Top.Mail.Ru
Musiqa fani o‘qituvchilariga 20 foizgacha oylik ustama to‘lanadi

Musiqa fani o‘qituvchilariga 20 foizgacha oylik ustama to‘lanadi

19:50 / 12.11.2026 119

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan musiqa fani o‘qituvchilari uchun yangi rag‘batlantirish tartibi joriy etildi.

Endilikda ularga o‘quvchilarining cholg‘u asboblarini ijro etish darajasidan kelib chiqib, har oyda 5 foizdan 20 foizgacha ustama to‘lanadi.


Hukumatning 2026-yil 11-noyabrdagi 617-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan direktor jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.


Yangi tartibga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining musiqa fani o‘qituvchilariga o‘quvchilarining cholg‘u asboblarini ijro etish darajasi bo‘yicha to‘plagan ballariga qarab quyidagi miqdorlarda har oylik ustamalar belgilanadi:


  • 95–100 ball — 20 foiz;

  • 90–94 ball — 18 foiz;

  • 85–89 ball — 16 foiz;

  • 80–84 ball — 14 foiz;

  • 75–79 ball — 12 foiz;

  • 70–74 ball — 10 foiz;

  • 65–69 ball — 8 foiz;

  • 60–64 ball — 5 foiz.


Agar o‘quvchilarning cholg‘u ijrochiligi darajasi 60 balldan past baholansa, musiqa fani o‘qituvchisiga ushbu mezon asosida ustama tayinlanmaydi.


Ustama qanday tartibda to‘lanadi?


Qarorga muvofiq, ustamalar musiqa fani o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalariga nisbatan hisoblanadi. To‘lovlar umumta’lim muassasasi direktorining buyrug‘i asosida, direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Shu tariqa, musiqa fani o‘qituvchilarini rag‘batlantirishda o‘quvchilarning cholg‘u ijrochiligi bo‘yicha erishgan natijalari ham alohida mezon sifatida belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at xodimlari bilan sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuvda musiqa maktabi o‘qituvchilari ish haqiga o‘quvchilarining cholg‘ularni qay darajada ijro etishiga qarab, 20 foizgacha ustama to‘lanishi haqida aytgandi.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama

Ulashish