Top.Mail.Ru
Shtatlar qisqarganda ham ayrim toifadagi xodimlarni ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi

Shtatlar qisqarganda ham ayrim toifadagi xodimlarni ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi

15:06 / 16.09.2024 4.99k

Ma’lumki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 30-avgust kungi 288-sonli buyrug‘i bilan umumta’lim muassasalaridagi psixolog, kutubxonachi hamda laborant lavozimlari qisqartirilmoqda.


Lekin ko‘pchilik qisqarishga tushayotgan xodimlar uchun mehnat qonunchiligida qanday imtiyoz va kafolatlar borligi haqida to‘liq ma’lumotga ega emas.


Ayrim toifadagi xodimlarning lavozimi qisqargan bo‘lsa ham, ularni ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi


Homilador, 3 yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollar bilan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqalanadi. (Korxona tugatilganligi bundan mustasno)


Umumta’lim muassasalaridagi shtatlar qisqarishi holatida tashkilot tugatilmayapti, faqatgina shtatlar qisqarmoqda.


Demak, bu toifadagi ayol xodimlar bilan Mehnat kodeksining 161-moddasining 2-qism, 2-bandiga ko‘ra shtatlar qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlanadi.


Shuningdek, Mehnat kodeksining 408-moddasida mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida homilador ayollar uchun kafolatlar, 409-moddada esa uch yoshgacha bo‘lgan bolasi bor xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdagi kafolatlar belgilangan.


Bundan tashqari Mehnat kodeksining 163-moddasida ham homilador ayollar va uch yoshgacha bolasi bo‘lgan xodimlar uchun kafolatlar berishni nazarda tutadigan talablarga rioya qilmasdan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlangan.


Oliy sudning 2023-yil 20-noyabrdagi 26-sonli plenum qarorining 22-bandida ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishning qonuniyligiga oid nizolarni hal qilishda sudlar mehnat shartnomasini bekor qilishda MKning 163-moddasida belgilangan taqiqlarni inobatga olishi alohida qayd etilgan.


Homilador yoki uch yoshgacha bolasi bo‘lgan xodimlar bilan ish beruvchi o‘zboshimchalik bilan ishdan bo‘shatib yuborgan taqdirda ham, agar xodimlar ish beruvchini sudga bersa, ular ishga qayta tiklanadi.


Bunda xodim bola parvarishlash ta’tilida yoki ishda bo‘lish-bo‘lmasligi mutlaqo ahamiyatsiz. Ya’ni, bu toifadagi xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmaydi.


Homilador yoki uch yoshgacha bolasi bo‘lgan xodimlarni ishdan bo‘shatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin


Chunki, Jinoyat kodeksining 148-moddasiga ko‘ra ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib ishdan bo‘shatish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.


Ishdan bo‘shashga ariza yozmang


Amaliyotda ayrim ish beruvchilar qisqarishga tushgan xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda turli xil aldov yo‘llari bilan yoki qistov yo‘li bilan xodimning arizasini olishga urinishadi. Shu sababli, qisqarishga tushgan bo‘lsangiz, ariza yozmang. 


Oliy sudning 2023-yil 20-noyabrdagi 26-sonli plenum qarorining 21-bandida sudlarning e’tibori, xodimni ariza yozishga nafaqat majburlash, bosim yoki tazyiq o‘tkazish, balki xodimda mehnat munosabatlarini tugatish istagi bo‘lmay turib, ish beruvchi tomonidan uni ariza yozishga faol ravishda undash harakatlari ham qistov sifatida baholanishi lozimligi qayd etilgan.


Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi qoidalar o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga ham birdek tatbiq qilinadi.

Ma’lumot uchun:
Mavzuga oid yana ko‘plab ma’lumotlarni mehnat huquqi bo‘yicha mutaxassis Muhammadamin Karimjonov ishtirokida o‘tkazilgan ovozli chat audiosidan ham topishingiz mumkin.


Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Qisqartirish
  • Mehnat huquqi

Ulashish