Top.Mail.Ru
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi jamoatchilikni yana aldadimi?

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi jamoatchilikni yana aldadimi?

13:04 / 06.12.2025 348

Kuzgi attestatsiya jarayonlari o‘qituvchilar orasida yanada katta norozilikka sabab bo‘lgandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan pedagoglar masalasi kun tartibiga ko‘tarilgandan so‘ng, joriy yilning 3-noyabr kuni rasmiy bayonot bergandi.


Vazirlikning rasmiy bayonotida OAV bilan ham hamkorlik, savollarga ochiq javob berishga tayyorligi, yaqin orada esa matbuot anjumani tashkil etilishi rejalashtirilayotganligi ma’lum qilingandi.


Yaqin orada matbuot anjumani tashkil etilishi haqida rasmiy bayonot berilganiga bir oydan ortiqroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, vazirlik haligacha jamoatchilik, jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazmadi.


E’tiborlisi, bahorgi attestatsiya paytida ham vazirlik matbuot anjumani tashkil etmay, atigi 4 daqiqalik brifing bilan cheklangandi. Bu safar esa brifing ham o‘tkazilmadi.


Umuman olganda, vazirlik tomonidan 2025-yilda deyarli matbuot anjumani tashkil etilgani yo‘q. O‘tgan 2024-yilda esa dolzarb mavzular yuzasidan taxminiy hisobda 8 marotaba matbuot anjumanlari tashkil etilgandi. Jumladan:


  • 2024-yil 14-fevral kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Milliy gvardiya hamkorligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani;


  • 2024-yil 1-aprel kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi faoliyatining 2023-yilgi yakuniy sarhisobi hamda joriy yilda vazirlik tizimidagi pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani;


  • 2024-yil 1-may kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oziq-ovqat sifati va xavfsizligi bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijalari mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani;


  • 2024-yil 24-may kuni umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagoglarini malaka (test) sinovlaridan o‘tkazish yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani;


  • 2024-yil 7-iyun kuni Abu Ali Ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasini tashkil etish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani;


  • 2024-yil 12-avgust kuni “Umumta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun joriy etilayotgan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar” mavzusida matbuot anjumani;


  • 2024-yil 28-avgust kuni “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar va tizimdagi muhim islohotlar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani;


  • 2024-yil 29-oktyabrda “Jadidlar izidan” Respublika tanlovini tashkil etish va o‘tkazish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilgan.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq jurnalist Ilyos Safarov o‘tgan yillarni hozirgi kun bilan taqqoslab, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari hatto minglab bolalar zaharlangan paytlarda ham jamoatchilik qarshisiga chiqmaganiga e’tiroz bildirib, ta’lim siyosatini belgilovchi shaxslar hisoblangan vazir hamda uning o‘rinbosarlaridan hali birortasi ham ta’lim qaysi yo‘ldan ketayotgani haqida jamoatchilikka tushuntirish bermaganini qoralagandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Matbuot anjumani

Ulashish