Magistraturaga o‘qishga kirgan o‘qituvchi ishdan bo‘shashi kerakmi?
Savol
Men maktabda tarix fanidan dars beraman. Bu yil 14 soat dars oldim. Magistratura kunduzgi bo‘limga o‘qishga qabul qilindim. Endi men shu 14 soat bilan ham o‘qib, ishlasam ham bo‘ladimi yoki darslarim olinadimi?
Javob
O‘zbekiston Respublikasining Ta’lim to‘g‘risidagi O‘RQ-637-son qonunining 12-moddasiga asosan, magistratura tegishli bakalavriat negizidagi aniq mutaxassislik bo‘yicha o‘qish davomiyligi kamida bir yil bo‘lgan oliy ta’lim hisoblanadi.
Qonunchilikda magistraturada tahsil olayotgan talabalarga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishni taqiqlovchi norma mavjud emas. Ya’ni, talaba ta’lim bosqichidan qat’i nazar, qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomasi asosida ishlashi mumkin.
Ammo talabaning ta’lim jarayoni uning ish vaqti bilan o‘zaro kesishib qolmasligi kerak. Masalan, ayrim oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayonlari tushdan keyingi yoki kechki vaqtlarda tashkil etilishi mumkin. Shuningdek, o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq talabaning ishlashi uchun bo‘sh vaqt mavjud bo‘lishi ham mumkin. Bunday holatda talaba o‘qishini davom ettirgan holda qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirishga haqli.
Ma’lumki, Mehnat kodeksining 184-moddasiga muvofiq ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy va asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan, ya’ni alohida xususiyatga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlari, pedagoglar va boshqa toifadagi xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga ko‘pi bilan o‘ttiz olti soat qilib belgilanadi.
Shunga ko‘ra barcha pedagog xodimlar uchun haftalik ish soati 36 soatdan oshmaydi, bunda qonun chiqaruvchi 1 stavka uchun mazkur me’yorni belgilaydi.
Magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan pedagog xodim ish beruvchi bilan tuzilgan qo‘shimcha kelishuv asosida ish joyini saqlab qolishi ham mumkin. Bunda, masalan, ish beruvchi bilan kelishilgan holda 0,25 yoki 0,5 stavka kabi to‘liqsiz ish vaqti rejimi belgilanishi mumkin.
Biroq, ushbu stavkalarning aynan qaysi biri qo‘llanilishi talabaning o‘quv jadvali, bajariladigan mehnat vazifalari va ish beruvchi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga bog‘liq.
Xulosa qilib aytganda, magistraturada tahsil olayotgan talabaning ishlashiga qonunchilikda taqiq mavjud emas. Talaba o‘qishi bilan bir vaqtda mehnat faoliyatini ham olib borishi mumkin. Bunda ish vaqti ta’lim jarayoniga xalaqit bermasligi shart.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
2031-yilgacha barcha maktab darsliklari yangi alifboga o‘tkaziladi — vazir o‘rinbosari
Toshkentda maktab avtobuslariga ehtiyoj o‘rganilmoqda
Dars taqsimoti ortidan maktab direktori qamoqqa olindi
O'zbek
Izohingizni tahrirlang