Prezident yana bir bor ta’limga oid takliflarni ko‘rib chiqdi
Shavkat Mirziyoyev 2024-yilning o‘zida uchinchi bor ta’limga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu safar vazir Hilola Umarova maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Jumladan, qamrovni kengaytirish maqsadida maktablarning bo‘sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan o‘quv-metodik materiallar hamma bog‘chalarda ham to‘liq emas. Nodavlat muassasalar internet manbalaridan foydalanmoqda. Shuning uchun endi barcha dasturlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining veb-saytida joylashtirilishi hamda undan bepul foydalanilishi belgilanmoqda.
Ilg‘or xorijiy tajribada bolalarning aqliy va kognitiv salohiyati, jismoniy, ruhiy, ijtimoiy holati doimiy kuzatilib, tarbiya yo‘naltiriladi. Shundan kelib chiqib, Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida “Bolaning rivojlanish xaritasi”ni yuritish vazifasi qo‘yilmoqda.
Bog‘chalardagi pedagoglarning katta qismi o‘rta maxsus ma’lumotli. Sohada malaka oshirishning hozirgi muddati besh yilda bir marta. Bu jarayonni jadallashtirish maqsadida malaka kurslari oralig‘ida “Metodik mahorat soati” va “Metodik mahorat kuni” tadbirlarini o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.
Shuningdek, bu yo‘nalishdagi oliy ta’limda dual ta’lim shaklini ochish, sirtqi va kechki o‘quvlarda maqsadli kvotalarni oshirish taklif etilmoqda.
Bugungi kunda davlat bog‘chalarida davomat, oziq-ovqat xarajatlari qog‘oz shaklida to‘ldirilmoqda. Endi biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasini qo‘llagan holda hisobotlarni raqamlashtirish talabi qo‘yilmoqda.
Taqdimotda iqtidorli yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda bu borada tayyorgarlik va rag‘bat tizimi ancha o‘zgardi. 2022-yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro fan olimpiadalarida 45 ta medal olgan bo‘lsa, bu yil 113 taga yetganligi qayd etildi.
Ularni puxta tayyorlab, natijadorlikni oshirish uchun xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini 5-8-sinflardan boshlab saralab olish yo‘lga qo‘yiladi. Har bir fan bo‘yicha o‘quv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalar va qo‘llanmalar takomillashtirilib, o‘quvchi va murabbiylarga yetkaziladi. Terma jamoalarga chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi, xorijiy jamoalar bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkaziladi.
Bugungi kunda 22 ta xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Endi mukofotlanadigan olimpiadalar soni 28 taga oshiriladi. Respublika va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoa rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari hamda sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi.
Davlat rahbari takliflarni yanada sinchiklab o‘rganib, har tomonlama takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
Jismoniy tarbiya o‘qituvchilari endi toifa olish uchun ham test, ham amaliy imtihon topshiradi
A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti 90 yilligi: Xalqaro konferensiya qanday o‘tdi?
Endi musiqa fani o‘qituvchilari toifa olish uchun Madaniyat vazirligi imtihonidan ham o‘tadi
O‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha Ozarbayjon bilan qo‘shma loyihalar tashkil etiladi
Mavzuga doir yangiliklar
Musiqa, jismoniy tarbiya va CHQBT fani o‘qituvchilarini katta o‘zgarishlar kutmoqda
Ushbu fan o‘qituvchilari faoliyati tanqid qilindi
Vazir Hilola Umarova o‘z ish faoliyatini davom ettiradimi?
U parlament saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surgandi
2025-yilda ta’lim uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar 20 foizga oshiriladi
Bu haqda Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytildi
O'qituvchining oyligidan tortib, maktab formasi va maktab darsliklarigacha
Matbuot anjumanini Hilola Umarova ochib berdi
Izohingizni tahrirlang