Top.Mail.Ru
O‘qituvchilarga direktor jamg‘armasi hisobidan ustama tayinlashning to‘liq tartibi qanday?

O‘qituvchilarga direktor jamg‘armasi hisobidan ustama tayinlashning to‘liq tartibi qanday?

09:00 / 01.07.2026 490

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida” nizomga ko‘ra pedagog, psixolog va kutubxona xodimlari bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 10 foizdan – 40 foizgacha bo‘lgan miqdorda tayinlanishi belgilangan.



Bunda pedagog xodimlar ish faoliyati 9 ta mezon bo‘yicha, jami 100 ballik tizimda baholanadi. Pedagog xodimlarning faoliyatini baholash mezonlari asosida toʻplagan umumiy ballari boʻyicha ularga quyidagi miqdorlarda ustama haq belgilanadi:


  • 65 — 70 ball toʻplasa — 10 foiz;

  • 71 — 75-ball toʻplasa — 15 foiz;

  • 76 — 80 ball toʻplasa — 20 foiz;

  • 81 — 85 ball toʻplasa — 25 foiz;

  • 86 — 90 ball toʻplasa — 30 foiz;

  • 91 — 95 ball toʻplasa — 35 foiz;

  • 96 — 100 ball toʻplasa — 40 foiz.


Quyida har bir baholash mezonini hisoblab chiqish usullari bilan yaqindan tanishib chiqamiz.


Oʻquvchilarning choraklik baholarining oʻrtacha qiymati

Bu mezonda oʻqituvchi dars oʻtayotgan sinflardagi oʻquvchilarning choraklik oʻrtacha baholari oʻzlashtirishning sifat (“4” va “5” baho (yangi baholash tizimida 66 — 100 ball) koʻrsatkichi asosida aniqlanadi. 


Bunda ko‘rsatkichlarga qarab pedagoglarga quyidagicha ball beriladi:


  • sifat koʻrsatkichi umumiy oʻquvchilar sonining 56 — 70 foizini, shu jumladan, murakkab fanlar (ona tili, rus tili, chet tili, matematika, fizika, kimyo, biologiya) yoʻnalishlarida 56 — 65 foizini tashkil etganda — 3 ball;

  • sifat koʻrsatkichi umumiy oʻquvchilar sonining 71 — 85 foizini, shu jumladan, murakkab fanlar (ona tili, rus tili, chet tili, matematika, fizika, kimyo, biologiya) yoʻnalishlarida 66 — 80 foizini tashkil etganda – 4 ball;

  • sifat koʻrsatkichi umumiy oʻquvchilar sonining 86 foizi va undan yuqorini, shu jumladan, murakkab fanlar (ona tili, rus tili, chet tili, matematika, fizika, kimyo, biologiya) yoʻnalishlarida 81 foizdan yuqorini tashkil etganda – 5 ball.


Mazkur ko‘rsatkich uchun o‘qituvchilardan hech qanday asoslovchi hujjat talab etilmaydi. Bunda, ishchi guruh o‘qituvchi dars berayotgan o‘quvchilarining bilimi, malakasi va ko‘nikmalarining muayyan sinf va o‘quv fani bo‘yicha umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiqligini sinf jurnallaridagi qaydlar orqali tahlil qiladi va tahlil natijalariga qarab, yuqorida ko‘rsatilgan ballar bo‘yicha baholaydi.


Fan olimpiadasi va boshqa koʻrik tanlovlarni hisoblash

Pedagoglar fan olimpiadasi va boshqa koʻrik tanlovlar, musobaqalar, tadbirlarning tuman (shahar) bosqichida oʻquvchisining ishtiroki uchun 25 ballgacha baholanadi. Mazkur baholash mezonlari faqat yuqori sinf (5 — 11-sinf) oʻqituvchilari faoliyatini baholashda qoʻllaniladi.

Bunda yuqori sinf (5 — 11-sinf) oʻquvchilarining olimpiada, tanlovlar, musobaqalar va boshqa tadbirlardagi ishtiroki va natijalari asosida baholanadi. 


Natijalarga qarab yuqori sinf (5 — 11-sinf) oʻqituvchilariga quyidagicha ball beriladi:


  • tuman (shahar) miqyosidagi olimpiada, tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashib, oʻquvchilari eng quyi gʻolib koʻrsatkichining 55 foizidan yuqori natijalarni koʻrsatganda – 5 ball;

  • tuman (shahar) miqyosidagi olimpiada, tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashib, oʻquvchilari eng quyi gʻolib koʻrsatkichining 70 foizidan yuqori natijalarni koʻrsatganda – 10 ball;

  • tuman (shahar) miqyosidagi olimpiada, tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashgan oʻquvchilari 1-, 2-, 3-oʻrinlarni (shuningdek, toʻgʻridan toʻgʻri xalqaro fan olimpiadalaridan ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni) egallaganda – 25 ball.


Bunda ishchi guruh tomonidan ushbu bandning 1, 2-reyting bahosi ko‘rsatkichlari uchun o‘quvchilarning tuman (shahar) miqyosidagi olimpiada, tanlov va boshqa tadbirlardagi ishtiroki va natijalari to‘g‘risida tuman (shahar) tashkiliy qo‘mitasi (ishchi guruh)ning tegishli qaroridan ko‘chirma olinadi.


Ushbu bandning 3-reyting bahosi ko‘rsatkichlari uchun o‘qituvchi tomonidan ishchi guruhga o‘quvchisining g‘oliblik (1, 2 yoki 3-o‘rin)ni qo‘lga kiritganligini tasdiqlovchi diplom (sertifikat va boshqa) taqdim etiladi.


E’tibor bering, bunda turli onlayn olimpiada yoki nodavlat muassasalari tomonidan o‘tkazilgan olimpiadalarda egallangan g‘oliblik natijalari, shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi buyrug‘i bilan  tasdiqlanmagan fan olimpiadalari, ko‘rik tanlovlar, musobaqalar va tadbirlar natijalari ustama olishga asos bo‘lmaydi.


Ma’lumki, har yili Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan pedagog xodimlarga direktor jamg‘armasi hisobidan ustama belgilashda inobatga olinadigan fan olimpiadalari, ko‘rik tanlovlar, musobaqalar va tadbirlar ro‘yxati e’lon qilinadi.


Pedagog xodimlar faoliyatini fan olimpiadalari, ko‘rik tanlovlar, musobaqalar va tadbirlardagi natijalar bo‘yicha baholashda aynan vazirlik tomonidan belgilab berilgan tanlovlar hisobga olinishi lozim.


Hozirda vazirlikning 2025-yil 13-yanvardagi 03-14-75-sonli xatiga ilova shaklida tasdiqlangan tanlovlar ro‘yxati mavjud. Shuningdek, vazirlikning 2026-yil 30-yanvardagi 35-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan ro‘yxat ham mavjud.

2025/2026-oʻquv yili uchun ustamalar belgilashda 2025-yil 13-yanvardagi 03-14-75-sonli xatiga ilova shaklida tasdiqlangan tanlovlar ro‘yxati inobatga olingan.


2026-2027-o‘quv yili uchun ustamalar belgilashda esa 2026-yil 30-yanvardagi 35-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan ro‘yxatdagi tanlovlar hisobga olinadi.


Boshlangʻich sinf (1 — 4-sinf) oʻqituvchilari faoliyatini baholash


E’tibor bergan bo‘lsangiz, pedagog xodimlar faoliyatini baholashda oʻquvchilarining maktab miqyosidagi tanlov va boshqa tadbirlardagi ishtiroki yuqori sinf o‘qituvchilari uchun alohida, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun alohida-alohida hisoblanmoqda.


Shu sababli, boshlangʻich sinf (1 — 4-sinf) oʻqituvchilari faoliyati 1 — 4-sinf oʻquvchilarining maktab miqyosidagi tanlov va boshqa tadbirlardagi ishtiroki natijalari asosida baholanadi.


Bunda o‘quvchilarning natijasiga qarab, pedagoglarga quyidagi ballar beriladi:


  • maktab miqyosidagi tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashgan oʻquvchilari toʻplashi mumkin boʻlgan maksimal ballning ulushi 55 — 70 foizni tashkil etganda – 5 ball;

  • maktab miqyosidagi tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashgan oʻquvchilari toʻplashi mumkin boʻlgan maksimal ballning ulushi 71 — 85 foizni tashkil etganda – 10 ball;

  • maktab miqyosidagi tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashgan oʻquvchilari toʻplashi mumkin boʻlgan maksimal ballning ulushi 86 — 100 foizni tashkil etganda – 25 ball.


E’tibor bering, pedagog xodimlarga tanlovlar uchun ball berishda faqatgina maktab direktori buyrug‘i bilan maktab miqyosida o‘tkaziladigan tanlov va boshqa tadbirlar hisobga olinadi.


Ya’ni, umumta’lim muassasasi miqyosida o‘tkaziladigan tanlov va boshqa tadbirlar umumta’lim muassasasi direktori buyrug‘i asosida o‘tkazilishi hamda o‘zining tasdiqlangan nizomi va o‘tkazish tartibiga ega bo‘lishi talab etiladi.

Izoh: Mazkur ko‘rsatkich uchun o‘qituvchilardan asoslovchi hujjat talab etilmaydi.

Ishchi guruh tomonidan ushbu bandning barcha reyting bahosi ko‘rsatkichlari uchun boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining maktab miqyosidagi tanlov va boshqa tadbirlardagi ishtiroki natijalari haqida tanlov yoki tadbirning hakamlar hay’ati yig‘ilishi qarorining ko‘chirmasi olinadi.


Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarning tanlovlardagi ishtiroki uchun yuqori sinf o‘qituvchisiga ball bersa bo‘ladimi?

Ba’zi hollarda yuqori sinf o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflarda dars berish holati kuzatiladi. 


Shunday vaqtda shu sinfdagi o‘quvchilar natijasi uchun yuqori sinf o‘qituvchilari ustama uchun ball berishni talab qiladi. Lekin bu noto‘g‘ri talab hisoblanadi. (Agar o‘qituvchining asosiy ishi yuqori sinfda dars berish bo‘lsa.)


Chunki, maktab miqyosidagi tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashgan o‘quvchilar natijalari faqat boshlang‘ich sinf (1 — 4-sinf) o‘qituvchilari faoliyatini baholashdagina qo‘llaniladi. Ya’ni, bu boshlang‘ich sinflarga dars beradigan boshqa fan o‘qituvchilariga ball berishga asos bo‘lolmaydi.


Fan o‘qituvchilariga faqatgina o‘quvchilari tuman (shahar) miqyosidagi olimpiada, tanlov va boshqa tadbirlarda qatnashib, natija ko‘rsatgandagina ustama uchun ball berishga asos bo‘ladi.


Ya’ni, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini baholashda maktab miqyosidagi tanlov va boshqa tadbirlar hisobga olinadi, fan o‘qituvchilarini baholashda esa tuman (shahar) miqyosidagi olimpiada, tanlov va boshqa tadbirlar hisobga olinadi.


Oʻqituvchi ish tajribasining ommalashtirilganligi

Usbu mezonda oʻqituvchi ish faoliyati maktab, tuman (shahar), viloyat va respublika miqyosida ommalashtirilganligiga qarab, pedagog xodimlar 5 balldan 15 ballgacha baholanadi. 


Ballar quyidagi tartibda hisoblanadi:


  • ish tajribasi maktab miqyosida ommalashtirilganda — 5 ball;

  • ish tajribasi tuman (shahar) miqyosida ommalashtirilganda – 8 ball;

  • ish tajribasi viloyat miqyosida ommalashtirilganda – 10 ball;

  • ish tajribasi respublika miqyosida ommalashtirilganda – 15 ball beriladi.


Ushbu bandning barcha reyting bahosi ko‘rsatkichlari uchun o‘qituvchilar tomonidan ishchi guruhga ish tajribasining ommalashtirilganligi haqida tegishli kengash qarori hamda ommalashtirilgan tajriba metodik majmuasi (tavsiya, qo‘llanma, video va boshqa materiallardan biri) taqdim etiladi.


Bunda, metodik majmua shakliga qarab, faqatgina elektron shaklda CD (DVD) diskda ham taqdim etilishi mumkin.


Ish tajriba boshqa maktabda ommalashtirilgan bo‘lsa ball beriladimi?


Agar o‘qituvchining ish tajribasi maktab miqyosida ommalashtirilgan bo‘lsa va o‘qituvchi ayni vaqtda boshqa maktabda ishlayotgan bo‘lsa, uning avvalgi ish joyidagi ommalashtirilgan ish tajribasi uchun ball berilmaydi.


Chunki, maktab miqyosida ommalashtirilgan ishga ball berish uchun ishchi guruhga ta’lim muassasasi miqyosida ommalashtirilganligi to‘g‘risida Pedagogik kengash qarorining elektron nusxasi taqdim etilishi lozim.


Ishchi guruh maktab miqyosida ommalashtirilgan ishga ball berishi uchun esa o‘qituvchining ish tajribasi aynan shu maktabda ommalashtirilgan bo‘lishi lozim.


E’tibor bering, agar pedagog xodimning ish tajribasi tuman (shahar), viloyat yoki respublika miqyosida ommalashtirilgan bo‘lsa, unda pedagog xodim ish joyini o‘zgartirgan taqdirda ham ball berilishi mumkin.


Maktab miqyosida ommalashtirilgan ish platformaga joylanmasa ball beriladimi?


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 27-fevraldagi 84-sonli buyrug‘i bilan o‘qituvchilar ish tajribasini ommalashtirishning yangi tartibi tasdiqlangan.


Mazkur tartibga ko‘ra, metodik ish uchun ilmiy darajaga va (yoki) ilmiy unvonga ega bo‘lgan pedagoglardan ijobiy taqriz olingach, maktabning metod birlashmasi tomonidan muhokama qilinadi. Metodbirlashma metodik ishni ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etgan taqdirda, uni maktab miqyosida ommalashtirish uchun maktabning Pedagogik kengashiga tavsiya etadi. 


Metodbirlashma tavsiyasi asosida Pedagogik kengash metodik ishni belgilab qo‘yilgan talablar va baholash mezonlariga muvofiqligini o‘rganib chiqadi hamda metodik ishni maktab miqyosida ommalashtirish yoki ommalashtirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.  


Agar metodik ish ijobiy baholanib, ommalashtirishga loyiq deb topilsa, Pedagogik kengash qarori bilan maktab miqyosida ommalashtiriladi va ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtirilib keyingi bosqichga yuboriladi. 


E’tibor bering, maktab miqyosida ommalashtirilgan metodik ishni ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtirish sharti faqatgina keyingi bosqichlar uchun belgilangan qoida hisoblanadi.


Ya’ni, maktab miqyosida ommalashtirilgan ish tajriba uchun ustamaga ball hisoblashda metodik ishning platformaga joylashtirilganligi yoki joylashtirilmaganligi mutlaqo ahamiyatsiz.


O‘qituvchilarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ko'ra maktab miqyosida ommalashtirilgan metodik ishlar uchun sertifikat berilmasligi va metodik ishning maktab miqyosida ommalashtirilganligini tasdiqlovchi hujjat sifatida maktab Pedagogik kengashining qarori asos hisoblanishi belgilangan.


Shu sababli, maktab miqyosida ommalashtirilgan ish tajriba uchun ustamaga ball hisoblashda pedagogik kengash qarorining o‘zi yetarli hisoblanadi.


2021-2022-yillarda ommalshtirilgan ishlar uchun ball beriladimi?


Hozirgi kunga qadar o‘qituvchilar ish tajribasini ommalashtirish tartibi to‘g‘risidagi tartib bir necha bor yangilangan. Hozirgi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 27-fevraldagi 84-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan tartib amalda bo‘lib, ommalashtirish sertifikatlarining amal qilish muddati 3 yil etib belgilangan.


Bunda oʻtgan oʻquv yillari davomida RTM direktorining 2021-yil 26-yanvardagi “Ilg‘or ish tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi (bugungi kunda o‘z kuchini yo‘qotgan) buyrugʻi asosida pedagog xodimlarning ishlari ommalashtirilib, tegishli Kengashlarning qarori qabul qilingan kundan boshlab besh yilga amal qilishi belgilangan.


Ammo  2021-2022-yillarda ommalshtirilgan ishlarga pedagog xodimlarga ustama uchun ball berilmaydi. Chunki, “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida” nizomiga 1-ilova, 1-band, 4-pozitsiyasida ommalshtirilgan ishlarga ball berishda oʻqituvchining faoliyati baholash davriga nisbatan soʻnggi 3 yillikda ommalashtirilganligi hisobga olinishi qayd etilgan.


Shu sababli, ommalashtirish sertifikati besh yilga amal qilishi belgilangan pedagog xodimlar ham soʻnggi 3 yilda ilg‘or ish tajribasini ommalashtirgan bo‘lishi lozim.


Pedagogik ish staji uchun baholash


Pedagog xodimlarga ustama tayinlashda ularning ish stajiga qarab ham ball beriladi. Bunda:

  • pedagogik ish staji 1 yildan 5 yilgacha bo‘lsa — 4 ball;

  • pedagogik ish staji 5 yildan 10 yilgacha bo‘lsa — 7 ball;

  • pedagogik ish staji 10 yil va undan yuqori bo‘lsa — 10 ball beriladi.
Izoh: Mazkur ko‘rsatkich uchun ham o‘qituvchilardan hech qanday asoslovchi hujjat talab etilmaydi.

Bunda o‘qituvchining pedagogik ish staji mehnat daftarchasiga qarab aniqlanib, uning barcha pedagogik ish staji hisobga olinishi lozim. Sababi, nizomda boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan.


Ya’ni, o‘qituvchining pedagogik ish staji sifatida nafaqat umumta’lim muassasasidagi barcha faoliyat davri, balki ta’limning barcha bo‘g‘inlaridagi (maktabgacha ta’lim, oliy ta’lim) ish staji ham inobatga olinadi.


Sinf rahbarligi uchun baholash


Sinf rahbarligi yuklatilganligi uchun pedagog xodimlarga 5 ball beriladi. Bunda ham o‘qituvchilardan hech qanday asoslovchi hujjat talab etilmaydi.


Ya’ni, o‘qituvchiga sinf rahbarligi yuklatilganligi ishchi guruh tomonidan maktab direktorining buyrug‘i asosida aniqlanadi. 


Malaka oshirish kurslaridan oʻtganligi uchun ball berish

Pedagog xodim oʻz vaqtida malaka oshirish kurslaridan oʻtib, tegishli sertifikatga ega boʻlsa 10 ball beriladi. Buning uchun ishchi guruhga malaka oshirish kursidan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat taqdim qilinadi.


Agar pedagog xodim oʻz vaqtida malaka oshirish kurslarida qatnashmagan boʻlsa yoki qatnashgan boʻlsada, kurslar yakuniga koʻra yakuniy attestatsiyadan oʻta olmagan va tegishli sertifikatga ega boʻlmasa ball berilmaydi.


Bunda oliy taʼlim muassasasini bitirib kelgan mutaxassislarga 3 yilgacha hamda pedagog xodimga bogʻliq boʻlmagan holda tegishli malaka oshirish kurslari tashkil etilmagan taqdirda, mazkur koʻrsatkich boʻyicha maksimal ball beriladi.


Ikki yil avval malaka oshirgan o‘qituvchiga ball beriladimi?


Pedagog xodimga yangi o‘quv yili uchun ustama tayinlashda, uning o‘z vaqtida malaka oshirishdan o‘tib, tegishli sertifikatga ega bo‘lganligi asos hisoblanadi.


Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2024-yil 20-dekabrdagi 867-son qaroriga muvofiq yangi tartib joriy etilgan bo‘lib, bunga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining xodimlari besh yilda bir marotaba (eski tartibga ko‘ra bir yilda bir marotaba) majburiy malaka oshirish kurslariga jalb etilishi hamda har yili tashkilot xodimlarining o‘rtacha 20 foizi malaka oshirish lozimligi belgilab berilgan.


Bunda 2024-yilda malaka oshirgan pedagog xodim keyingi besh yil ichida ish beruvchi tomonidan majburiy tarzda malaka oshirishga yuborilishi lozim. Ana shu muddatga qadar esa uning 2024-yilda malaka oshirgani haqidagi sertifikati o‘z kuchida bo‘ladi. 


E’tibor bering, belgilangan vaqtda o‘quv kursiga bormagan, shuningdek, uzrli sabablarsiz qatnashmagan hamda belgilangan namunadagi sertifikatni olmagan holatlar bundan mustasno.


Shu sababli, 2024-yilda malaka oshirish kursidan o‘tib, tegishli sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarning keyingi majburiy malaka oshirish navbati kelgunga qadar sertifikati o‘z kuchida bo‘lishini inobatga olinib, 2026-2027-o‘quv yili uchun ham pedagoglarga maksimal ball berilishi lozim.


Sinfdan tashqari ishlarni baholash


Pedagog xodimlar oʻquvchilarning dunyoqarashini kengaytirish, ijodkorlik va sanʼatga qaratilgan qoʻshimcha mashgʻulotlar olib borganligi uchun 3 balldan 10 ballgacha baholanadi. Bunda:


  • kreativlikni ragʻbatlantirishga qaratilgan tadbirlarni (fotokoʻrgazmalar, hunarmandchilik, musiqa va teatr sahnalari va boshqalar) tashkil etgan boʻlsa – 3 ball;

  • oʻquvchilarda mustaqil fikr yuritish, mulohaza bildirish, tanqidiy va tahliliy yondashish koʻnikmalarini rivojlantiruvchi loyihalar va qoʻshimcha mashgʻulotlar olib borsa – 5 ball;

  • oʻquvchilarni izlanishga undovchi qoʻshimcha mashgʻulotlar (oʻquv yili davomida iqtidorli va boʻsh oʻzlashtiruvchi oʻquvchilar bilan) olib borsa – 10 ball beriladi.


Bunda o‘qituvchi tomonidan o‘tkazilgan sinfdan tashqari tadbirlar haqida qisqacha (bir sahifadan oshmagan holda) ma’lumot va ushbu tadbirning ikki donadan oshmagan holda fotosuratlari ishchi guruhga taqdim etiladi (fotosuratlarni yuqorida qayd etilgan ma’lumotning ikkinchi sahifasiga qo‘yib berish ham mumkin).


Shuningdek, o‘qituvchi tomonidan har hafta sinfdan tashqari ish sifatida maktab radiosida chiqish qilingan bo‘lsa, bunday holda uning elektron shakldagi audioyozuvi (CD-DVD yoki boshqa tashqi xotira qurilmalari), maktab gazetasidagi maqolaning nusxasi asoslovchi hujjat sifatida ishchi guruhga taqdim etiladi.


Agar o‘qituvchi tomonidan maktab veb-sayti yuritilayotgan bo‘lsa, u holda bunda o‘qituvchi tomonidan asoslovchi hujjat talab qilinmaydi va ishchi guruh tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi.

Izoh: Bu yerda ishchi guruhni maktab veb-saytini yuritish masalasi chalg‘itishi mumkin. 

Ma’lumki, ba’zi maktablarning veb-sayti ham mavjud bo‘lib, uni pedagog xodimlar tomonidan yuritilishi yo‘lga qo‘yilgan.


Shu sababli, baholash mezonining 8-bandida sinfdan tashqari ishlar sifatida maktab veb-saytini yuritganlik uchun ham ustama mezonlari bo‘yicha ball berish nazarda tutilgan.


Sinfdan tashqari qilingan ishlarni asoslash uchun ularni turli xil veb-saytlarda yoritish kerak degan mazmunda talqin qilinishi mutlaqo xatodir.


Shu sababli, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, sinfdan tashqari tadbirlar haqida qisqacha (bir sahifadan oshmagan holda) ma’lumot va ushbu tadbirning ikki donadan oshmagan holda fotosuratlari taqdim etilishining o‘zi yetarli hisoblanadi.


Agar o‘qituvchi iqtidorli va bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazgan bo‘lsa va ushbu mashg‘ulotlar tashkil etilganligini asoslovchi hujjatlarni maktab Ishchi guruhiga taqdim etsa, unga 10 ball berilishi mumkin.


Misol uchun, o‘qituvchi iqtidorli va bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan to‘garak mashg‘ulotlarini olib borgan bo‘lsa, shu to‘garak faoliyati haqida bir sahifadan oshmagan ma’lumot va ushbu to‘garak mashg‘ulotlari olib borilganligini asoslovchi ikki donadan oshmagan holda fotosuratlar taqdim etiladi.


E’tibor bering, mazkur ko‘rsatgichlar asosida amalga oshirilgan ishlar uchun maksimal 10 ball berilishi lozim. Ya’ni, o‘qituvchi baholash mezonida nazarda tutilgan barcha ishlarni amalga oshirgan bo‘lsa ham bu mezon uchun o‘qituvchiga beriladigan ball 10 balldan oshib ketmasligi kerak.


Oʻqituvchining malaka toifasi bahosi


Mazkur o‘quv yilidan boshlab taʼlim muassasalaridagi pedagog xodimlar amaldagi malaka toifasiga qarab ham baholanadi.


Bunda o‘qituvchilarga amaldagi malaka toifasiga qarab quyidagicha ball beriladi:


  • mutaxassis lavozimida bo‘lsa – 0 ball;

  • ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lsa — 5 ball;

  • birinchi malaka toifasiga ega bo‘lsa — 10 ball;

  • oliy malaka toifasiga ega bo‘lsa — 20 ball beriladi.


Bahorgi attestatsiya natijalari hisobga olinadimi?


Ma’lumki, joriy yilning aprel-may oylarida pedagoglar uchun malaka toifa sinovlari bo‘lib o‘tdi. Bunda attestatsiya jarayonlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng bir oy muddat ichida vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan attestatsiya natijalariga ko‘ra oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifalari hamda bosh, yetakchi va katta o‘qituvchi lavozimlari berilgan pedagog kadrlarning ro‘yxati tasdiqlanadi.


Mazkur ro‘yxatga asosan pedagog kadrlarga QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikatlar pedagog.uzedu.uz platformasi orqali onlayn generatsiya qilinadi. Bu jarayon esa 31-maydan boshlab iyun oyining so‘nggi kunigacha davom etadi. 


Agar sertifikat hali berilmagan bo‘lsa qanday yo‘l tutiladi? Pedagog xodim attestatsiya sinovidan muvaffaqiyatli o‘tib, tegishli malaka toifasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uning malaka toifasi bilan bog‘liq huquqiy maqomi attestatsiya natijalari tasdiqlangan paytdan boshlab vujudga kelgan hisoblanadi.


Pedagogga QR-kod qo‘yilgan elektron sertifikatni shakllantirish esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladigan texnik va tashkiliy jarayon bo‘lib, mazkur jarayonning yakunlanmaganligi pedagog xodimning malaka toifasiga ega bo‘lganligi faktini inkor etmaydi.


Shu sababli, direktor jamg‘armasi hisobidan ustama tayinlashda pedagogning amalda mavjud bo‘lgan va belgilangan tartibda qo‘lga kiritilgan malaka toifasi inobatga olinishi lozim. Sertifikatning generatsiya qilinmaganligi yoki pedagogga taqdim etilmaganligi uning huquqini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi.


Mazkur holatda pedagog xodimga avvalgi malaka toifasi uchun emas, attestatsiya natijalariga ko‘ra berilgan malaka toifasi uchun nazarda tutilgan ball qo‘yilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Izohlar 1

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • ustama

Ulashish