Qashqadaryolik o'qituvchilarning oylik maoshidan millionlab pullar o'zboshimchalik bilan ushlab qolinmoqda
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrining bir necha maktab o‘qituvchilaridan xalqtaliminfo.uz tahririyatiga yana murojaatlar kelib tushdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Shahrisabz shahri Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi buxgalteri o‘qituvchilarga direktor jamg‘armasi hisobidan tayinlangan ustama pullarini iyun-avgust oylarida to‘lab berishni moliyaviy xato deb topgan va o‘zboshimchalik bilan o‘qituvchilarning oylik maoshidan ushlab qolgan.
“Buxgalter 2021-yildan buyon iyun-avgust oylarida pedagog xodimlarga to‘lab berilgan ustama pullarini noqonuniy deb baholab, har oy o‘qituvchilarning oylik maoshidan ushlab qolinishini ma’lum qildi”, deydi tahririyatimizga murojaat yo‘llagan pedagoglardan biri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shahrisabz shahri 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 18 nafar o‘qituvchisidan, 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabidan esa jami 28 nafar o‘qituvchisidan 30 mln.dan ortiq summa ushlab qolingan.
Murojaatchilarning aytishicha, Shahrisabz shahrining qolgan barcha ta’lim muassasalarida ham xuddi shu ahvol.
Dastlab, joriy yilning 27-sentyabr kuni bir qancha pedagoglar shu masalada murojaat qilgach, holat yuzasidan O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashiga murojaat qilgandik. Respublika Kengashi esa shu kunning o‘zida murojaatchilarning masalasini ijobiy hal etib, holatni o‘z nazoratiga olgandi.
Bugun esa Shahrisabz shahrining yana boshqa ko‘plab pedagoglaridan murojaatlar kelib tusha boshlagach, shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi buxgalteri yana boshqa maktab pedagoglaridan noqonuniy tarzda mablag‘ ushlab qolish holatlarini to‘xtamagani ma’lum bo‘ldi.
Bizningcha, bu masala bilan faqatgina O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi emas, balki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham jiddiyroq shug‘ullanishi kerak deb hisoblaymiz.
Nima uchun bunday holatlar kuzatilyapti?
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra umumta’lim muassasalari pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga Jamg‘arma hisobidan har oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomning 4-bob, 24-bandiga ko‘ra o‘quv yili umumta’lim muassasalarida 2-sentyabrdan kelgusi yilning 25-mayiga qadar davom etadi va to‘rtta chorakka bo‘linadi.
Ya’ni, o‘quv yili deyilganda 2-sentyabrdan kelgusi yilning 25-mayiga qadar bo‘lgan muddat tushuniladi.
To‘g‘ri, 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda ustamalar o‘quv yili uchun belgilanishi nazarda tutilgan. Ammo, mazkur ustamalarni ma’lum bir davrlar oralig‘ida to‘xtatib turish haqida ham aniq norma belgilanmagan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi Nizomda ham o‘qituvchilar yozgi yillik mehnat ta’tilidan qaytgandan keyin ularga yangi o‘quv yili boshlangunga qadar faqatgina daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik hamda informatika kabineti mudirligi uchun qo‘shimcha haq to‘lovlari amalga oshirilmasligi belgilangan.
Ya’ni, mazkur nizomda direktor jamg‘armasi hisobidan pedagoglarga tayinlanadigan ustamalarni ma’lum bir vaqt oralig‘ida to‘xtatib turish nazarda tutilmagan.
Joriy yilning iyun oyida Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida moliyaviy tekshiruvlar o‘tkazilib, o‘qituvchilarga direktor jamg‘armasi hisobidan tayinlangan ustama pullarini iyun-avgust oylarida to‘lab berish moliyaviy xato deb topilgach, bu xabar respublikaning boshqa hududlariga ham tarqaldi.
Natijada esa ayrim iqtisodchi va buxgalterlar buni asosli deb hisoblab, o‘zboshimchalik bilan pedagoglarning oylik ish haqidan ushlab qolishni boshlab yubordi.
Aslida esa Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra, xodimga ortiqcha to‘langan ish haqi (shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar noto‘g‘ri qo‘llanilganda) undan undirilishi mumkin emas.
O‘ylaymizki, mazkur holatga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi nuqta qo‘yadi va aybdorlarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘radi.
Izohlar 1
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Vazirlik attestatsiya testlarini yana pullashni boshladimi?
MMTB mas’ullari 1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi
2031-yilgacha barcha maktab darsliklari yangi alifboga o‘tkaziladi — vazir o‘rinbosari
Toshkentda maktab avtobuslariga ehtiyoj o‘rganilmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Bugundan boshlab pedagog xodimlar oshirilgan maoshlar bo‘yicha oylik oladi
Ta’lim tizimi xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 5 mln so‘mga yetdi, ammo boshqa sohlardan hamon ortda qolmoqda. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab oylik maoshlar 7 foizga oshiriladi.
So'ragan edingiz
Maktabdagi kassir vazifasini o‘qituvchi yoki “zavuch”ga biriktirish mumkinmi?
G‘aznachi (kassir) vazifasini maktab o‘qituvchisi yoki o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga shunchaki direktorning xohishiga ko‘ra biriktirish qonunchilikka zid.
“Qizil” maktabda ishlayotgan o‘qituvchining shartnoma muddati tugasa nima bo‘ladi?
Shartnoma belgilangan talablarga mos tushmasa, mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan deb topiladi.
Yangiliklar
Anomal issiq sababli yopilgan bog‘cha xodimlarining ish haqi toʻliq toʻlab beriladi, ota-onalardan ham to‘lov undirilmaydi
Ma’lum bo‘lishicha, bekor turib qolingan vaqtga mutanosib ravishda bog‘cha xodimlarga ish haqini toʻliq toʻlash bo‘yicha ko‘rstma berilgan.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang