Top.Mail.Ru
O‘quvchilar sochining uzunligi hatto qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan

O‘quvchilar sochining uzunligi hatto qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan

17:20 / 23.02.2024 6.31k

Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabida o‘g‘il bola o‘quvchilarning ommaviy ravishda sochi olinishi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Biz esa o‘quvchilar sochi uzunligi bo‘yicha qonunchilikda belgilab qo‘yilgan ayrim normalarni o‘rganishga harakat qildik.

Aslida sochning uzun yoki kaltaligi ta’lim sifatiga bog‘liq bo‘lmasada, lekin ayrim amaldorlarimiz o‘quvchilar sochi o‘sib ketishiga katta xavotir bilan qaraydi. Aksariyat hollarda sochi uzun o‘quvchilarga tartibsiz, maktab tartib-qoidalariga bo‘ysinmaydigan, ta’lim olishdan bo‘yin tovlaydigan boladek munosabatda bolishadi. Vaziyat shu darajagacha yetganki, o‘quvchilar sochining uzunligi hatto qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan.

Xabaringiz bo‘lsa, 2018-yil 15-avgustda Vazirlar Mahkamasining 666-son qarori bilan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi” nizom tasdiqlangandi.

Mazkur nizomning 7-bandida o‘g‘il bola o‘quvchilarning sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lmasligi nazarda tutilgan. Undan tashqari o‘g‘il bola o‘quvchilar nizom talablariga ko‘ra soqol qo‘ygan va sochini yorqin ranglarga bo‘yagan holda ta’lim muassasasiga kelishlariga taqiq qo‘yilgan. Shuningdek, barcha o‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozimigi belgilangan.

Nizomda o‘quvchilar tomonidan maktab formasini kiyishda ham alohida talablar belgilangan bo‘lib, kiyimlarning o‘ta tor yoki o‘ta keng bichimda bo‘lmasligi, qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan kamida 5-15 santimetrdan pastda bo‘lishi, oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland bo‘lmasligi hatto ko‘ylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan bo‘lishi ham belgilab berilgan.

Vazirlar Mahkamasining 666-son qarori imzolanishi jamoatchilik tomonidan salbiy qarshi olindi. Natijada esa yagona maktab formasi bo‘yicha hukumat to‘rt marotaba qaror qabul qilishga majbur boldi.

2019-yil may oyida o‘sha davrda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan Saida Mirziyoyeva maktab formasini majburiy qilishdan ko‘ra maktablardagi boshqa muammolarga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlab, majburiy maktab formasi talab qilinishiga hali erta deb aytdi.

Shundan so‘ng 2019-yil 19-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida 509-sonli qarori qabul qilinib, yagona maktab formasi 2019/2020-o‘quv yilidan emas, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab joriy etiladigan bo‘ldi. 

2022-yilning 19-may kuni esa hukumatning 271-sonli qarori bilan maktab formasi 2024/2025-o‘quv yilidan emas balki, 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab majburiy bo‘lishi haqida qaror qabul qilindi.

Keyinchalik esa ota-onalar va keng jamoatchilik tomonidan maktab formasining joriy qilinishi bo‘yicha turli-xil e’tirozlar bildirildi. Bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olinib, Vazirlar Mahkmasining 2022-yil 3-oktyabrdagi 558-sonli qarori bilan 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun tasdiqlangan shakllardagi yagona maktab formasini joriy etish talabi rasman bekor qilindi va yagona forma 2025-yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etiladigan bo
ldi.


Vazirlar Mahkamasining 666-son qarori ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lgan bo‘lsada, uning asosiy bandlari hali ham o‘z kuchida. Balki qonunchilikda o‘g‘il bola o‘quvchilarning sochi uzunligiga qo‘yilgan bu kabi talablar hali ham mavjudligi talim muassasalarida olib borilayotgan “sochga qarshi kurash”ga sabab bolayotgandir.

Eslatib o‘tamiz, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi 282-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”da o‘quvchilar sochi uzunli bo‘yicha hech qanday talablar belgilanmagan. Mazkur odob-axloq qoidalarida o‘quvchilarga sochlarini ozoda va tartibga keltirgan holda tutish talabi belgilangan xolos.

Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Ta'lim siyosati

Ulashish