34 mingta bola nogironligi sabab ta’lim muassasasalariga bormayapti
Avval xabar berganimizdek, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘tkazilgan yig‘ilishda bog‘cha va maktab yoshidagi nogironligi bor bolalarning ta’lim bilan qamrovi Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida eng pastligi ko‘rsatib o‘tildi.
Respublika bo‘yicha bunday bolalarning 16,5 mingi maktabga, 17,5 mingi bog‘chaga bormaydi, yana 11 ming bola maxsus maktab-internatlarda ota-onasidan uzoqda o‘qiyapti.
Shuning uchun Ijtimoiy himoya agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyat hokimlariga 2025-yil 1-fevralgacha har bir tumanda bittadan bog‘chada inklyuziv ta’lim guruhini ochish vazifasi topshirildi. 2025-yil 1-sentyabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil qilinib, yana 1 ming 800 nafar nogironligi bor bola ta’lim olishi uchun sharoit yaratiladi.
Ijtimoiy himoya agentligiga harakati cheklangan bolalarga maktabga kelib-ketish xarajatining 75 foizini qoplash tizimini joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, mental va jismoniy nuqsoni bor bolalarni o‘qitadigan 90 ta maxsus maktabni ko‘p funksiyali maktabga aylantirish kerakligi ta’kidlandi. Bu orqali nogironligi bor 2 ming bola ota-onasi bilan yashab, yaqin hududdagi maktabda o‘qish imkoniga ega bo‘ladi. Yangi o‘quv yilidan Toshkent shahrida bitta shunday maktab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, namuna qilinadi.
Prezident shu yili nogironligi bor bolalar uchun 73 ta kunduzgi parvarishlash va “G‘amxo‘rlik” guruhlari tashkil qilinganligini ham ta’kidlab o‘tdi. Endilikda, bu sohaga xususiy sektorni olib kirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Ya’ni, tadbirkorlarga har bir bola uchun kuniga 100 ming so‘mdan subsidiya, xonalarni jihozlashga 30 million so‘mgacha arzon kredit ajratiladi.
Buning hisobiga Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida nogironligi bor 2 ming bolani kunduzgi parvarishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu tizim 2025-yil 1-oktyabrgacha qolgan viloyatlarda ham joriy qilinadi. Mutasaddilar oldiga kelgusi yilda 15 ming nogironligi bor bolani ta’limga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda xalqaro andozalar asosida nogironligi borlarga sport turlari ham kengaytirilishi, ularning bunga layoqati kasallik turiga qarab avtomatik belgilanishi qayd etildi. Natijada sport bilan shug‘ullanishga yo‘llanma olishi mumkin bo‘lgan nogironligi borlar soni 286 mingdan 440 mingga oshadi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda adaptiv sport qamrovini 1,6 barobarga oshirib, 45 mingga yetkazish topshirildi. Bu odamlarni sport bilan shug‘ullantiradigan murabbiylar oyligi 1-yanvardan 1,5 barobar oshiriladi.
Joylardagi 130 ta sport maktabi, 90 ta maxsus ta’lim muassasasi va 29 ta “Muruvvat” uyidagi sport obyektlari adaptiv sport turlariga moslashtiriladi. Joylarda 300 ta yangi “vorkaut” maydonchalari quriladi, ularda ham xuddi shunday sharoitlar bo‘ladi.
O‘tkazilgan yig‘ilishda shu yilning o‘zida mehribonlik va bolalar uylaridan 300 nafar o‘g‘il-qizlar oilaviy muhitga qaytgani aytildi. Hozirda oilaviy muhitdan ajralgan holda ta’lim-tarbiya olayotgan yana 500 nafar bola bor.
Mas’ul idoralarga Milliy gvardiya tajribasi asosida 500 nafar bolani oilaviy bolalar uyiga joylashtirish va ta’lim olishi uchun sharoit yaratish topshirildi. Nazoratsiz va qarovsiz bolalar yashashi, o‘qishiga ixtisoslashgan maktablar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqiladi, ularda bunday bolalar uchun 5 foiz kvota bo‘ladi. Bunda ushbu maktablarga bolalarni Ijtimoiy himoya agentligi yo‘llanmasi asosida yuborish ko‘zda tutiladi.
Umuman, nogironligi bor hamda ota-ona mehridan bebahra qolgan bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi va oilaviy muhitga qaytishini tashkil qilish masalalarini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
Vazir Hilola Umarovaga kambag‘allik yuqori 1 mingta mahallada bog‘cha ochish vazifasi yuklatildi
2025-yil 1-martgacha to‘garaklar ochilib, kambag‘al oiladagi 118 ming yoshlar o‘qitiladi
2025-yilda 81 mln nusxada darslik va mashq daftarlari chop etiladi
Maktablar yaqinida 30 km/s tezlikdan oshganlar jarima to‘laydi
Mavzuga doir yangiliklar
22 ta sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari umumta’lim maktabiga aylantiriladi
Ushbu maktab-internatlari inventarizatsiyadan o‘tkazildi.
Inklyuziv ta’lim sinflari ochilgan umumta'lim maktablarida alohida maxsus pedagog shtat birligi joriy qilinadi
Endilikda har bir inklyuziv ta’lim sinflari yoki boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar ochilgan umumta'lim maktablariga alohida "Maxsus pedagog" shtat birligi ajratiladi.
Izohingizni tahrirlang