Maktablarda sanitariya sharoitlari yo‘qligi sabab, har 14 ta qizdan bir nafari maktabga bormaydi
O‘quvchilar davomatiga ta’sir qiluvchi omillar juda ko‘p. Biz arzimas deb hisoblagan ayrim faktorlar ta’lim sifati va o‘quvchilar davomatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yaqinda UNICEF va Bolalar ombudsmani O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar holati bo‘yicha yangi tahlil natijalarini taqdim etdi. Unda bolalarning ta’lim olish imkoniyati hamda ta’lim bilan qamrab olinganlik darajasi haqida statistik ma’lumotlar taqdim qilindi. Ushbu vaziyat tahlili O‘zbekistondagi bolalar va o‘smirlar holatini tushunishda muhim nuqta hisoblanadi.
Vaziyat tahlili mamlakatdagi holatni aks ettirib, bolalar hayotiga ta’sir ko‘rsatuvchi hududiy va global muammolarni ko‘rsatadi. Unda bolalar va o‘smirlar huquqlarining bir xil bo‘lmagan holda amalga oshirilishi sabablari hamda barcha bolalar, ayniqsa e’tibordan chetda qolgan yoki chetda qolish xavfi yuqori bo‘lganlar manfaatini ko‘zlab, taraqqiyotga erishish imkoniyatlari tahlil qilinadi.
2023-yil holatiga ko‘ra, maktab o‘quvchilari bo‘lgan 8-17 yoshdagi bolalarning 1,9 foizi maktabga bormagan yoki yoshiga mos bo‘lmagan sinfda o‘qigan.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida davomat bilan bog‘liq holatlar tahliliga ko‘ra, 2022-yilda maktablardagi o‘rtacha davomat 83,6 foizni tashkil etgan, 2023-yilga kelib, 82,5 foizga tushgan. Qayd etilishicha, davomatning eng past ko‘rsatkichlari yuqori sinf, ya’ni 10-11-sinf o‘quvchilari orasida kuzatilgan, ya’ni 78,4 foizni tashkil etgan.
Hududlar bo‘yicha davomatning eng past ko‘rsatkichlari 57,8 foiz bilan Toshkent shahri, 76,9 foiz bilan Jizzax, 75,8 foiz bilan Toshkent va 79,8 foiz bilan Farg‘ona viloyatlarida kuzatilgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar esa 89,1 foiz bilan Buxoro, 88,3 foiz bilan Surxondaryo va 88,2 foiz bilan Qashqadaryo viloyatlarida bo‘lgan.
Majburiy ta’lim olish imkoniyatini ta’minlash uchun Hukumat Milliy gvardiyani maktab davomatini kuzatish va ta’minlash maqsadida safarbar qilgan. Ushbu tashabbus oilalar va o‘quvchilarga jazo choralarini ko‘rish orqali dars qoldirmaslikni kamaytirishga qaratilgan.
Biroq, bunday jazo yondashuvi uning maqsadga muvofiqligi va samaradorligi haqida shubha uyg‘otadi. Maktablarda o‘qishni tashlab qo‘yish va dars qoldirmaslik holatlarini bartaraf etish uchun faqat majburlov choralariga tayanmasdan, bu muammolarning asl sabablarini tushunish va bartaraf etish darkordir.
Maktabga qatnamaslik darajasiga turli xil asosiy va ikkilamchi omillar ta’sir qiladi. Tegishli infratuzilmaning yo‘qligi, malakali o‘qituvchilar va o‘quv materiallarining yetishmasligi bilan tavsiflangan ta’lim sifatining pastligi ham maktabga bormaslikka olib keladi. Iqtisodiy bosim muhim rol o‘ynaydi, chunki kambag‘allik bilan kurashayotgan oilalar farzandlarini o‘qishga yuborish o‘rniga ishga jalb qilishga to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan bolalar va boshqa zaif guruhlar uchun inklyuziv ta’lim amaliyotining yo‘qligi maktabni tark etish darajasini kuchaytiradi va bu bolalarga kerakli ta’lim olishiga to‘sqinlik qiladi. Ushbu kamchiliklar o‘quvchilarning o‘qishdan qochib ketishiga va o‘qishni tark etish ko‘rsatkichlarining oshishiga ta’sir qiladi.
Olis hududlardan kelgan bolalar, nogironligi bo‘lgan va alohida ta’limga muhtoj bolalar, Afg‘oniston fuqarolarining O‘zbekistonga qochib ketgan bolalari kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari bu ta’limdagi kamchiliklardan nomutanosib zarar ko‘rmoqda.
Etnik ozchiliklar, jumladan, tojik, rus, qoraqalpoq va lo‘li bolalari ta’lim tizimidagi zaifliklarga duch kelishmoqda. Maktab o‘quv dasturlari va darsliklar yetti tilda mavjud bo‘lsa-da, bu guruhlar orasida maktabga davomatning kamayishiga turli omillar sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tojik o‘quvchilar o‘rtasida maktabga borish darajasi 95,8 foiz, rus o‘quvchilari 91,8 foiz, qoraqalpoqlar esa 96,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘zbek o‘quvchilari orasida 97,5 foizni tashkil etadi. Biroq, bu guruhlar haqidagi ma’lumotlar juda kam, bu ularning ta’lim muammolari darajasini to‘liq tushunishni qiyinlashtiradi va qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladi.
Lo‘li bolalari, ayniqsa, qizlarning davomat darajasi bundan ham pastroq, bu ularning ta’limdagi marginallashuv darajasini ko‘rsatadi. Bu farqlar O‘zbekistondagi barcha etnik ozchilik bolalari uchun ta’lim olishdan teng foydalanishni ta’minlash bo‘yicha keyingi tadqiqotlar va maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatadi.
3-17 yoshdagi bolalarning 24,72 foizi maktabgacha ta’lim muassasalariga, maktabga bormaydi yoki yoshiga mos sinflarda o‘qimaydi. Ta’lim sohasidagi bunday muhtojliklar ularning kelajakdagi imkoniyatlari va shaxsiy rivojlanishini cheklaydi.
Daromadlardagi tengsizlik bolalar o‘rtasidagi tengsizlikning asosiy sababidir
1-17 yoshdagi bolalarning 4,96 foizida qishki kurtka yoki poyabzal kabi zarur qishki kiyimlar yo‘q. Tegishli kiyimlarning yetishmasligi salomatlik muammolariga olib kelishi mumkin, ayniqsa qishda.
2023-yilda 1,8 million bola kambag‘allikda yashagan. Shahar va qishloq joylari o‘rtasidagi iqtisodiy farqlar daromadlardagi sezilarli farqlarga olib keladi. Iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan oilalar ko‘pincha farzandlarining ta’limi, salomatligi va ovqatlanishiga uzoq muddatli sarmoyalardan ko‘ra eng zarur ehtiyojlarni afzal ko‘rishadi.
Natijada kam ta’minlangan oilalarning farzandlari ko‘pincha maktabni tashlaydilar, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega emaslar va salomatligining yomonligi va o‘zlashtira olmaslikdan aziyat chekishadi.
Ta’lim muassasalaridagi infratuzilmaviy muammolar o‘quvchilar davomatiga ta’sir qiladi
Ta’lim tizimidagi infratuzilmaviy muammolar ko‘pincha yomon isitish va yoritish, suv ta’minoti va kanalizatsiya (STK) va tegishli sanitariya sharoitlarining yo‘qligini o‘z ichiga oladi.
MHTIning O‘zbekiston maktablaridagi infratuzilma va ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi omillarga bag‘ishlangan sonida (2024-y.) maktablarning 70 foizi kanalizatsiya tizimiga ulanmaganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Bu esa o‘z navbatida sanitariya talablariga javob bermasligini anglatadi, shuningdek, atmosferaga chiquvchi zararli moddalar hajmini oshirib, bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Har 14 ayol va qiz bola hayz ko‘rish paytida ishga yoki maktabga bormaydi
Hayz gigiyenasiga rioya qilish muhim masala bo‘lib qolmoqda. 15-49 yoshdagi ayollarning salmoqli qismi hayz paytida tegishli parvarish vositalaridan foydalansa-da, ayollarning 7 foizi so‘nggi 12 oy ichida hayz ko‘rgan paytda ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanmagan, ishlamagan yoki maktabda o‘qimagan, bu ko‘rsatkich 15-19 yoshdagi o‘smir qizlar (8 foiz), o‘rta ma’lumotli ayollar (9 foiz) va eng kambag‘al uy xo‘jaliklari (12 foiz) orasida yuqori bo‘lgan.
Maktablarda suv ta’minoti, sanitariya sharoitlari va gigiyena bilan bog‘liq vaziyat o‘quvchilarning salomatligi va davomatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi besh yil ichida 0 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarda yuqumli va parazitar kasalliklar bilan kasallanish ko‘paygan. MICS ma’lumotlariga ko‘ra, qishloqdagi har 14 ayol va qiz bola hayz ko‘rish paytida ishga yoki maktabga bormaydi, kambag‘al oilalarda bu ko‘rsatkich bundan ham yuqori bo‘lib, har sakkiztadan birini tashkil etadi.
O‘zbekistonda umumta’lim maktablarining 78 foizdan ortig‘i faqat bitta ishlaydigan hojatxona xonasiga ega (o‘rtacha 2-3 o‘rinli). Xizmatlarning Qo‘shma monitoring dasturi (QMD) shkalasi tasnifiga ko‘ra, maktablarning 57 foizi faqat cheklangan sanitariya-gigiyena xizmatlariga ega, yana 23 foizida esa bu xizmatlar deyarli yo‘q. Maktablarning 2 foizi xizmat mavjudligi bo‘yicha ilg‘orlar toifasiga kirsa, yana 10 foizi bazaviy xizmatlarga ega bo‘lganlar toifasiga kiradi.
QMD tasnifiga ko‘ra, maktabda butun o‘qish davomida mavjud bo‘lgan yaxshilangan manbadan olingan ichimlik suvining mavjudligi “bazaviy xizmatlar” deb hisoblanadi, maktabda bitta jins tomonidan foydalanishi uchun mo‘ljallangan (mavjud, ishlaydigan va yopiq) yaxshilangan sanitariya-gigiyena sharoitlari esa “bazaviy xizmatlar” deb hisoblanadi.
Yaqinda o‘tkazilgan maktablarning o‘z-o‘zini baholash shuni ko‘rsatdiki, ichimlik suvi bilan ta’minlash bazaviy xizmatlari shahar maktablarining 83 foizida, qishloq maktablarining 71 foizida va chekka hududlardagi maktablarning 64 foizida mavjud.
Biroq, har o‘ninchi maktabda faqat bazaviy sanitariya-gigiyena xizmatlari mavjud (shahar maktablarining 21 foizi, qishloq maktablarining 6 foizi va chekka hududlardagi maktablarning 12 foizi). Umuman olganda, butun mamlakat bo‘ylab birinchi smenada har 168 o‘quvchiga va ikkinchi o‘quv smenada har 84 o‘quvchiga bitta qo‘l yuvish uskunasi to‘g‘ri keladi.
Shaxsiy gigiyena vositalarining yetishmasligi, ayniqsa qizlar uchun, davomatga salbiy ta’sir qiladi. Mamlakatdagi umumiy o‘rta maktablarning taxminan 13 foizi hali ham lozim suv ta’minotiga ega emas. Maktablarning 3 foizida suv quvurlari mavjud emas, yana 3 foizi himoyalanmagan quduqlar yoki ariqlardan, 8 foizi esa artezian buloqlaridan himoyalanmagan suvdan foydalanadi.
Ma’lumotlar O‘zbekistondagi shahar va qishloq o‘quv muassasalari o‘rtasida sezilarli farqlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bu farq shuni anglatadiki, qishloq o‘quvchilarining katta qismi maktabda xavfsiz ichimlik suvidan ishonchli foydalanish imkoniyatiga ega emas.
Sanitariya sharoitlarida ham shunga o‘xshash bo‘shliq kuzatilmoqda, shahar maktablarining 86 foizi, qishloq joylarida esa atigi 63 foizi bazaviy sanitariya sharoitlariga ega. Qishloq maktablarida tegishli sanitariya sharoitlarining yetishmasligi, ayniqsa, tegishli sharoitlar yo‘qligi sababli hayz paytida uyda qolishi mumkin bo‘lgan qizlar uchun davomatning pasayishiga olib kelishi mumkin.
Qishloq maktablarida suv va sanitariya infratuzilmasini yaxshilash nafaqat o‘quvchilarning salomatligi va farovonligini yaxshilaydi, balki davomat va akademik ko‘rsatkichlarni ham oshiradi. Bu, ayniqsa, qizlar uchun juda muhimdir, chunki toza suv va tegishli sanitariya sharoitlaridan foydalanish ularning maktabga muntazam ravishda borishi va ta’lim tadbirlarida to‘liq ishtirok etishining kalitidir.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining umumta’lim maktablarida davomat bilan bog‘liq tahlillari
O‘zbekistonning 14 ta hududida 2 ming nafar ota-onalar ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnomada o‘quvchilarning dars qoldirishidagi asosiy sabablar aytib o‘tilgan. Unga ko‘ra, respondentlarning 75,4 foizi betob bo‘lib qolish, 8,9 foizi ota-onasiga ishlarda yordam berishi, 3,1 foizi ota-onasi ishga chiqishi kerakligi, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaraydigan boshqa odam yo‘qligi, 1,7 foizi xususiy o‘qituvchi/repetitor bilan o‘qishi, 1,1 foizi maktabga borishi uchun qo‘shimcha xarajatlarga mablag‘ yetishmasligi vajlari tufayli farzandi dars qoldirishini ma’lum qilgan. So‘rovda qatnashgan ota-onalarning 8,5 foizi esa farzandi nima sababdan dars qoldirganini bilmasligini bildirgan.
Ota-onalarning 76,9 foizi farzandi so‘nggi bir oy davomida umuman dars qoldirmaganini bildirgan, 15,6 foizi esa 1-2 kun, 7,4 foizi 3-4 kun dars qoldirganini aytgan.
PISA ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda darslarni ketma-ket uch oy qoldirgan o‘quvchilar ulushi 18,5 foizni tashkil etgan, PISA’da ishtirok etgan mamlakatlar orasidagi o‘rtacha ko‘rsatkich 10,3 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich o‘g‘il bolalar orasida ko‘proq qizlarga nisbatan.
Buning asosiy sabablari sifatida esa betob bo‘lib qolish (56,5 foiz), oila a’zosiga g‘amxo‘rlik qilish (22,7 foiz), oilaviy ishlarda yordam berish (17,6 foiz), maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaslik (17,4 foiz), zerikish (17,4 foiz), uyga pul olib kelish uchun ish topish kerakligi (13,2 foiz), transport muammosi tufayli maktabga bora olmaslik (10,7 foiz) va homilador bo‘lib qolish (7,1 foiz) ko‘rsatilgan.
Har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan PISA-2022 so‘rovnomasi natijalaridan foydalangan holda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, sababsiz dars qoldirish (26 foiz), spirtli ichimliklar yoki taqiqlangan dori vositalarini iste’mol qolish (26 foiz) hamda o‘qituvchilarning darsga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmasligi (25 foiz) maktabda o‘quvchilarning ta’lim olishiga jiddiy salbiy ta’sir qiladi.
Maktabdagi muammolardan yana urishqoqlik (31 foiz), bir o‘quvchining ikkinchi o‘quvchiga tan jarohati yetkazishi (21 foiz), haqoratli so‘zlar ishlatishi (21 foiz) va bezorilikka aloqador boshqa illatlar ham borligi aniqlangan. Bu omillar sababli, har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his etmasligini aytib o‘tgan. Bu omil ham o‘z-o‘zidan maktabdagi davomatga ta’sir ko‘rsatadi.
Xulosalar
Ijtimoiy-iqtisodiy bosim bilan birgalikda tegishli inklyuziv amaliyotlarning yo‘qligi va ta’lim sifatining yetarli emasligi davomatga ta’sir ko‘rsatadi. Maktabga bormaydigan bolalarning aksariyati nogironligi bo‘lgan bolalardir. Moliyaviy qiyinchiliklar tufayli oilalar bolalarni maktabga borish o‘rniga ishlashga majbur qilishlari mumkin.
Ba’zi oilalarda qizlar uchun ta’limdan ko‘ra nikoh muhimroq deb hisoblanadigan shakllanib qolgan me’yorlarga rioya qilishadi. Maktablarda zarur suv ta’minoti, sanitariya-gigiyena sharoitlarining yetishmasligi hayz paytida qizlarga ayniqsa salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shahar va qishloq maktablari o‘rtasida suv ta’minoti va sanitariya infratuzilmasidagi sezilarli farqlar, ya’ni qishloq maktablarining atigi 65 foizi, shaharlardagi maktablarning esa 88 foizi asosiy suv ta’minotiga ega bo‘lishi, ayniqsa qizlar orasida sharoitlarning talabga javob bermasligi tufayli davomatning pasayishiga va darslarda sababsiz qatnashmaslikning ko‘payishiga olib keladi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
O‘zbekistonlik o‘quvchilar TIMSS tadqiqotida ham past natija ko‘rsatdimi?
Toshkentdagi ikkita maktabda virusli gepatit aniqlandi
O‘qituvchining darslarini videokamerada kuzatib, reyting bo‘yicha oylik berish kerakligi aytildi
Toshkent shahar MMTB bir maktabda 54 ta jinoyat sodir etilgani haqidagi xabarni asossiz deya bayonot berdi
Mavzuga doir yangiliklar
Toshkentdagi ikkita maktabda virusli gepatit aniqlandi
Maktabning sanitariya holati talabga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi
Inspektor-psixologlarning bolalar bilan ishlash bo‘yicha vakolatlari mustahkamlanmoqda
Bu bo'yicha qonun loyihasi tayyorlanmoqda
Podkast
Milliy gvardiya bizga kerakmi?
Farzandini maktabga jo‘natmagan ota 10 sutkaga qamaldi
Ota farzandini ta’limga qaytmasligini, hech kim hech narsa qila olmasligini ta’kidlagan.
Izohingizni tahrirlang