Top.Mail.Ru
Hilola Umarovaning “vazirga murojaat” portali ishlayaptimi?

Hilola Umarovaning “vazirga murojaat” portali ishlayaptimi?

15:40 / 04.06.2025 630

2023-yilning mart oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning tashabbusi bilan “vazirga murojaat” portali ishga tushgandi.


Shaxsan Hilola Umarovaning tashabbusi bilan ishga tushirilgan vazir.uzedu.uz portali orqali pedagoglar ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar, korrupsiya holatlari yuzasidan asoslangan faktlar, tashabbuslar, loyihalar hamda fikr va mulohazalarini yuborishi mumkinligi ta’kidlangandi.


Shuningdek, portal bilan parallel ravishda @uzedu_vazirbot ham ishga tushirilib, ushbu bot orqali ham pedagoglar bilan o‘zaro aloqalar yo‘lga qo‘yilgandi. Keyinchalik esa Hilola Umarova “Botga kelgan barcha taklifni shaxsan o‘zim va jamoamiz o‘qib boryapmiz”, deya ma’lum qilgandi.


Vazirga murojaat” portali dastlab ishga tushirilgan paytda vazir Umarova ushbu portal shaxsan o‘zimning nazoratimda bo‘ladi, vazirlik mutaxassislari tomonidan o‘rganiladi, ular asosida muammolar hal etilib, yangi loyihalar joriy etiladi, deb va’da bergandi.


Biz esa bunday portallar dastlab juda ham zo‘r ishlashi, ammo keyinchalik hech kimni eshitmay qo‘yishi haqida taxmin qilgandik. Ammo vazirlikning ushbu platformasida bunday kamchiliklar kuzatilmasligiga ishonch bildirgandik.


Portal faoliyati to‘xtatilganmi?


Ayrim pedagoglar “vazirga murojaat” portali ish faoliyatini so‘roq ostiga qo‘ymoqda. Negaki, so‘nggi vaqtlarda pedagoglar maktab ta’limi tizimida yig‘ilib qolgan mavjud muammolarga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan emas, balki ommaviy axborot vositalaridan najot izlamoqda.


Misol uchun, joriy yilda pedagog xodimlar uchun o‘tkazilgan attestatsiya test sinovlarida qatnashgan o‘qituvchilarning deyarli 60 foizi testdan o‘tolmagani ma’lum qilindi.


Attestatsiyada foydalanilgan test sinovi materiallari soha mutaxassislari, olimlar, amaliyotchi pedagoglar ishtirokida xalqaro testologiya me’yorlari asosida ishlab chiqilganligi ta’kidlangan bo‘lsa-da, ammo ushbu testlarning validligi haqida keng jamoatchilikka to‘liq ma’lumot berilmadi, norozi o‘qituvchilar shikoyati esa eshitilmadi.


Bahorgi attestatsiyada uzrli sabablarga ko‘ra qatnashmagan pedagoglar uchun navbatdan tashqari test sinovlari tashkil etilmasdan, test sinovlarining oktyabr-noyabr oyida o‘tkazilishi belgilanganligi, ko‘pchilik pedagoglarning imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi. Shu sababli, bu borada ham pedagoglarda norozilik kayfiyati mavjud. 


Undan tashqari o‘quv yili yakunlanishi munosabati bilan ta’lim muassasalarining ta’mirlanishi bilan bog‘liq holatlar, shuningdek “Dolzarb 90 kun” tadbirlari tashkil etilishi ortidan ko‘plab pedagoglarning mehnat huquqlari buzilayotganligi haqida xalqtaliminfo.uz tahririyatiga ko‘plab murojaatlar yetib kelmoqda. 


Maktab ta’limi tizimida bir qator muammoli va ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan holatlar mavjud bo‘lsa-da, bu borada vazirlik to‘liq rasmiy axborot bermadi, ta’lim tizimida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar, yangiliklar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan ochiq va kengaytirilgan matbuot anjumani ham tashkil etilmadi.


Masalan, “vazirga murojaat” portali dastlabki ish faoliyatini boshlagan vaqtlarda har hafta davomida portalga kelib tushayotgan eng dolzarb mavzular bo‘yicha muntazam axborot berib borilar edi.


Ammo oradan bir yildan ortiqroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati tomonidan portalga kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha hech qanday rasmiy axborot berilgani yo‘q.


Buni tekshirib ko‘rish maqsadida vazirlikning rasmiy Telegram sahifasini o‘rganganimizda “vazirga murojaat” portaliga kelib tushgan murojaatlar yuzasidan berilgan rasmiy axborot oxirgi marta 2024-yil 3-mart kuni e’lon qilinganiga guvoh bo‘ldik. Ya’ni, 1 yil-u, 3 oydan buyon portalga kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha ma’lumotlar ochiqlanmagan yoki portal faoliyati to‘xtatilgan bo‘lishi mumkin.


Vazirga murojaat” portali faoliyatini o‘rganib ko‘rish maqsadida biz ham o‘z murojaatimizni yo‘llashga harakat qilib ko‘rdik, ammo portaldagi murojaatni yuborish, “Jo‘natish” tugmasida texnik muammo borligi uchun o‘z murojaatimizni @uzedu_vazirbot orqali yuborishga qaror qildik.



Mazkur murojaatni joriy yil 29-may kuni yuborgan bo‘lishimizga qaramay, botdan bizga ham javob yetib kelmadi. Demak, bundan shunday taxmin qilish mumkinki, “vazirga murojaat” portali faoliyati to‘xtatilgan.




Yuqoridagi tahlillardan ko‘rinib turibdiki, “Vazirga murojaat” portali dastlab o‘z faoliyatini yuqori darajada boshlagan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan ushbu portalning faoliyati sezilarli darajada pasaygan yoki butunlay to‘xtagan ko‘rinadi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan murojaatlarni muntazam ravishda ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha rasmiy axborot berish amaliyoti ham sustlashgan.


Pedagoglarning mavjud muammolari, jumladan attestatsiya jarayonidagi shikoyatlar, mehnat huquqlari bilan bog‘liq muammolar va pedagoglarning boshqa dolzarb masalalarga ommaviy axborot vositalari orqali yechim topishga intilishi maktab ta’limi tizimining ochiqligi va shaffofligi borasidagi ayrim savollarni keltirib chiqarmoqda.


Shu sababli, “Vazirga murojaat” portali hozirda o‘z vazifasini to‘liq bajarayotgani shubha ostida qolmoqda. Bu esa tizimning ochiqligi va pedagoglar bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida vazirlik oldida jiddiy vazifa turganini ko‘rsatadi. O‘ylaymizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildiradi.

Izohlar 4

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Xilola Umarova
  • vazirlik

Ulashish