‘yildi. Yani, cheklov joriy qilindi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Moddiy yordam

Ulashish