Top.Mail.Ru
Nihoyat, vazirlik “Dolzarb 90 kun” tadbirlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi

Nihoyat, vazirlik “Dolzarb 90 kun” tadbirlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi

12:56 / 14.06.2025 41.36k

Xabaringiz bor, joriy yilning 27-may kuni xalqtaliminfo.uz saytida hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari tomonidan bu yil pedagog va rahbar xodimlar mehnat ta’tiliga chiqmasligi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilayotganligi, hatto ular haftaning yakshanba kunlari ham “Dolzarb 90 kun” tadbiri bo‘yicha ishlarga jalb qilinayotganligi haqida xabar bergandik.


“Endi o‘qituvchilar yozgi ta’tilda ham ishlaydimi?” nomli maqolamizda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari sabab pedagoglarning mehnat huquqlari buzilishi mumkinligiga ham alohida e’tibor qaratib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi oldiga bir qancha savollarni ko‘ndalang qo‘ygandik.

Shuningdek, xalqtaliminfo.uz tahririyati tomonidan joriy yil 2-iyun kuni “Dolzarb 90 kun” tadbirlarining huquqiy asosi va amalga oshirish tartibi, shuningdek ushbu tadbirlar pedagog xodimlarning yillik mehnat ta’tili davomida ularning dam olish huquqlariga zid kelmasligini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikka asoslangan izohlarni taqdim etishni so‘rab, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga so‘rov yuborilgandi.



Shundan so‘ng, 
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy mulozimlari xalqtaliminfo.uz tahririyatiga aloqaga chiqib, mazkur holat yuzasidan to‘liq tushuntirish berdi hamda bizning so‘rovimizga rasmiy javob xati yo‘lladi. Vazirlikning javob xatida ta’kidlanishicha, yozgi ta’til vaqtida hech bir pedagogning mehnat huquqlari buzilmaydi.

Yoz mavsumida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida umumta’lim maktablarida o‘tkaziladigan tadbirlar bo‘yicha vazirlik tomonidan 17 ta hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Dolzarb 90 kunlik” chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.
 

Unga ko‘ra Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Zakovat” intellektual o‘yini, “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa” loyihalari hamda Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Yoshlar turizmi” oyligi, “Yosh kitobxon oila” tanlovi, kinofilm va multfilmlar namoyishi, Sport vazirligi tomonidan “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari va ommaviy sport musobaqalari, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Xiyobon oqshomlari” ijodiy kechalari kabi rang-barang tadbir va loyihalarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Ushbu dasturga kiritilgan tadbirlarga mahalla yoshlari va ta’tildagi o‘quvchilar ixtiyoriy tarzda jalb etilib, uni o‘tkazish jarayonida umumta’lim maktablaridagi mavjud infratuzilmalar (faollar zali, sport zali va maydonlari, kompyuter xonasi, soya-salqin maydonchalar)dan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan. 

Boshqacha aytganda, maktab eshiklari ta’til vaqtida o‘quvchi yoshlar uchun to‘la ochiq bo‘ladi. Mazkur muddatlarda barcha pedagog-xodimlar yoz mavsumida hech qanday cheklovlarsiz mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqariladi va ularga mehnat ta’tili bilan bog‘liq to‘lovlar belgilangan tartibda to‘lab beriladi. 

Faqatgina maktabda tashkil etilgan to‘garaklarga jalb etiladigan pedagog xodimlar grafik asosida bosqichma-bosqich mehnat ta’tiliga chiqariladi.

Shuningdek, mazkur tadbirlarni tashkil etish hamkor vazirlik va idoralarning quyi tizimlaridagi mas’ullar, mahallalardagi yoshlar yetakchilari va volontyorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi belgilangan
”, - deyiladi vazirlikning tahririyatimizga yo‘llagan rasmiy javob xatida.

Vazirlik rasmiy muloziming, tahririyatga bergan qo‘shimcha malumotiga kora, har yili o‘quv yili yakunlangan yoz mavsumida barcha xodimlar, shu jumladan maktablardagi 538 ming pedagoglar 3-bosqichda (1-iyundan, 15-iyundan va 1-iyuldan boshlab) mehnat ta’tiliga chiqadi. Bunda:

  • 1 bosqichda – 296 ming nafar;

  • 2 bosqichda – 188 ming nafar;

  • 3 bosqichda – 54 ming nafar pedagoglar mehnat ta’tiliga chiqishlari belgilangan.

    Ma’lumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 263-son qarorida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilariga yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili davomiyligi 56 kalendar kun etib belgilangan.

    Mazkur muddatlarda barcha pedagog-xodimlar yoz mavsumida hech qanday cheklovlarsiz mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqariladi va ularga mehnat ta’tili bilan bog‘liq to‘lovlar belgilangan tartibda to‘lab berililishi lozim.


Ushbu ma
’lumotlardan qanday xulosa chiqarish mumkin?


Umumiy xulosa shuki, yozgi ta’til davrida “Dolzarb 90 kun” doirasida o‘tkazilishi reja qilinayotgan tadbirlarga mehnat ta’tiliga chiqib ketgan pedagoglar mutlaqo jalb qilinmasligi kerak.


Vazirlikning ta’kidlashicha, “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini o‘tkazishda faqatgina ta’lim muassasasining binosidan foydalaniladi xolos. Ya’ni, faollar zali, sport zali va maydonlari, kompyuter xonasi, soya-salqin maydonchalar barcha o‘quvchi va mahalla yoshlari uchun ochib qo‘yiladi.


Ushbu tadbirlar esa hamkor vazirlik va idoralarning quyi tizimlaridagi mas’ullari (hali mehnat ta’tiliga chiqmagan maktab xodimlari) va asosan mahallalardagi yoshlar yetakchilari va volontyorlar tomonidan tashkil qilinadi. Bunda mehnat ta’tiliga chiqib ketgan pedagog va rahbar xodimlarning birortasi ham bezovta qilinmaydi. 

“Dolzarb 90 kun” tadbiriga jalb qilinadigan mahalla yoshlari va ta’tildagi o‘quvchilar ham ixtiyoriy tarzda ishtirok etadi.


Demak, yozgi ta’til davomida o‘qituvchilarning mehnat huquqlari to‘liq ta’minlanib, ular mehnat ta’tiliga chiqishlari, pedagoglar “Dolzarb 90 kun” tadbirlariga esa hech qanday majburiy tartibda jalb etilmasligi vazirlik tomonidan kafolatlanmoqda.

Izohlar 25

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Dolzarb 90 kun

Ulashish