Top.Mail.Ru
“Biz adolat istaymiz, biz 2 ball uchun kurashmayapmiz” — vazirlikni sudga bergan o‘qituvchi bilan suhbat

“Biz adolat istaymiz, biz 2 ball uchun kurashmayapmiz” — vazirlikni sudga bergan o‘qituvchi bilan suhbat

14:00 / 27.02.2026 708

Xabaringiz bor, to‘rt nafar tarix fani o‘qituvchisi attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ustidan sudga da’vo arizasi kiritgandi. Ular malaka toifasi uchun o‘tkazilgan attestatsiya natijalarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, ma’naviy zararni qoplashni talab qilgan. 


Tarix fanidan bo‘lib o‘tgan attestatsiya imtihonida “Yustinian I vafotidan so‘ng Vizantiyadan Ispaniyani tortib olgan qabilani belgilang” degan savol tushgan va to‘g‘ri javob sifatida “Langobardlar” olingan. MMTV huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi ushbu savolga manba sifatida 2022-yilda nashr qilingan 7-sinf jahon tarixi darsligini ko‘rsatgan. Da’vogar o‘qituvchilar esa mazkur savolga “Vestgotlar” javobini belgilagan.


Bu masala bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi. Maktab darsligidagi tarixiy xatolik va shu xato fakt asosida tuzilgan attestatsiya testi ortidan AQShning Pensilvaniya universiteti tarixchi-pedagogi, shuningdek, ispaniyalik olimlar hamda bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari ham mazkur masalani muhokama qilmoqchi.


Ushbu voqealar fonida aynan shu jarayonlarni boshidan o‘tkazgan, malaka toifasi uchun o‘tkazilgan attestatsiya natijalarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, ma’naviy zararni qoplashni talab qilib, sudga da’vo arizasi kiritgan andijonlik pedagog Nuriddin Ergashov bilan suhbatlashib, unga bir nechta savollar bilan yuzlandik.

Ayting-chi, nima uchun attestatsiya test savolidagi javobda aynan “vestgotlar” javobini tanladingiz? Bu shunchaki taxminmidi yoki ongli tanlov?

“Vestgotlar javobini biz ongli ravishda belgilaganmiz, chunki biz bu savolning javobini bilamiz. Bu ko‘r-ko‘rona belgilashga kirmaydi, chunki o‘rta asrlar tarixini bilgan odamki biladi, qolgan javoblar u savolga mos tushmaydi. Shuning uchun biz bu savolning javobini oldindan bilardik.

Chunki universitetda bu mavzularni yaxshi o‘qiganmiz, yaxshi o‘qitishgan. Shuning uchun buni javobini hech ikkilanmasdan men “vestgotlar” deb belgiladim. Chunki men, Farg‘ona davlat universitetida o‘qiganman. O‘rta asrlar bo‘yicha yaxshi ustozlardan ta’lim olganman. Shuning uchun men ikkilanmasdan “vestgotlar” javobini belgiladim.”

Bilamizki, bo‘lib o‘tgan bir nechta sud ishlarida Baholash markazi vakillari “Langobardlar Ispaniyani qisqa muddat bo‘lsa-da egallagan” degan mazmunda xulosa bergan. Bunga sizning munosabatingiz qanday?

“Baholash markazi “langobardlar” variantini to‘g‘ri javob sifatida olgan. Menimcha, buni o‘zlarining qilgan ayblarini berkitish maqsadida qilishgan. Chunki ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda ham o‘qib turibsizlar, AQSHning Pensilvaniya universitetidan bizga javob keldi.

Ispaniyaning Salamanca universitetidan, Fransiyaning Bordo universitetidan ham keldi va ularning javobi deyarli bir xil bo‘lyapti. Uchovi, demak, bir yerda joylashmagan bu oliygohlar. Uchovi ham uchta mamlakatda joylashgan. Demak, bir-biridan mustaqil bo‘lgan universitetlardan bir xil javoblar kelishi bu bizning fikrlarimiz to‘g‘riligini isbotlaydi.”

Bilasiz, bo‘lib o‘tgan sud majlislarida vazirlik vakillari tomonidan ayrim pedagoglar darslikni to‘liq o‘zlashtirmaganlikda ham ayblandi.

Ya’ni, vazirlik vakillari agar pedagoglar darslikdagi ma’lumotlarni to‘liq o‘zlashtirganida, darslikda qayd etilgan to‘g‘ri javobni belgilaydi, degan mazmunda munosabat bildirgandi. Bu ayblovlarga munosabatingiz qanday?

“Biz kitobni yaxshi o‘zlashtirganmiz, mukammal o‘zlashtirganmiz. Agar biz adashganimizda, balki boshqa variantlarda adashishimiz mumkin edi. Nima uchun biz arablarni belgilamadik, nima uchun biz boshqa variantni belgilamadik-da, aynan vestgotlarni belgiladik?

Nima uchun biz langobardlarni belgilamadik? Langobardlar javobi ham aslida variantlar orasida turgandi. Lekin biz o‘sha, o‘zimizning ilmimizga tayanib turib belgiladik, bu savolni. Shuning uchun buni bitta men emas, buni juda ham ko‘p ustozlar belgilab chiqqan. Bu, menimcha, to‘g‘ri javob bo‘lgan.”

Bo‘lib o‘tgan sud majlislaridan birida vazirlik vakili ayni shu savol xususida fikr bildirayotgan vaqtda “biz malaka toifasi test sinovlari uchun ishlab chiqilgan spetsifikatsiyadan tashqariga chiqmaganmiz, darslikda aynan Ispaniyani tortib olgan qabila langobardlar deb qayd etilgan, shu sababli pedagoglar attestatsiya test savolidagi variantlar orasidan aynan “langobardlar” variantini tanlashi kerak edi”, degan mazmunda fikr bildirgandi.


Pedagoglar esa buni darslikdagi xatolik sifatida ko‘rmoqda. Xo‘sh, agar shunga o‘xshash holat yana qayta takrorlansa, test sinovida darsliklarda ehtiyotsizlik oqibatida yo‘l qo‘yilgan xatolikdan savol tuziladigan bo‘lsa, shunday holatda pedagoglar dasrlikda yozib qo‘yilgan javobni belgilashi kerak deb hisoblaysizmi?

“Men bunga mutlaqo qarshiman. Chunki ustozning vazifasi o‘quvchilarning xatosini to‘g‘rilab ketish. Ya’ni, dasrliklarda xatoliklar bo‘ladi. Inson borki, xato qiladi. Kitobda xato ketdi degani, endi buni bolalarga shunaqa o‘rgatish kerak degani emas.

Xato bo‘lsa ham shu faktni yodlatish kerak, degan fikrga mutlaqo qarshiman.”

Nega 2 ball uchun bunchalik kurashyapsiz? Bunday tinimsiz tortishuv va qarshiliklarning asl sababi nimada? Vazirlik shu javob varianti uchun 2 ballni qo‘shib bersa, bu masala yopiladimi, sizningcha?

“Hammasi ikki ball atrofida bo‘lyaptimi? Yo‘q! E’tibor bering-da, agar masala faqat 2 ball atrofida bo‘lganida, biz 2 ball uchun harakat qilganimizda, biz keyingi, kuzgi attestatsiyaga ham kirib, ballarimizni ko‘tarib olishimiz uchun harakat qilsak, ko‘tarib olishimiz mumkin edi. 

Biz adolat istaymiz. Ya’ni qaysi ma’noda? Xato qilsak, tan olamiz. Deylik, Baholash markazi xato qildimi, shuni tan olishi kerak. Buni boshqacha yo‘l bilan xaspo‘shlab yoki boshqa narsalar qilish kerak emas.

Biz faqat adolat talab qildik xolos, ulardan. Va biz to‘g‘ri manbalar orqali buni isbotlashga harakat qildik. O‘sha o‘zbekistonlik yirik-yirik olimlar, kerak bo‘lsa, o‘sha kitob mualliflari, Fozila Sulaymonova kitoblari va siz bilgan o‘sha chet eldan, o‘sha xorijdan nufuzli universitetlarning xulosalari, nufuzli universitetlarning nufuzli tarixchilarning xulosalarini ham biz ularning oldiga qo‘ydik.”

Bo‘lib o‘tgan sud ishlaridan so‘ng umidingiz so‘nmadimi? Endi nima bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

“Yo‘q, umidim so‘nmadi, chunki men adolatga doim ishonib kelganman. Bo‘lib ham bugungi kunda Prezidentimiz, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich rahbarligida olib borilayotgan islohotlarning samarasiga ishonaman. Bu hech qanaqa balandparvoz gap emas, ishonaman, men. Xudo xohlasa, hali adolat qaror topadi.

Agar bu holat o‘zgarishsiz qoldirilsa va siz hozir ishonib kelayotgan fakt aksincha, vazirlik aytganidek bo‘lib chiqib, bu tasdig‘ini topadigan bo‘lsa, bundan buyog‘iga dars berayotgan o‘quvchilaringizga mavzularni qanday o‘rgatasiz?

Agar bu holat o‘zgarishsiz qolgan taqdirda ham, men bolalarga o‘zimning vijdonimdan kelib chiqib, bilganimni va to‘g‘ri deb, o‘sha kitoblardagi to‘g‘ri ma’lumotni, tekshirilgan ma’lumotni o‘rgatishga harakat qilaman. To‘g‘ri, ma’lumotni o‘rgataman.

Hech qachon kitobdagi ma’lumotni noto‘g‘ri bo‘lsa ham o‘rgatmayman. Uni men to‘g‘rilab, keyin o‘rgataman bolalarga. Bu bizning ustozlik vazifamiz.”

Jamoatchilikka va hamkasblaringizga qanday murojaat qilgan bo‘lardingiz?

“Endi hamkasblarimga, jamoatchilikka qanday murojaat qilishim mumkin? Agar kimdir vestgotlar javobini belgilagan bo‘lsa-yu, demak, unga ball berilmagan bo‘lsa, bunga tushkunlikka tushishlarini xohlamayman. Chunki adolat 100 foiz qaror topadi. Men bunga ishonaman.

Chunki, bugungi kunda mamlakatimizda inson qadri, ta’lim sifati ustun. Xudo xohlasa. To‘g‘ri, ba’zi kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Lekin baribir adolat qaror topadi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich olib borayotgan islohotlarga men ishonaman. Albatta, haqiqat qaror topadi. Demak, hali biz buni Xudo xohlasa, hali amalda ham ko‘ramiz degan umiddaman.”

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 11-fevral kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida da’vogarlar kiritgan apellyatsiya shikoyati ko‘rilmasdan qoldirilgach, Yustinian I vafotidan so‘ng Vizantiyadan Ispaniyani tortib olgan qabila vestgotlar ekanligini isbotlashga urinib kelayotgan tarixchi-pedagog Jalol Boltayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga rasmiy murojaat yo‘llagandi.


Ayni vaqtda bu masalani o‘rganib chiqish vazifasi Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyatiga yuklatilgan. 2026-yil 3-martga qadar Prezident Administratsiyasi tomonidan holatga to‘liq baho berilishi kutilyapti.



Izohlar 0

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • Attestatsiya
  • Sud ishi

Ulashish

line

Mavzuga doir yangiliklar

Bilasizmi?

Attestatsiyaga kech ariza topshirgan ayrim o‘qituvchilar puliga “kuyib” qolishi mumkin

Agar o‘qituvchilar arizani so‘nggi muddatlarda topshirsa va xatolikka yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, vazirlik tomonidan hujjatlar rad etilgandan keyin, o‘qituvchi uni qayta tahrirlay olmasligi mumkin.

06:00 / 21.02.2026
Yangiliklar

Attestatsiya masalasi bilan Prezident administratsiyasi shug‘ullanadi

Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilar bilan bog‘liq masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llangandi.

17:04 / 19.02.2026
Yangiliklar

O‘qituvchilar attestatsiyasi bo‘yicha prezidentga murojaat yo‘llandi

O‘qituvchilar buni oddiy texnik xato emas, balki, ilmiy asosning buzilishi, baholash tizimining ishonchliligiga putur yetkazuvchi institutsional kamchilik deya baholamoqda. Ular attestatsiyada beriladigan ballga emas, balki darslikdagi xatoni “to‘g‘ri javob” sifatida qabul qilinishiga qarshi chiqishmoqda.

14:04 / 16.02.2026
Yangiliklar

Pedagoglar attestatsiyasi bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi

Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilar bilan bog‘liq mojaro xorijga ham yetib bordi. Maktab darsligidagi tarixiy xatolik va shu xato fakt asosida tuzilgan attestatsiya testi ortidan AQShning Pensilvaniya universiteti tarixchi-pedagogi, shuningdek, ispaniyalik olimlar hamda bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari ham mazkur masalani muhokama qila boshladi.

10:36 / 12.02.2026