Top.Mail.Ru
Sinf rahbarlarining asosiy vazifalari nimalardan iborat?

Sinf rahbarlarining asosiy vazifalari nimalardan iborat?

23:51 / 07.02.2024 5.45k

Quyidagilar sinf rahbarlarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
ta’lim muassasasining tarbiyaviy tizimidagi tayanch pedagoglardan biri sifatida o‘ziga biriktirilgan sinfdagi o‘quvchilarning (keyingi o‘rinlarda sinf o‘quvchilari deb yuritiladi) belgilangan ta’lim va tarbiya olishlarini tashkil etish;

odob-axloq va ichki tartib qoidalariga muvofiq muomala va kiyinish madaniyatiga amal qilish, jamoada namunali bo‘lish;

o‘quvchilaming o‘sib-ulg‘ayishlarini pedagogik kuzatuvlar asosida nazorat qilish, yordamga muhtoj o‘quvchilarga yakka holda yondashish asosida ular qalbida milliy g‘urur, vatanparvarlik, mehr-oqibat, mas’uliyat, tashabbuskorlik, ishbilarmonlik kabi xislatlarni uyg‘otish;

sinf o‘quvchilarining ma’naviy va ma’rifiy tarbiyasini tashkil etishda o‘qituvchilar, psixolog, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda ota-onalar deb yuritiladi), ta’lim muassasasi rahbariyati orqali bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, mahalla, huquq-tartibot idoralari, tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlash;

voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi borasida voyaga yetmaganlarning nazoratsiz va qarovsiz qolishlari, o‘quvchilar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha o‘tkaziladigan “O‘quvchi”, “Davomat” kabi profilaktik reydlarda hamkorlik qilish.

Sinf rahbarlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalami ham bajarishi mumkin.


Sinf rahbarlari o‘zlariga yuklatilgan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

har tomonlama yetuk, barkamol, ma’naviy, aqliy, jismoniy rivojlangan shaxs tarbiyasini amalga oshirish, sinf o‘quvchilarining qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish;

pedagogik va o‘quvchilar jamoasi hamkorligida tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda har bir o‘quvchining o‘ziga xos xususiyatlariga qarab yondashishni yo‘lga qo‘yish;

ertalabki saflanishlarda sinf o‘quvchilarining belgilangan tartibda to‘liq ishtirok etishlarini ta’minlash;

biriktirilgan sinf xonasidagi mavjud jihozlarning saqlanishini va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash;

sinf rahbarlari o‘z faoliyatini o‘quvchilarning yosh xususiyatlari, umumiy rivojlanish darajasi va qobiliyatlarini hisobga olgan holda, keng qamrovli tarbiyaviy ishlar va aniq mezonlar asosida tashkil etadi.

Jumladan:

a)o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘nalishida:

o‘quvchilarni vatani va xalqiga sadoqat, fidoyilik, Davlat ramzlariga hurmat ruhida tarbiyalash;

o‘quvchilar ongiga buyuk ajdodlarimiz merosi va xalqimizning bugungi bunyodkorlik ishlariga yuksak ehtirom tuyg‘ularini singdirish, yurtimizdagi bunyodkorlik ishlari, inshootlar va ma’rifat maskanlari bilan ularni tanishtirib borish;

sinfda o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash muhitini yaratish, tarbiya jarayoniga boy madaniy merosimiz, milliy odob-axloq me’yorlarini tatbiq etish, mehnatga ijodiy munosabatni tarbiyalash;

o‘quvchilarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularni jamiyatda o‘z о‘rnini topa oladigan shaxs sifatida shakllanishlari uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirish;

o‘quvchilami o‘zbek va boshqa xalqlarning madaniy, tarixiy, milliy an’analariga hurmat ruhida tarbiyalash;

b)ota-onalar va mahalla bilan hamkorlik yo‘nalishida:

barkamol avlodni tarbiyalashda “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligidagi Jamoat kengashi faoliyatini keng tatbiq etish, aniq belgilangan reja asosida sinf ota-onalar majlislarini o‘tkazib borish;

o‘quvchilarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilash, jumladan, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, ota-ona qarovisiz qolgan, vasiylik va homiylikka berilgan voyaga yetmaganlaming ijtimoiy huquqlarini himoyalash;

o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga belgilangan maktab formasida kelishlarini nazorat qilish;

o‘quvchilar emaktab.uz elektron platformasidan foydalanishini nazorat va tahlil qilish, o‘quv qurollarining mavjudligi va to‘g‘ri tartibli saqlashlarini kuzatib borish, natijalarini ota-onalar bilan muhokama qilish;

o‘quvchilarning turli diniy oqimlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, ularda bu borada immunitet shakllanishi uchun targ‘ibot ishlarini olib borish;

ota-onalar bilan hamkorlikda ota-onalar majlislari, davra suhbatlari, muloqotlar uyushtirish, o‘tkazgan tarbiyaviy ishlari yuzasidan pedagogik kengashlarda hisobot berish;

darslarga surunkali va muntazam kelmaydigan, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan ishlashda ularning ota-onalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish va huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilish, natijalari bo‘yicha direktor huzuridagi yig‘ilishlarga ma’lumot kiritib borish;

o‘quvchilarni ota-onalar va kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ruhida tarbiyalash, ularga kamtarlik, saxiylik va saxovatparvarlik, insonlarga yordam berish, mehribonlik, mehnatsevarlik xislatlarini singdirib borish.

v)o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, maktabdan va sinfdan tashqari faoliyatga jalb etish yo‘nalishida:

o‘quvchilarning qiziqishi, imkoniyati va qobiliyatlariga qarab fan to‘garaklari, sport seksiyalari, badiiy-estetik, texnik, ekologik, sayyohlik va o‘lkashunoslik yo‘nalishidagi to‘garaklarga, klublarga jalb qilish;

qobiliyatli va iste’dodli o‘quvchilarni rag‘batlantirish, ularning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashish;

milliy madaniyatning asosi bo‘lgan musiqa va qo‘shiq, kino, adabiyot, xalq og‘zaki ijodi, teatr, naqqoshlik va me’morchilik kabi xalq amaliy san’ati turlari vositasida o‘quvchilar dunyoqarashini kengaytirish maqsadida ularni madaniyat maskanlariga ota-onalar bilan hamkorlikda jalb etish;

o‘quvchilarni yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olishini tashkil etish, kuzgi, qishki va bahorgi ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazishi uchun ota-onalar bilan hamkorlikda sharoit yaratish;

turli (bayramlar, ko‘rik-tanlov, sport musobaqalari, uchrashuvlar, kechalar va boshqalar) ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda sinf o‘quvchilarining faol ishtirokini ta’minlash;

g)o‘quvchilarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimini takomillashtirish yo‘nalishida:

sinf jamoasi bilan birgalikda sinf sardorlarini saylash va sinf ishlarini rejalashtirish, o‘quvchilar davomatini muntazam kuzatib borish va tahlil qilish;

o‘quvchilarni tabiatga muhabbat, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va asrab-avaylashga hamda tozalikka o‘rgatish, ekologik savodxonligini oshirish, ularda mehnatsevarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida sinf jamoasi bilan kelishgan holda “Sinf xonasi navbatchilari” reja-grafigini tuzib olish;

sinf o‘quvchilarining ehtiyoj va qiziqishlarini har tomonlama o‘rganish, ularni ahil jamoaga jipslashtirish va tashabbuskor o‘quvchilarni qo‘lab-quvvatlash;

har bir o‘quvchining o‘zi uchun kun tartibini tuzishlarini tashkil etish va uning bajarilishini ota-onalar hamkorligida nazorat qilish;

o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, har bir fuqaro, shaxs va muassasalar tomonidan bajarilishi shart bo‘lgan qonun hujjatlari, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida tushunchalar berib borish, qonunga hurmat hissini shakllantirish;

d)pedagogik jamoa bilan birgalikda:

sinf o‘quvchilarning ta’lim muassasasi (ustavida belgilangan) ichki tartib va odob-axloq qoidalarini bajarishlarini ta’minlash;

emaktab.uz elektron platformasi va boshqa hujjatlaming to‘g‘ri yuritilishini ta’minlash;

o‘quvchilar o‘zlashtirishini yuqori darajaga ko‘tarish, tartib-intizomni mustahkamlash maqsadida sinf majlislarini o‘tkazib borish;

o‘qishda yutuqlarga erishgan, umumiy foydali mehnatda, maktab hayoti va jamoatchilik ishlarida faol o‘quvchilarni taqdirlash, ularning ota-onasiga tashakkumoma, minnatdorchilik xatlari yuborish bo‘yicha taklif berish;

sog‘lom turmush tarzi, oilaviy hayot gigiyenasi hamda jismoniy tarbiya, zararli odatlardan saqlanish kabi masalalarga e’tibor berish;

o‘quvchilarning past o‘zlashtirish sabablarini aniqlash, bartaraf etish bo‘yicha tegishli fan o‘qituvchilari, maktab psixologi bilan birgalikda yordam berish;

ta’lim muassasasi tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilari, psixolog va ota-onalar bilan hamkorlikda o‘quvchilarning sog‘ligini muhofaza qilish, ma’naviy-ma’rifiy, jismoniy va aqliy jihatdan rivojlanishini nazorat qilish;

o‘quvchilarning ta’lim muassasasida texnika xavfsizligi, ularni muhofaza qilish, sanitariya-gigiyena qoidalari va me’yoriy talablariga rioya qilishini ta’minlash;

kasbiy malakasini oshirib borish, yo‘nalishi bo‘yicha turli seminarlarda ishtirok etish.

Sinf rahbarlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

Sinf rahbarlari zimmasiga mazkur yo‘riqnoma va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan vazifalarni yuklash, ularni ish vaqtidan tashqari, faoliyatiga oid bo‘lmagan yig‘ilishlarga va boshqa tadbirlarga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ta’lim muassasasidan tashqarida darsdan keyingi paytdagi o‘quvchilarning xatti-harakatlari uchun amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ularning ota-onalari javobgar hisoblanadi.

Bunday holatlarda sinf rahbarlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilmaydi.

 

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Pedagog
  • Sinf rahbari

Ulashish