Vazirlik o‘qituvchilar malaka toifasi sertifikati muddatini o‘zboshimchalik bilan qisqartirib qo‘ydimi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi pedagoglar attestatsiyasi bilan bog‘liq yana bir muammoni keltirib chiqardi. Vazirlik tomonidan hali muddati tugamagan malaka toifa sertifikatlarining amal qilish muddati kutilmaganda, hech qanday ogohlantirishlarsiz o‘zgartirib qo‘yilgan.
Xabaringiz bor, 2026-yil 6-yanvardan malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlangandi va murojaat yuborish 1-martga qadar yakunlanishi belgilangan. Bahorgi attestatsiya uchun tayyorgarlik ishlari esa davom etmoqda.
Bir guruh pedagoglarning xalqtaliminfo.uz'ga ma’lum qilishicha, ularning hali muddati tugamagan malaka toifa sertifikatlarining amal qilish muddati kutilmaganda, hech qanday ogohlantirishlarsiz o‘zgartirib qo‘yilgan.
Ya’ni, aslida 2026-yil 31-dekabrda muddati tugashi kerak bo‘lgan sertifikatlarning amal qilish muddati vazirlikka tegishli bo‘lgan tizimda 2026-yil 30-iyunga o‘zgartirib qo‘yilgan.
Bu o‘zgarish haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hech qanday rasmiy axborot bermagan, o‘qituvchilar esa bu haqda attestatsiyaga ariza topshirish jarayoni boshlanganidan ancha vaqt o‘tibgina, og‘zaki ravishda xabardor qilingan. Bunga qadar esa sertifikat muddati tugamagan o‘qituvchilarning shaxsiy kabinetidan majburiy attestatsiyaga ariza topshirish imkoniyati ham yopiq bo‘lgan.
Hozirda ko‘pchilik pedagoglar navbatdan tashqari attestatsiya uchun ariza topshirib, tegishli to‘lovlarni ham amalga oshirgan. Ammo, sertifikatlar muddati o‘zgarib qolganligi haqida berilgan og‘zaki xabardan so‘ng, o‘qituvchilarning mazkur arizalari hech qanday sabablarsiz, qayta tahrirlanib, majburiyga o‘tkazib qo‘yilgan. Pedagoglar amalga oshirgan to‘lovlar ham ularga qaytarilmagan.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq navbatdagi majburiy attestatsiya natijalariga ko‘ra amaldagi malaka toifasi (lavozimi) oshirilgan, saqlangan yoki tushirilgan, shuningdek, navbatdan tashqari attestatsiya natijalariga ko‘ra amaldagi malaka toifasi (lavozimi) oshirilgan yoki saqlangan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga besh yildan so‘ng jalb etilishi kerak. Vazirlik tomonidan o‘qituvchilar malaka toifasi sertifikati muddatini qisqartirib qo‘yish esa nizom talablariga zid hisoblanadi.
Umuman olganda, ayni vaqtda pedagoglarga 2021-yilda berilgan qog‘oz ko‘rinishidagi malaka toifasi sertifikatida uning amal qilish muddati 2026-yil 31-dekabr etib belgilangan. Lekin vazirlik tomonidan o‘zgartirib qo‘yilgan sertifikatlarda esa uning tugash muddati 2026-yil 30-iyun etib belgilangan.
Hozirda sertifikat amal qilish qisqartirib qo‘yilgan ko‘pchilik pedagoglar navbatdagi attestatsiyaga ariza topshirishga ulgurmaganini ham aytmoqda.
Agar ular ariza topshirolmasa, o‘z-o‘zidan bahorgi attestatsiyada ham qatnasha olmaydilar. Natijada esa, ularning amaldagi malaka toifasi muddati 2026-yil 30-iyunda tugaydi va shu vaqtdan boshlab ularga malaka toifasi uchun ham qo‘shimcha haq to‘lash ham to‘xtatiladi.
Ularning orasida 2022-yilga qadar 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan, umrbod attestatsiyaga jalb qilinmaydigan pedagoglar ham bor. Ma’lumki, umrbod attestatsiyaga jalb qilinmaydigan pedagoglarga ham 2026-yil 31-dekabrda umrbodlik malaka toifasi sertifikati berilishi kerak edi.
Vazirlik kutilmaganda, hech qanday sabablarsiz toifa sertifikatlari amal qilish muddatini o‘zgartirib qo‘yganligi ortidan umrbod attestatsiyaga jalb qilinmaydigan pedagoglarning amaldagi toifa sertifikati ham kuyib ketishi mumkin.
Avvalroq, vazirlik pedagoglarning “Yil o‘qituvchisi” natijalarini ham hech qanday tushuntirish va ogohlantirishlarsiz o‘zgartirib qo‘ygandi. Bu haqda xalqtaliminfo.uz’da maqola e’lon qilinganidan keyingina rasmiy izoh berilgandi.
Bu safar ham vazirlik aynan shunday yo‘l tutgan ko‘rinadi. O‘ylaymizki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holat yuzasidan rasmiy axborot beradi.
Izohlar 23
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
19-noyabrdan “Jadidlar izidan” respublika tanlovining hududiy bosqichi boshlanadi
“Ta’lim tizimida tartib o‘rnataman” — Erkinjon Turdimov
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari milliy sertifikat imtihonida nega 90 ta test topshiradi?
Buxoroda maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish rejalashtirilmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
So'ragan edingiz
Attestatsiya vaqtida kompyuter ishlamay qolsa nima qilish kerak?
Attestatsiya jarayonida test topshirayotgan paytimda kompyuter ishlamay qolsa yoki texnik nosozlik sababli testni davom ettira olmasam, bu holatda testni qayta topshirishim mumkinmi?
So'ragan edingiz
Milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 70 foizlik ustama uchun ball beradimi?
Qo‘shimcha ustama faqat malaka sinovida (ikkala bosqichda) ishtirok etib, oliy va birinchi malaka toifasiga erishgan (yoki saqlagan) pedagoglarga beriladi.
So'ragan edingiz
Haj safari sababli attestatsiyada qatnasha olmagan o‘qituvchilar uchun imkoniyat beriladimi?
Uzrli sabablarga ko‘ra malaka (test) sinovlarida ishtirok eta olmagan pedagoglar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tadigan kunlar Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan e’lon qilinadi.
Yangiliklar
Farg‘onada attestatsiya test savollarini rasmga olib tarqatgan o‘qituvchi aniqlandi
Mazkur holat yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholaş ilmiy-amaliy markazi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasida Farg‘ona viloyatidagi 26-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi X.N.K. ruxsat etilmagan maxsus qurilma yordamida test savollarini suratga olgani aniqlandi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang