Top.Mail.Ru
Maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egasi” olib kelinadi

Maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egasi” olib kelinadi

13:13 / 02.11.2026 99

O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘qitishga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Endilikda maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun 500 nafar “til egasi” taklif etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 2-noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.


Ma’lumki, O‘zbekistonda ta’lim muassasalariga xorijlik pedagoglarni “til egalari” sifatida jalb qilish amaliyoti 2023-yildan boshlangan. Dastlab ingliz, nemis va fransuz tillaridan dars berish uchun 500 nafardan ziyod xorijlik pedagog jalb qilingan.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2026-yil 26-maydagi 184-sonli buyrug‘iga muvofiq, 2026–2027-o‘quv yilida maktablardagi xorijlik chet tili o‘qituvchilari sonini 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Hujjatda xorijiy mutaxassislarga qo‘yiladigan malaka talablari, ularni tanlab olish tartibi va faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari ham belgilangan.


Xorijlik pedagoglarning mehnatiga haq to‘lashda asosan ularning ish staji va malaka tajribasi hisobga olinmoqda. Shuningdek, ularning turar joy bilan bog‘liq xarajatlarini mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplash nazarda tutilgan.


Endilikda kelasi yildan maktab va texnikumlarda nemis tilidan dars berish uchun 500 nafar til egasini jalb qilish topshirildi. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarida nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini kelasi o‘quv yilidan boshlab ikki baravar oshirish vazifasi qo‘yildi.

“Yoshlarga ingliz tilini qanday o‘rgatayotgan bo‘lsak, nemis tili bo‘yicha ham shunday yondashuv kerak”, — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda mehnat migratsiyasiga tayyorlash bilan bir qatorda, mamlakat ichida xorijiy ish beruvchilar talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.


Qayd etilishicha, Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalari o‘zlariga zarur mutaxassislarni O‘zbekiston texnikumlarida tayyorlashga qiziqish bildirmoqda.


Xorijiy kompaniyalar buning uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va ta’lim muassasalarini zarur jihozlar bilan ta’minlashga ham sarmoya kiritishga tayyor.


Shu munosabat bilan Prezident bir oy muddatda 20 ta texnikumni tanlab olish va kelgusi yildan boshlab ularni xorijlik ish beruvchilar talablari asosida kadrlar tayyorlashga moslashtirishni topshirdi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Til egalari

Ulashish