Top.Mail.Ru
23-27-aprel kunlari vazir ustamasiga da’vogar pedagoglar uchun suhbat bo‘lib o‘tadi

23-27-aprel kunlari vazir ustamasiga da’vogar pedagoglar uchun suhbat bo‘lib o‘tadi

08:00 / 21.04.2024 4.64k
Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan pedagoglarga 9 oy mobaynida 5 mln 775 ming so‘mlik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Ma’lumki, bu yil vazir jamg‘armasidan oylik ustama oladigan pedagoglarning soni 1250 nafar etib belgilangan. Shundan 1150 ta kvota umumta’lim muassasalari pedagoglari uchun, 100 ta kvota Ixtisoslashgan ta’lim muassasalari pedagoglari uchun ajratilgan.

Vazir jamg‘armasidan oylik ustama oluvchi g‘oliblarni aniqlash nomzodlar orasida ikki bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqichda Bilim va malakalarni baholash agentligi  tomonidan barcha hududlarda nomzodlarning dars beradigan umumta’lim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlari o‘tkaziladi.

Ikkinchi bosqichda esa umumta’lim fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi.

Joriy yilning 23-27-aprel kunlari barcha hududlarda har oylik ustama to‘lanadigan nomzodlarning 2-bosqich kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha suhbat o‘tkaziladi.

Suhbat jarayoni qay tartibda o‘tkaziladi?
Suhbat Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy-amaliy psixologlar markazi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi rahbar va xodimlari hamda jamoatchilik vakilidan iborat Suhbat komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi.

Suhbat jarayonlari o‘tkazilayotgan joyda komissiya a’zolari va nomzoddan tashqari begona shaxslarning bo‘lishiga ruxsat berilmaydi.

Suhbat bosqichida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkazilgan 1-bosqich test sinovlari natijasiga ko‘ra maksimal ballning 80 foizi va undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar bilan kasbiy faoliyatiga doir tayyorlangan taqdimoti bo‘yicha suhbat o‘tkaziladi. Suhbat komissiyasi suhbat jarayonlarini baholash ishlarini elektron platformadan foydalangan holda amalga oshiradi.

Taqdimot hamda savol-javob uchun 15 daqiqa vaqt ajratiladi. Suhbat natijalari bo‘yicha baholash maksimal 10 ballik tizimda amalga oshiriladi. Bunda, 2-bosqichga chiqqan hamda nomzodning kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha suhbatdan 4 (to‘rt) balldan kam ball olgan nomzodlar g‘oliblikka tavsiya etilmaydi.

Suhbat natijasi bo‘yicha nomzodlar tomonidan to‘plangan ball Suhbat komissiyasi a’zolarining nomzodlarga qo‘ygan jami ball miqdorlarining o‘rtachasidan kelib chiqib belgilanadi.

Saralash natijalariga ko‘ra har oylik ustama belgilangan pedagog kadrlar ro‘yxatini tasdiqlash va ularga Jamg‘arma hisobidan ustamalarni to‘lash bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i qabul qilinadi.

Nomzodlarning kasbiy mahorati qanday mezonlar asosida baholanadi?

  • O‘qituvchining ta’lim jarayoniga hamda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishiga ta’sir etuvchi omillarni tahlil qila olishi – to‘liq yorita olsa 2 ball, qisman yorita olsa 1 ball, yorita olmasa 0 ball;

  • Ta’lim jarayonini rejalashtirishda ta’limning innovatsion shakllari va usullaridan foydalana olishi – to‘liq yorita olsa 2 ball, qisman yorita olsa 1 ball, yorita olmasa 0 ball;

  • Ilg‘or pedagogik hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega ekanligi – to‘liq yorita olsa 2 ball, qisman yorita olsa 1 ball, yorita olmasa 0 ball;

  • Taqdimotning mantiqiyligi va yaxlitliligi, asosiy g‘oyalarning shakllantirilganligi, pedagog faoliyatini to‘liq yoritilganligi – to‘liq yorita olsa 2 ball, qisman yorita olsa 1 ball, yorita olmasa 0 ball;

  • Taqdimotda fikrlarni to‘liq bayon etishi va xulosa qila olishi – to‘liq yorita olsa 2 ball, qisman yorita olsa 1 ball, yorita olmasa 0 ball.

Suhbat qaysi manzillarda bo‘lib o‘tadi?

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi
53-sonli umumta’lim maktabi (Nukus shahri 28-kichik tuman, Bog‘chilik MFY, 1- uy);

  • Xorazm viloyati
29-sonli umumta’lim maktabi (Urganch tumani, G’oybu qishlog’i, Turkmanlar mahallasi, Turkmanlar ko’chasi, 48-uy);

  • Andijon viloyati
Andijon shahridagi Prezident maktabi (Andijon shahri, A.Navoiy shox ko‘chasi, 73-uy);

  • Namangan viloyati
Namangan viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi (Namangan viloyati, Yangi Namangan tumani, Islom Karimov ko‘chasi, 23-uy);

  • Farg‘ona viloyati
40-sonli umumta’lim maktab (Farg‘ona shahri, Shodiyona MFY, Farobiy ko‘chasi, 7-uy);

  • Buxoro viloyati
Buxoro pedagogika kolleji (Buxoro viloyati, Buxoro shahar, Bog’i shamol ko‘chasi, 5-uy);

  • Navoiy viloyati
16-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan ixtisoslashgan maktab (Navoiy shahri, Nurafshon ko‘chasi, 15-a uy);

  • Jizzax viloyati
22-sonli umumta’lim maktabi (Jizzax shahri, N.Qo‘shoqov ko‘chasi, 42-uy);

  • Samarqand viloyati
Viloyat “Barkamol avlod maktabi” binosi (Samarqand shahri, Xotira maydoni, 51-uy);

  • Qashqadaryo viloyati
42-sonli informatika va AT ga ixtisoslashtirilgan maktab (Qarshi shahri, Aral MFY, 12-uy);

  • Surxondaryo viloyati
16-sonli umumta’lim maktabi (Termiz shahar, Bo‘ston MFY, At-Termiziy ko‘chasi, 35-uy);

  • Sirdaryo viloyati
1-sonli Ixtisoslashtirilgan maktab (Guliston shahri, Yangi hayot MFY, Binafsha ko‘chasi, 59-uy);

  • Toshkent viloyati
3-sonli IDUM. Toshkent viloyati, (O‘rtachirchiq tumani, Fayzabod MFY, Sahovat ko‘chasi, 75-uy);

  • Toshkent shahri
298-sonli umumta’lim maktabi (Toshkent shahar, Olmazor tumani, Beruniy ko‘chasi, B-1-uy).

Eslatib o‘tamiz, har oylik ustama to‘lanadigan nomzodlarning 2-bosqich kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha suhbat jarayonlari 23-27-aprel kunlari o‘tkaziladi.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • vazir jamg'armasi

Ulashish