Top.Mail.Ru
Hilola Umarova nima uchun xorijdan “til egalari” olib kelinganini izohladi

Hilola Umarova nima uchun xorijdan “til egalari” olib kelinganini izohladi

15:00 / 10.01.2025 742

2023-yildan boshlab ta’lim muassasalariga jami 500 nafardan ziyod xorijlik pedagoglar “til egalari” sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan dars berish uchun jalb qilindi.


2024-yildan boshlab “til egalari” soni 1 500 taga yetkazilib, 2025-yilda esa xorijdan jalb qilingan chet tili fani mutaxassislari sonini 2 000 nafarga yetkazish reja qilinmoqda.


Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 9-yanvar 5-sonida chop etilgan “Ta’lim tizimidagi bugungi islohotlar mamlakat ravnaqiga xizmat qiladi” sarlavhali maqolasida “til egalari” islohoti nima uchun amalga oshirilganiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.


Vazir Hilola Umarova “til egalari” islohotini quyidagicha izohladi

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ta’lim tashkilotlariga har yili “til egasi” bo‘lgan xorijlik 500 mutaxassisni olib kelish vazifasi belgilangan. Bunday amaliyotdan aksariyat davlatlar faol foydalanadi.

Masalan, birgina Buyuk Britaniya ta’lim sifatini oshirish uchun 2023-yilda 100 mingdan ortiq xorijlik o‘qituvchini jalb qilgan. Xuddi shunday tajriba Xitoyda ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har yili 400 minggacha chet tili o‘qituvchisi olib kelinadi.

Xalqaro tajribadan kelib chiqib, bizda ham mazkur loyiha doirasida belgilangan ishlar izchil davom ettirilyapti. Bunda, avvalo, xorijiy til o‘qituvchisiga qo‘yiladigan talablarimizni belgilab oldik. So‘ng xalqaro TESOL (Teaching English for Speakers of Other Languages) tashkiloti bilan maslahatlashdik, tahlil qildik, o‘rgandik.

Nufuzli rekruting kompaniyalari, ta’lim tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkazib, elchixonalar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatdik. Yakunda xalqaro sertifikatga va katta tajribaga ega 500 nafar xorijiy til o‘qituvchisini yurtimizga olib keldik. Natijada ular faoliyat yuritayotgan 500 ta maktab o‘quvchilarining til bilish darajasi hududlar bo‘yicha o‘rtacha 5 foizdan 15 foizgacha oshgan.

“Til egalari” bir haftada 20 soatlik dars bilan birga uch marta qo‘shimcha to‘garak mashg‘ulotlari o‘tadi hamda mahalliy o‘qituvchilarimiz uchun treninglar tashkil etadi. Yana bir muhim jihat shuki, dars mahalliy pedagog bilan birga o‘tiladi, ya’ni ular hamkor o‘qituvchi sifatida bir-birining o‘rnini to‘ldiradi. Buning foydali jihatlari ko‘p. Bir tomondan, xorijlik mutaxassis bilimini ham o‘quvchi, ham o‘qituvchiga ulashadi.

Ikkinchi tomondan, o‘qitish tizimimiz bilan yaqindan tanishib boradi. Odatda o‘quvchilarimiz IELTS sinovining tinglab tushunish yoki o‘qib tushunish qismi bo‘yicha yuqori ball oladi. Ammo yozish va gapirish ko‘nikmasiga kelganda, ochig‘ini aytish kerak, ballari pasayib ketadi.

Demak, produktiv qism uchun o‘quvchilarimizga qo‘shimcha yordam kerak. Shuning uchun xorijlik mutaxassislar bilan, asosan, til muhitini vujudga keltirish, ya’ni oson muloqot qilish, tushunish, gapirish ko‘nikmasini rivojlantirish juda muhim”, deydi Hilola Umarova.

Shuningdek, maqolada o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti haqida ham ma’lumot berilgan

“Har bir tuman (shahar)da bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarga ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunar o‘rgatish amaliyotini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish uchun 2023/2024 o‘quv yilida qator ishlar bajarilgan.

Jumladan, ikkinchi xorijiy til sifatida tanlangan ingliz, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy tillari bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqildi. O‘tgan o‘quv yilida jami 208 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida ikkita chet tilini o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Joriy o‘quv yilida bunday maktablar soni 354 taga yetkazildi”, deyiladi maqolada.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Til egalari

Ulashish