Nihoyat, vazirlik “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bo‘yicha rasmiy ko‘rsatma berdi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu yil “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirini o‘tkazish haqidagi ko‘rsatma xatni negadir jamoatchilikdan sir tutish maqsadida faqatgina xizmat doirasida foydalanilish shaklida imzoladi. Bu haqda xalqtaliminfo.uz manbasi xabar berdi.
2025-yil 21-may kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 2024-2025-o‘quv yilini yakunlash va “Ilm – eng buyuk sharaf!” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida 592-xdfu xati imzolandi.
Vazirlikning ushbu ko‘rsatma xatida aytilishicha, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-may kungi VM-21/25-93-sonli bayoniga asosan tashkil etilmoqda.
Ushbu ko‘rsatmada umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini joriy yilning 24-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00ga qadar tashkil etish belgilangan.
Shuningdek, ko‘rsatmada quyidagilar nazarda tutilgan:
- tadbirlar davomida namunali xulqli va a’lo baholarga o‘qigan iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirish, o‘quvchilarning ota-onalariga “Minnatdorchilik xat”larini topshirish;
- tadbirlarni xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda maktab hovlisidagi soya, salqin va ochiq maydonlarda tashkil etish;
- maktab rahbariyati, sinf rahbarlari hamda o‘quvchilar ota-onalarga restoran, kafe va xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari”ni o‘tkazmaslik, turli maqsadlar uchun pul yig‘maslik to‘g‘risida tushuntirish va qat’iy ogohlantirish berish.
Shu bilan birga joriy yil 24-30-may kunlari barcha hududlarda “Xayr bog‘cha - salom maktab!” shiori ostida maktabgacha ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari uchun bog‘chalarda tantanali bayram tadbirlarini tashkil etish.
Vazirlik “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risidagi ko‘rsatma xatni aynan nima uchun ommadan yashirin tarzda imzolagani mavhumligicha qolmoqda. Aslida bu tadbir ommaviy, rasmiy va yillik an’ana bo‘lganiga qaramay, ushbu yondashuv shaffoflik va ochiqlik tamoyillariga ziddek ko‘rinmoqda.
Balki, vazirlik imzolagan 592-sonli xdfu xatda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini tashkil etishga oid yana boshqa yashirin normalar bo‘lishi ham mumkin. Masalaning bu tomoni esa bizga qorong‘i.
Chunki, avvalroq O‘zbekiston maktablarida 24-may kuni bo‘lib o‘tadigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida vals tushish taqiqlanishi haqida xabar taralgandi. Shundan so‘ng vazirlik matbuot xizmati “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida vals tushish taqiqlanishi borasida hech qanday hujjat yo‘qligini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi paytlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ommaga ochiq tarqatilmaydigan hujjatlarni imzolash holatlari ko‘paymoqda.
Masalan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 29-avgustdagi 270-son buyrug‘i ham vazirlikning xdfu buyrug‘i bilan bekor qilib yuborilgan.
Mazkur buyruq bilan esa “Direktorlar kengashi to‘g‘risida” nizom, “Direktor lavozimiga ochiq tanlov o‘tkazish to‘g‘risida”gi tartib hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarining malaka tavsiflari belgilangandi.
Vazirlikning 2023-yil 29-avgustdagi 270-son buyrug‘i bir yil ham “yashamadi”. Masalaning yomon tomoni shundaki, maktab direktorlarini ochiq tanlov asosida lavozimga tayinlash haqidagi asosiy hujjat bu safar xdfu tarzida imzolandi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
“186 ta maktab sanitariya talablari buzilgani sabab vaqtincha yopilgan” – Sanepidqo‘mita

Vazir Hilola Umarova Londonda nima qilyapti?

Maktablardagi o‘qituvchilar soni 170 mingga ko‘paydi

Attestatsiyada yuqori ball olgan “informatiklar” Koreyada malaka oshiradi
Mavzuga doir yangiliklar

Bu yil umumta’lim maktablarini 399 ming 499 nafar bitiruvchilar tamomladi
25 ming 259 nafar o‘quvchiga a’lo darajali shahodatnoma berildi.

Respublikamizdagi barcha maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazildi
Fotogalereya bilan tanishing

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri uchun faqat bir soat vaqt ajratiladi
Tadbirda 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etadi.
Izohingizni tahrirlang