Top.Mail.Ru
Farg‘onadagi uchta bog‘chada bolalar kasallanishi holati kuzatildi

Farg‘onadagi uchta bog‘chada bolalar kasallanishi holati kuzatildi

11:30 / 26.10.2026 130

Farg‘ona shahridagi 2-, 7- va 47-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida kasallanish holatlari kuzatilgani ma’lum qilindi. Bolalarda tana haroratining ko‘tarilishi, qorin og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi alomatlar kuzatilgan.


O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shikoyatlar bilan bolalar Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.


Dastlabki epidemiologik surishtiruv doirasida bolalar iste’mol qilgan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar o‘rganilgan. Jumladan, nonushta, tushlik va kechki tamaddi uchun iste’mol qilingan mahsulotlar hamda ularni yetkazib beruvchilar aniqlangan.


Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlardan laboratoriya tekshiruvlari uchun namunalar olingan. Ayni paytda epidemiologik surishtiruv va laboratoriya tekshiruvlari davom etmoqda.


2026-yil 26-oktabr soat 11:00 holatiga ko‘ra, 28 nafar bola yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Bemorlarning umumiy ahvoli barqaror bo‘lib, og‘ir ahvoldagi bolalar mavjud emas.


Shuningdek, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan yana 23 nafar bolaning ahvoli qoniqarli deb baholangan. Ularga tegishli tibbiy tavsiyalar berilib, uy sharoitida davolanishga ruxsat etilgan.


Hozircha bolalarning kasallanishiga aynan nima sabab bo‘lgani haqida yakuniy xulosa e’lon qilinmagan. Laboratoriya tekshiruvlari natijalari hodisa sabablarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ovqatdan zaharlanish

Ulashish