SSV jaziramadan ogohlantirmoqda, maktablarda esa “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davom etmoqda
Yangi hafta jazirama bilan boshlanishi, “O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, yaqin kunlarda harorat hatto 41-43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida esa 44-46 darajagacha ko‘tarilishini aytilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga, ayniqsa, xavf guruhiga kiruvchi fuqarolarga ehtiyotkorlik choralariga qat’iy amal qilishni tavsiya qilmoqda. SSV yosh bolalar ham issiqlik ta’siriga nisbatan zaif hisoblanishini ta’kidlab, salqin joyda bo‘lish, yetarli suv ichish kerakligini ta'kidladi.
Ayni vaqtda bolalarning sog‘lig‘ini issiq havoning ta’siridan himoya qilish maqsadida Qoraqalpog‘istonning ayrim shahar va tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hokimliklar, Sanepidqo‘mita va “O‘zgidromet” bilan hamkorlikda anomal issiq kunlarda bog‘chalarni vaqtincha yopish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ammo, anomal issiq ob-havo kuzatilayotganiga qaramay, respublikaning barcha hududlarida maktablar faoliyati to‘xtatilmay, “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davom ettirilmoqda.
O‘tgan yili ham 31-may sanasidan boshlab respublika bo‘ylab barcha maktablarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari o‘tkazilgandi. O‘shanda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu loyiha doirasida 7 million nafar o‘quvchi uchun madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etilishini ma’lum qilgan edi.
Biroq mazkur tashabbus e’lon qilingan paytda uning amaliy jihatlari ko‘plab savollarni keltirib chiqargan edi. Xususan, vazirlik qarorni qabul qilishdan avval o‘quvchi va pedagoglar salomatligiga yozgi jazirama issiqning ta’siri, o‘qituvchilarning mehnat ta’tilida bo‘lishi hamda maktablarning bunday sharoitda faoliyat yuritishga tayyorligi yetarli darajada hisobga olinmagani yuzasidan tanqidiy maqola e’lon qilgandik.
Shundan so‘ng vazirlik rasmiy bayonot berib, garchi maktab infratuzilmasining yoz oylariga moslashtirilganlik holatiga izoh bermasa-da, ammo pedagoglarning yozgi ta’til davrida mehnat ta’tiliga chiqishi uchun tegishli reja-grafik tasdiqlangani va mazkur rejaga asosan pedagoglarning belgilangan kunlarda mehnat ta’tiliga to‘liq chiqishi ta’minlanishini aytib, ushbu tadbirlarga o‘z ixtiyori bilan qatnashgan pedagoglarni bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish rejalashtirilganligini ta’kidlagandi. Lekin bu va’da bajarilmadi.
Ayni kunlarda havo harorati keskin isigani, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday vaqtlarda ehtiyotkorlik choralariga qat’iy amal qilishni ta’kidlayotgan bo‘lishiga qaramay bu yil ham “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davom etmoqda.
Bu xavotirlar bejiz emasligini ayrim hududlarda o‘tkazilgan tadbirlardan ham ko‘rish mumkin. Masalan, Qashqadaryo viloyatida bolalar jazirama issiqda, quyosh tik tushayotgan ochiq maydondagi tadbirlarga jalb qilingan.
O'zbek