Top.Mail.Ru
Vazirlik attestatsiya testlarini yana pullashni boshladimi?

Vazirlik attestatsiya testlarini yana pullashni boshladimi?

13:45 / 16.09.2026 157

Avvalroq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan sinov.uz platformasi orqali attestatsiya testlari 10 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotilayotgani haqida xabar bergandik.


Vazirlik har bir test materialining maxfiyligini ta’minlashi shart bo‘lsa-da, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ishlab chiqilgan attestatsiya sinov materiallari shu vaqtga qadar turli platformalarda ma’lum bir to‘lov evaziga pullab kelgan.


Rasmiylar ham attestatsiya testlari sotilayotganini rasman tan olib, buni sinov.uz platformasini yaratish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash bilan izohlagan bo‘lsa-da, o‘sha paytda bu masalaga vakolatli davlat organlari tomonidan huquqiy baho berilmagan.


E’tiborli jihati shundaki, attestatsiya bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bir nechta sud ishlarida vazirlik vakillaridan malaka toifasi sinovlarida foydalanilgan ayrim test savollarini ochiqlash so‘ralganda, vazirlik vakillari mazkur testlar uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilgani, ularni ochiqlash esa qonunchilikka zid ekanini alohida ta’kidlagan.

Ayni paytda esa sinov.uz platformasida attestatsiyaga tayyorgarlik uchun mo‘ljallangan testlar yana 25 ming so‘mdan sotuvga qo‘yilgan. Platformada turli fanlar bo‘yicha attestatsiyaga tayyorgarlik testlari mavjud.



Xalqtaliminfo.uz'da e’lon qilingan maqoladan so‘ng, vazirlik ma’lum bir bir muddat davomida sinov.uz platformasidagi testlarni bepul qilib qo‘ydi. Hozirda esa boshqa platforma — demotest.uzedu.uz ham qayta ishga tushirilgan. Unda 2026-yilgi attestatsiya sinovlariga tayyorgarlik uchun demo testlar bepul taqdim etilmoqda.


Pullik va bepul testlarning bir-biridan asosiy farqi nimada?


Agar demotest.uzedu.uz platformasiga bepul joylashtirilgan testlar sinov.uz platformasidagi testlar bilan mazmunan bir xil bo‘lsa, unda nega aynan shu yoki o‘xshash test materiallaridan foydalanish uchun pedagogdan 25 ming so‘m undirilmoqda?


Agar ular bir xil bo‘lmasa, unda pullik testlarning o‘ziga xosligi nimada? Ular kim tomonidan ishlab chiqilgan? Qaysi mablag‘lar hisobidan tayyorlangan? Ularning savollar bazasi qayerdan olingan? Vazirlik bu savollarga aniq izoh berishi kerak.


Asosiy savol esa hamon o‘sha-o‘sha: buning huquqiy asosi qayerda?


Avvalgi surishtiruvimizda ham asosiy masala testlarning pullik yoki bepul ekanida emasligini ta’kidlagandik. Asosiy masala — davlat budjeti hisobidan ishlab chiqilgan attestatsiya sinov materiallaridan tijorat maqsadida foydalanishning huquqiy asosi mavjud yoki mavjud emasligida.


Chunki, har qanday davlat tashkiloti tomonidan pullik xizmat ko‘rsatilishi uchun qonunchilikda aniq huquqiy asoslar bo‘lishi kerak. Ya’ni pullik xizmatni kimlar ko‘rsatishi mumkinligi, xizmatning turi, uning tartibi, narxlarni belgilash vakolati, tushgan mablag‘larning qayerga yo‘naltirilishi kabi masalalar qonunchilik va tegishli hujjatlar bilan tartibga solingan bo‘lishi kerak.


Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda test materiallaridan foydalanish bo‘yicha pedagog xodimlarga pullik xizmatlarni ko‘rsatish, bu orqali pedagoglardan yig‘ilgan summalar qay tartibda va qaysi maqsadlarda sarflanishi nazarda tutilmagan.

 

Ammo, nizomning 43-bandida attestatsiya jarayoni uchun sinov materiallari vazirlik tomonidan testologiyaning xalqaro talablari asosida, xolislik va maxfiylikni ta’minlagan holda shakllantirilishi alohida qayd etilgan.


Mablag‘lar platformani saqlash xarajatlari uchun yo‘naltirlgani masalaga to‘liq nuqta qo‘yadimi?


Avvalroq vazirlik vakillari attestatsiya testlarini pullashdan asosiy maqsadni sinov.uz platformasini yaratish va uni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash zarurati bilan izohlagan edi. Ammo bu izohning o‘zi ham bir qancha boshqa savollarni tug‘diradi:


  • Agar platformani yaratish va saqlash xarajatlari uchun pedagoglardan to‘lov undirilayotgan bo‘lsa, unda ushbu xarajatlarni qoplash mexanizmi qaysi hujjat bilan tartibga solingan?


  • Platformani yaratish xarajatlari qanchaga tushgan?


  • Ushbu platformani yaratish uchun davlat budjetidan hech qanday mablag‘ ajratilmaganligini asoslovchi hujjatlar bormi?


  • 25 ming so‘mlik to‘lov qaysi hisob-kitoblar asosida belgilangan?


  • Ushbu mablag‘lar davlat budjetiga yoki budjetdan tashqari hisob raqamiga tushadimi? 


  • Tushgan mablag‘lar yana qayerga, qanday maqsadlarga sarflanyapti?


Aslida, ushbu savollarga javob topilgan taqdirda ham attestatsiya test materiallarini ochiqlash, tarqatish, ularni ma'lum bir mablaglar evaziga pullash qonunchilikka zid hisoblanadi. Shu sababli, mazkur masala vakolatli davlat organlari tomonidan to‘liq o‘rganib chiqilib, unga huquqiy baho berilishi lozim. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa maqolada keltirilgan har bir savolga aniq izohlari bilan rasmiy javob berishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada maktab miqyosida ommalashtirilgan ish uchun sertifikat berilmasligi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ammo o‘qituvchilarga mazkur sertifikatlarni 49 ming so‘mdan sotish holati kuzatilgandi.


Shundan so‘ng, holat tasdig‘ini topgach, vazirlik buni Respublika ta’lim markazi xodimi tomonidan xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan holda noto‘g‘ri xatti-harakatlar amalga oshirilgani bilan izohlagandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya
  • Korrupsiya

Ulashish