Bu safar kasb kasalligiga chalingan o‘qituvchiga 337 mln so‘m mablag‘ undirib berildi

Xabaringiz bo‘lsa, 20 yil bir maktabda ishlab, kasb kasalligiga chalingan o‘qituvchiga 70 million so‘m zarar hamda tovon pullari undirib berilgani haqida xabar bergandik. Bu safar kasb kasalligiga chalingan o‘qituvchiga 337 mln so‘m mablag‘ undirib berildi.
Toshkent shahar Sergeli tumanidagi maktablaridan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi fuqaro 2024-yilda kasb kasalligiga chalinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar Sergeli tuman Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK)ning 2024-yil 2-apreldagi №476588-sonli ma’lumotnomasiga asoslanib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga murojaat qilgan.
Mehnat huquqlari buzilgan o‘qituvchining ishi sudda ko‘rib chiqildi. Xalqtaliminfo.uz sud hujjatlari bilan tanishib chiqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, pedagog xodimning kasb kasalligi bo‘yicha nogironlik guruhi uchinchi, kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilganligi darajasi 40 foiz, kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilganligi darajasi 2025-yil 30-aprelgacha, qayta ko‘rikdan o‘tish sanasi esa 2025-yil 2-aprel deb belgilangan. Biroq unga kasb kasalligi bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan tovon pullari to‘lanmay kelgan.
Murojaat O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, 2024-yil aprel oyidan buyon o‘qituvchining o‘rtacha oylik ish haqining 40 foizi miqdoridagi kasb kasalligi tufayli sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonni qoplash uchun oylik to‘lovlar 2025-yilning yanvar oyiga qadar to‘lanmaganligi, yanvar oyidan esa noto‘g‘ri hisob-kitob qilingan holda to‘lanayotganligi hamda bir yo‘la to‘lanadigan bir martalik tovon pullari Sergeli tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshirilmaganligi aniqlandi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi (MK) 321-moddasida “Ish beruvchi xodimning mehnatda mayib bo‘lishi va (yoki) kasb kasalligi tufayli hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashi shart.” deb, 324-moddasida “Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan yo‘qotilgan ish haqining o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan oylik to‘lovlar miqdori jabrlanuvchi mehnatda mayib bo‘lguniga qadar olgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan uning kasbiy mehnat qobiliyatining yo‘qotilishi darajasiga muvofiq bo‘lgan foizli nisbatda belgilanadi.
Kasbiy mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan belgilanadi.” deb, 323-moddasida “Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa miqdori jabrlangan xodimning o‘rtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan yillik ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak.” deb, belgilangan.
Yuqoridagi qonun talabidan kelib chiqib, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan 2024-yil 5-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 534-540-moddalari, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga asosan ish beruvchiga tegishli Ko‘rsatma kiritilgan.
Biroq ish beruvchi tomonidan ko‘rsatma talablari o‘z vaqtida bajarilmagan. Shundan so‘ng Respublika kengashi mutaxassislari tomonidan xodimning manfaatini ko‘zlab Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Sergeli tumanlararo sudiga da’vo arizasi kirtilgan.
Natijada esa, 2025-yil 25-mart kuni bo‘lib o‘tgan sud hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vo qisman qanoatlantirildi. Unga ko‘ra da’vogar o‘qituvchiga javobgar Sergeli tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan 19 mln 275 ming 204 so‘m zarar, 48 mln 188 ming 011 so‘m biryo‘la to‘lanadigan nafaqa, to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmaganligi uchun esa 268 mln 706 ming 187 so‘m kompensatsiya, 1 mln so‘m ma’naviy zarar hamda 37 ming 500 so‘m pochta xarajatlari undirib berildi.
Umumiy hisobda kasb kasalligiga chalinib, mehnat huquqlari buzilgan o‘qituvchiga 337 mln 206 ming 902 so‘m mablag‘ undirib berildi.
O‘qituvchilar hayotini sug‘urta qilish tartibi, kasb kasalliklari, maktabda baxtsiz hodisa ro‘y berganda pedagoglarga to‘lanadigan tovon pullari haqida ma’lumot olish uchun “Tanaffus” podkastining 14-sonini tomosha qiling.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar

O‘qituvchilar vazirlikni 6 marta sudga bergani ma’lum bo‘ldi

Maktab yerini sotmoqchi bo‘lgan tuman hokimi qo‘lga olindi

Sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)dan 5 nafar o‘qituvchi xorijga malaka oshirishga yuboriladi

8 yoshli o‘quvchi xorijiy til o‘qituvchilaridan talab qilinayotgan sertifikatni qo‘lga kiritdi
Mavzuga doir yangiliklar

O‘qituvchilar vazirlikni 6 marta sudga bergani ma’lum bo‘ldi
2025-yil aprel-may oylaridagi attestatsiya imtihoni bo‘yicha vazirlik jami 6 marta sudga berilgan bo‘lib, 1 ta sud ishida vazirlik yutqazgani, 4 tasida esa yutib chiqqani ma’lum bo‘ldi.

Maktab yerini sotmoqchi bo‘lgan tuman hokimi qo‘lga olindi
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev maktab uchun ajratilgan yerga ko‘p qavatli uy qurilishiga ruxsat berish evaziga tadbirkordan 10 ming AQSh dollari pora olayotganda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Bir guruh o‘qituvchilar vazirlikni sudga berdi
Bir guruh o‘qituvchilar tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritildi.

May oyidan boshlab farzandi maktabga bormaydigan oilalarning “bola puli” miqdori kamaytiriladi
2025-yil 1-maydan boshlab respublikaning barcha hududlarida kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida berilishi belgilangan.
Izohingizni tahrirlang