O‘qituvchilar navbatchiligi yoxud qonunga kiritilmay qolgan norma
Pedagoglar navbatchiligi masalasi vaqti-vaqti bilan muhokamalarga sabab bo‘ladigan mavzulardan biri hisoblanadi. Yaqinda Kun.uz nashri tomonidan e’lon qilingan Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi maktablarning birida o‘qituvchilarining tun-u kun navbatchilikda turishga majburlangani haqidagi xabar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mazkur holat Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, o‘z tasdig‘ini topganidan so‘ng pedagoglarni navbatchilikka jalb qilgan direktor ishdan olindi.
Navbatchilik mashmashasi qachon tugaydi?
Bilamizki, hozirgi kunda ham maktab hududini nazorat qilish, tartibni saqlash, u yerga tashrif buyuradigan fuqarolar bilan ishlash uchun o‘qituvchilar navbatchilikka jalb qilib kelinadi. Xalqtaliminfo.uz'ning Telegram kanalida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalaridan ham buni bilish mumkin.
Navbatchilik qilish pedagoglarning lavozim majburiyatiga kirmasa-da, ammo maktab hududini nazorat qilish uchun o‘qituvchilardan tarkib topgan guruh doimiy ravishda navbatchilik qiladi.
Aslida normativ hujjatlarda ham, o‘qituvchining lavozim majburiyatlarida ham navbatchilik haqida hech qanday qoida mavjud emas. Ya’ni, navbatchilik qilish pedagoglarning kasbiy vazifasiga ham kirmaydi. Ularning yagona vazifasi – bolalarga ta’lim berish.
Pedagoglarni navbatchilikka jalb qilish masalasi juda ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan bo‘lib, mavzu shu qadar jiddiy tus olganligi uchun o‘qituvchilarni navbatchilikka jalb qilmaslik masalasi hatto Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi qonun loyihasining 5-moddasiga ham kiritilgandi. Ammo, noma’lum sabablarga ko‘ra bu norma qonun loyihasidan olib tashlangan.
“Kunlik navbatchilikni olib tashlolmaymiz” – vazirlik mulozimi
Maktablardagi navbatchilik masalasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida muhokama qilingan vaqtda deputatlardan biri pedagoglar navbatchiligini qonun bilan taqiqlash masalasini ko‘targan vaqtda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining sobiq mulozimlari – sobiq vazir o‘rinbosari Dilshod Kenjayev hamda yuridik bo‘lim boshlig‘i Xurshid Asrorovlar so‘zga chiqib, maktablardagi navbatchilik masalasi bo‘yicha turlicha tushuntirishlar berishga harakat qiladi.
Qizig‘i, vazirlikning sobiq yuridik bo‘lim boshlig‘i Xurshid Asrorov pedagoglarning kunlik navbatchiligini olib tashlamaslik kerak degan mazmunda taklif kiritadi.
“Mana maktablarda o‘qituvchilarning har bittasining dars soatlari belgilangan. Misol uchun, ertalab soat 8:30 da bolalar kelishini nazorat qilishda ma’lum, darsi birinchi soatda bo‘lmagan o‘qituvchilar pastda bolalarni kelib-ketishi hamda ularni telefon bilan kirishi yoki formada kirishini nazorat qilishadi. Endi bu ham navbatchilik sifatida tatbiq qilinadi.
Agarda hozir kunlik navbatchilikni ham olib tashlaydigan bo‘lsak, maktabni, maktab faoliyatini nazorat qilishda endi baribir o‘qituvchilarning roli katta bo‘ladi. Bu yerda administratsiyaning o‘ziga quvvati yetmasligi mumkin. Shu munosabat bilan kunlik navbatchilik masalasini qonun loyihasidan [tahrir] hozir chiqarib tashlasak, to‘g‘ri bo‘ladi”, - deydi Xurshid Asrorov.
“Navbatchilik uchun o‘qituvchiga oylik to‘lanadi” – sobiq vazir o‘rinbosari
Deputatlarning pedagoglar navbatchilik qilgani uchun ularga haq to‘lanadimi, degan mazmundagi savoliga o‘sha vaqtda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Dilshod Kenjayev mutlaqo kutilmagan javobni beradi.
Sobiq vazir o‘rinbosari Dilshod Kenjayev o‘qituvchilarning pedagogik yuklamasi mavjud ekanligini eslatib, navbatchilik qilish ham pedagogik yuklama tarkibiga kirishi, shu sababli pedagog xodimlar sentyabrdan boshlab may oyigacha navbatchilik qilishlari kerak, degan mazmunda javob beradi.
“Pedagogik “nagruzka” degan, ya’ni pedagogik yuklama degan bizda amaliyot bor. Ya’ni bu yerda o‘quv yuklamasi bor, u 20 soat bir stavkada ishlaydi va bundan tashqari uning pedagogik yuklamasi bor. Mana shu navbatchilik, ya’ni aynan o‘zining ish davrida, mana sentyabrdan boshlab may oyigacha uning o‘zini navbatchiligi bor.
Lekin qonun loyihasiga [tahrir] kuz-qish kiritilayotgani shuni anglatadiki, yillar davomida, issiqlik tizimi yoqilgan davrda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikka qo‘yilgan. Mana shu narsani bartaraf etish uchun bu norma kiritilyapti”, deydi u.
Dilshod Kenjayev mazkur javobiga qo‘shimcha qilib, navbatchilik pedagogik yuklamada mavjudligi, shu sababli buning uchun ular haq olishini ham alohida ta’kidlaydi.
“Navbatchilik o‘qituvchilarning pedagogik nagruzkasida turibdi, ya’ni u haq oladi unga. O‘zining navbatchiligi bor, har kuni turmaydi u. Masalan, darsi yo‘q o‘qituvchi o‘quvchini kutib oladi, darsi yo‘q o‘qituvchi o‘quvchini kuzatib yuboradi. Mana shu nuqtayi nazardan qo‘yilgan bu narsa. Ya’ni kunlik bor, bu lekin har kuni turadi degani emas. 50 ta o‘qituvchiga agar bo‘ladigan bo‘lsak, bir haftada bir marta yoki ikki haftada bir marta to‘g‘ri keladi navbatchilik”, deydi o‘shanda Dilshod Kenjayev.
Ammo, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi sobiq mulozimlarining javoblaridan qoniqmaganligini aytib, deputatning savoliga javob bera olmaganliklarini aytadi.
Navbatchilik pedagogning kasbiy faoliyatiga kirmaydi
Amaldagi me’yoriy hujjatlarda pedagoglarni navbatchilikka jalb qilish borasida hech qanday norma belgilanmagan. Shuningdek, bu pedagoglarning lavozim majburiyatiga ham kirmaydi.
Chunki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 16-maydagi 156-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim maktabi xodimlarining lavozim yo‘riqnomalaridan ham pedagoglarni navbatchilikka jalb etish nazarda tutilmagan.
Shuningdek, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlangan.
Ta’lim muassasalarida navbatchilik qilish esa pedagoglarning kasbiy faoliyatiga kirmaydi va buning uchun qo‘shimcha haq to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.
Izohlar 3
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Ayrim maktablar elektromobil bilan, o‘qituvchilar esa xorijga sayohat hamda 1000 AQSh dollar bilan taqdirlanadi
Hilola Umarovaga pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasi berildi
2025-yilda sababsiz dars qoldirgan 94 738 nafar o‘quvchining ota-onasiga jarima solindi
2025-yilgi attestatsiyada 60 foizdan ortiq o‘qituvchi o‘tolmagani ma’lum bo‘ldi
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
O‘quvchilarni maktab hududini obodonlashtirishga jalb qilgan direktorga 20 mln so‘m jarima solindi
Olib borilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, o‘quvchilarga go‘yoki tarbiyaviy jazo chorasi deb majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgan.
Yangiliklar
Maktabda obuna va majburiy mehnat aniqlansa, direktor ishdan ketadi – Sirdaryo hokimi
Sirdaryo hokimi bunda direktor bilan birga majburiy mehnatga rozi bo‘lgan o‘qituvchi ham ishdan olinishini aytdi.
Yangiliklar
Bugundan boshlab maktab va bog‘chalarda majburiy mehnat yuzasidan reydlar boshlanadi
Respublika bo‘yicha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida “Majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi” e’lon qilindi.
Yangiliklar
O‘zbekiston bolalar mehnatiga butunlay barham bergan davlat sifatida e’tirof etildi
Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro mehnat konferensiyada bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi model sifatida e’tirof etildi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang