“Dolzarb 90 kun” tadbirini deb, direktorning boshi baloga qoldi...mi?
“Men ko‘zbo‘yamachilik uchun emas, namunaviy tarzda “Dolzarb 90 kun” tadbirini tashkil qildim. Tadbirni hisobot uchun emas, balki yoshlar vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida o‘tkazdim. Ammo, shundan beri halovatim yo‘q, ichki ishlar xodimlari tinch qo‘ymayapti, har kuni IIBga chaqirishadi”, - deydi tahririyatimizga murojaat yo‘llagan maktab direktori.
Joriy yilning 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan sohaga oid videoselektor yig‘ilishida yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgandi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida 1-iyundan 30-avgustgacha bir qancha ishlar olib borilgan, ta’lim muassasalari rahbarlariga alohida ko‘rsatmalar berilgan.
Xususan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-yil 3-sentyabr kuni bergan rasmiy bayonotida mazkur tadbirlarga jami 200 mingdan ortiq tadbirlar tashkil etilib, unga 7 million nafardan ortiq o‘quvchilar jalb etilganini ma’lum qilgandi.
Shunday tadbir Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanidagi 9-maktabda ham namunali tarzda tashkil etiladi. Tadbirlarga taniqli olimlar, yozuvchilar ham taklif qilinadi. Shuningdek, maktab direktori Rustam Abduvohidovning tashabbusi bilan “Yoshlar festivali” ham o‘tkaziladi.
Ammo, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida o‘tkazilgan katta tadbirlardan so‘ng, bu haqda ichki ishlar idoralariga xabar berilmagani, bu kabi ommaviy tadbirlarni IIB xodimlari ishtirokida o‘tkazmaganlik vaji bilan tegishli dalolatnoma tuzilib, maktab direktori IIBga chaqirtiriladi.
“Mana shunday bir qishloq joylarida ham o‘zgarish bo‘lsin, qishloqning bolalari ham mana shunaqangi bir tengdoshlarini ko‘rsin, degandik. Chekka hududdagi yoshlarning [tahr.] imkoniyati cheklangan bo‘lsa ham, mana bugungi kunda dunyoda, mana shu O‘zbekistonda o‘zining imkoniyatini ko‘rsatyapti. Mana shu san’at sohasida, ta’lim sohasida.
Yoshlarga o‘rnak bo‘ladi, qishloq ahli dam oladi deb, mana shunday bir “Dolzarb 90 kunlik” bo‘yicha katta tadbir tashkil qilgandik. Lekin ichki ishlar xodimlari “bizga xat bilan chiqishingiz kerak edi” deb, dalolatnoma qilib, har kuni telefon qiladi, “tushuntirish xati yozib bering”, deb tinch qo‘ymayapti”, - degan mazmunda murojaat yo‘llagan maktab direktori.
Maktab direktori, Rustam Abduvohidov avval shu maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktori lavozimida faoliyat olib borgan. 2024-yil yanvar oyida sobiq maktab direktori o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgach, Rustam Abduvohidov shu lavozimga tayinlangan. U A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etilgan menejerlik kursida o‘qib, sertifikatni ham qo‘lga kiritgan.
Shu bilan birga 9-maktabning yutuqlari ham talaygina, jumladan maktab Samarqandning eng olis hududida joylashgan bo‘lishiga qaramay, maktab direktorining tashabbusi bilan homiylik mablag‘lari hisobidan yoshlar bog‘i tashkil etilib, fontanlar ham qurilgan.
Shuningdek, tadbirkorlardan jalb qilingan mablag‘lar hamda boshqa manbalar hisobidan ta’lim muassasasi ta’mirtalab holatdan mutlaqo yangi qiyofaga keltirilgan va hozirda ham ta’lim muassasasida tahsil olayotgan o‘quvchilarga yanada qulay muhit yaratish va sifatli ta’lim berish maqsadida bir qator ishlar olib borilmoqda.
Lekin afsuski, “Dolzarb 90 kun” loyihasini namunaviy tarzda tashkil etib, ko‘pchilik yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirlar ortidan maktab direktori javobgarlikka tortilish arafasida turibdi.
“Men, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan ilgari surilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga harakat qildim xolos. Lekin shunday bo‘lsa-da, ichki ishlar xodimlari meni tinch qo‘ymay, har kuni telefon qilishib, tushuntirish xati yozasiz deyishyapti. Shu bo‘yicha menga amaliy yordam berishlarini kutib qolaman”, - deydi xalqtaliminfo.uz'ga murojaat yo‘llagan maktab direktori.
Albatta, bu vaziyatga biz ham bir tomonlama yondashmoqchi emasmiz. Ammo, mana shunday tashabbuskor rahbarlarning mehnati ham qadrlanishi kerak. Muhimi, yoshlar uchun tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar qonuniy tartibda va hech bir tomon bosimga uchramaydigan sharoitda o‘tkazilishi lozim.
Bu kabi tadbirlar respublika miqyosida tashkil etilar ekan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Ichki ishlar vazirligi o‘zaro kelishgan holda tadbirlarni o‘tkazishda xavfsizlik masalasini oldindan hal etib qo‘yishlari lozim edi. Zero, buning ortidan maktab direktorlari aziyat chekmasligi lozim.
O‘ylaymizki, bu masalani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda batafsil o‘rganib chiqib, bosimga uchragani aytilayotgan maktab direktoriga yordam berish choralarini ko‘radi va muammoni ijobiy hal qiladi.
Izohlar 2
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Attestatsiya uchun o‘qituvchilardan 25 ming dollar olgan pedagoglar qo‘lga tushdi
Maslahatchi lavozimi kichik maktablarda 0.5 stavka miqdorda tashkil qilinadi
Attestatsiyadan norozi o‘qituvchilar sud uchun yig‘ilgan pullarni xayriya qilib yubordi
Maktablarda “Ombudsman soati” joriy etish rejalashtirilmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
Muallimdan maktub
O‘zbekistonlik o‘qituvchilar yozgi ta’tilni qanday o‘tkazdi?
O‘zbekistonlik aksariyat o‘qituvchilar uchun darsdan tashqari vaqtda qo‘shimcha ishlarda ishlash odatiy holga aylanib ulgurgan. Sabab esa bitta — dars soatlarining yetishmasligi, oylik maosh kamligi.
Yangiliklar
Nihoyat, vazirlik “Dolzarb 90 kun” tadbirlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi
Vazirlikning tahririyatimizga yo‘llagan rasmiy javob xatida ta’kidlanishicha, yozgi ta’til vaqtida hech bir pedagogning mehnat huquqlari buzilmasligi nazarda tutilgan.
Yangiliklar
Vazirlik “Dolzarb 90 kun” tadbirlari yakuni bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi
Ammo vazirlik “Dolzarb 90 kun” tadbirlarga o‘z ixtiyori bilan qatnashgan pedagoglarni bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish masalasiga to‘xtalib o‘tmagan.
Yangiliklar
“Dolzarb 90 kun” tadbirlari yakunlandi
Joriy yilning 31-may kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi respublika bo‘ylab barcha hududlarda o‘quvchilarning yozgi ta’til davomidagi vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari boshlanganini rasman e’lon qilgandi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang