Top.Mail.Ru
17-18-iyun kungi dam olish kunlari uchun mehnat ta’tiliga haq to‘lanadimi?

17-18-iyun kungi dam olish kunlari uchun mehnat ta’tiliga haq to‘lanadimi?

14:13 / 03.07.2024 4.49k

Savol

VMQ-263-son bilan belgilangan pedagog xodimlarning mehnat ta’tiliga 2024-yil 17-iyun (dam olish kuni dushanba), 18-iyun (qo‘shimcha dam olish kuni seshanba) uchun haq to‘lanadimi?


Javob

MK 216-moddasi 1-qismiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir.

Bundan tashqari, MK 233-moddasi 1-qismiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.

Yuqoridagi moddalar mazmunidan, har yilgi mehnat ta’tilining barcha kunlari uchun haq to‘lashligi anglashilmoqda.

Demak, biz yuqorida har yilgi mehnat ta’tilining barcha kunlari uchun haq to‘lanishi borasida o‘z pozitsiyamizni bayon qildik. Eng qizig‘i amaliyotda hozir 2 xil standart ketmoqda.  Ayrim tashkilotlar har yilgi mehnat ta’tilining barcha kunlari uchun haq to‘lashmoqda.

Endi esa “VMQ 263”ga o‘tamiz! O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi 263-son qaroriga ko‘ra, ushbu me’yorlarda keltirilgan xodimlarga yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili uchun haq to‘lashda yakshanba va bayram kunlari inobatga olinmaydi.

Aslida mana shu o‘rinda bayram kuni emas, ishlanmaydigan bayram kuni deyilishi to‘g‘ri bo‘lar edi. Chunki bayram kunlari 30 dan ortiq, ishlanmaydigan bayran kunlari esa 9 ta! Masalan, 2-iyul kuni ham Qonun bilan belgilangan bayram, Davlat gerbi qabul qilingan kun.

E’tibor bering, “VMQ 263”da yakshanba va bayram kunlari inobatga olinmaydi deb aytilmoqda. MK 208-moddasida 9 ta ishlanmaydigan bayram kunlari keltirilgan. 18-iyun esa qo‘shimcha dam olish kuni, bayram kuni emas.

17-iyun dushanba-chi? MK 208-moddasiga ko‘ra, dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Ya’ni 17-iyun dushanba bu yakshanba deganidir.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, 16-iyun (Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni), 17-iyun dushanbaga ko‘chgan yakshanba uchun haq to‘lanmaydi. 18-iyun qo‘shimcha dam olish kuni uchun esa haq to‘lanishi lozim deb hisoblaymiz!

Bundan tashqari MK 257-moddasiga ko‘ra, ish kunlarining o‘rtacha oylik sonining 25,3 ni hisoblashda ham qo‘shimcha dam olish kunlari hisobga olinmagan.

Ya’ni 365 (1 yildagi kunlar soni, kabisa yili mustasno) – 52 (1 yildagi yakshanbalar soni) - 9 (ishlanmaydigan bayramlar soni) = 304.  

304/12 (1 yildagi oylar soni) = 25.3 ya’ni bu son ish kunlarining o‘rtacha oylik sonini ifodalaydi. E’tibor berdingizmi, 25.3 da qo‘shimcha dam olishlar kunlari e’tiborga olinmagan!

Yana bir bor o‘z pozitsiyamizni eslatib o‘tamiz, aslida har yilgi mehnat ta’tilining barcha kunlari uchun haq to‘lanishi shart. Lekin afsuski, qonunchilikka boshqacha qoida kiritib qo‘yilgan.

Shu sababli, 17-iyun dushanbaga ko‘chgan yakshanba uchun haq to‘lanmaydi. 18-iyun, qo‘shimcha dam olish kuni uchun esa haq to‘lanadi.

Mehnat huquqiga oid maqolalarni Mehnat huquqi telegram kanalida ham kuzatib boring.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Mehnat ta'tili

Ulashish