Muntazam attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchini ishdan bo‘shatish mumkinmi?
Tahririyatimizga maktablarda uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan, biroq attestatsiyadan muntazam ravishda o‘ta olmaydigan, kasbiy bilim va malakasi yuzasidan jiddiy e’tirozlar mavjud bo‘lgan o‘qituvchilar haqida ko‘plab murojaatlar kelmoqda.
Murojaat mualliflarining aytishicha, bunday xodimlar turli sabablar, jumladan, tanish-bilish yoki yaqinlarining mansabidan foydalangan holda hanuz ishda qolmoqda. Navbatdagi murojaatda ham o‘quvchilarning bilim darajasi keskin pasayib ketgan, attestatsiyadan yillar davomida o‘ta olmayotgan o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasini qonuniy asosda bekor qilish mumkinmi, degan savol o‘rtaga tashlangan. Quyida ushbu masalaga amaldagi mehnat va ta’lim qonunchiligi asosida javob beramiz.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga 1-ilova “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” nizom pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur nizomning 44-bandiga ko‘ra, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.
Nizomning 44-1-bandiga ko‘ra, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyaga ko‘pi bilan ikki marta jalb etiladi.
Bunda ikki martadan birortasida ham navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘ta olmagan yoki uzrli sababsiz (kasallikka chalinishi oqibatida uzoq muddatli mehnatga qobiliyatsizlik hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari hollarda) attestatsiyada ishtirok etmagan pedagog kadr bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli bekor qilinadi.
Biroq, attestatsiyadan o‘tolmagan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda mehnat qonunchiligida belgilangan talablarga to‘liq rioya qilinishi lozim.
Ish beruvchi xodimning malakasi yetarli emasligi to‘g‘risidagi xulosalar aks etgan attestatsiya komissiyasining xulosasini olganidan keyin Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 3-bandiga binoan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
Biroq, ish beruvchi MK 144-moddasi va 161-moddasi 3-qismiga ko‘ra avval xodimga mutaxassisligi bo‘yicha bir muncha kam malaka talab etiladigan boshqa ishni, bunday ish bo‘lmagan taqdirda tashkilotda mavjud bo‘lgan boshqa ishni taklif etishi shart.
Bunda ish beruvchi attestatsiyadan o‘tmadi deb xulosa qilingan xodimga bir muncha kam malaka talab etiladigan boshqa ish taklif qilgan, xodim esa taklifga rozilik bildirgan taqdirda xodimni o‘sha ishga o‘tkazish kerak bo‘ladi.
Attestatsiyadan “yiqilgan” xodim bilan mehnat munosabatlarini quyidagi holatlarda bekor qilish mumkin:
- agar u boshqa ishga o‘tishdan bosh tortsa;
- agar tashkilotda bo‘sh ish o‘rni bo‘lmasa.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 26-son qarori 59-bandiga ko‘ra, mehnat shartnomasi MK 143-moddasining ikkinchi qismi, 161-moddasi ikkinchi qismining 2, 3-bandlari, 168-moddasi birinchi qismining 2, 4, 5 va 9-bandlari, 489-moddasi birinchi qismining 1-bandi asosida bekor qilinayotganda ish beruvchi xodimni shu tashkilotning oʻzida ishga joylashtirish choralarini koʻrishga majbur.
Shu sababli, attestatsiyadan o‘ta olmagan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda yuqorida nazarda tutilgan mehnat qonunchiligi talablariga to‘liq rioya qilgan holda choralar ko‘rish lozim. Mehnat qonunchiligiga rioya qilinmasa, ishdan bo‘shatilgan xodim sud orqali qayta ishga tiklanishi mumkin.
Xo‘sh, bu borada sudlar nimalarga e’tibor qaratadi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 26-sonli qarorining 29-bandida sudlarga muhim bir jihat alohida tushuntirilgan.
Ushbu hujjat xodimni malakasi yetarli emasligi sababli ishdan bo‘shatish faqat attestatsiya komissiyasining salbiy xulosasiga asoslanmasligini alohida ta’kidlaydi. Shu sababli, ish beruvchi xodimning aynan mehnat shartnomasida nazarda tutilgan vazifalarni bajara olmayotganini aniq va ishonchli dalillar bilan isbotlashi lozim.
Attestatsiya xulosasi esa bunday dalillardan faqat bittasi hisoblanadi va sud uni ishdagi boshqa barcha dalillar bilan birgalikda baholaydi. Agar xodim amalda o‘z vazifalarini lozim darajada bajarayotgan bo‘lsa yoki attestatsiya qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazilmagan bo‘lsa, sud buni Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi asosida ishdan bo‘shatish noqonuniy deb topishi mumkin.
Endi Oliy sud Plenumining 26-sonli qarori 29-bandidagi MK 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandiga doir talablar qatoridagi “attestatsiya komissiyasining xulosasi xodimning malakasi yetarli emasligini tasdiqlovchi dalillardan biri bo‘lib, u ish yuzasidan barcha dalillar yig‘indisi asosida sud tomonidan baholanadi” degan normaga alohida e’tibor qaratsak.
Ma’lumki, pedagoglar xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida tashkil etiladi. Shu sababli, sudlar, avvalo, attestatsiya belgilangan tartibda o‘tkazilgan-o‘tkazilmaganini tekshiradi.
Agar attestatsiya qonunchilik talablariga muvofiq o‘tkazilgan bo‘lsa, odatda ushbu jarayonning o‘zi mehnat nizosining asosiy bahs mavzusi bo‘lmaydi. Bunday hollarda sud asosan ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilishda Mehnat kodeksi talablariga, xususan xodimga boshqa ish taklif etish va uning malakasi yetarli emasligini tegishli dalillar bilan asoslash majburiyatiga rioya qilgan-qilmaganini baholaydi.
Attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagogni ishdan bo‘shatishda qanday hujjatlar rasmiylashtirilishi kerak?
Mehnat qonunchiligi va Oliy sud Plenumi qaroridan kelib chiqadigan bo‘lsak, ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin qonunchilikda belgilangan barcha tartiblarga rioya qilishi hamda har bir bosqichni tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtirishi lozim.
Xususan, odatda quyidagi hujjatlar rasmiylashtiriladi:
- attestatsiya komissiyasining xodim attestatsiyadan o‘ta olmaganligi to‘g‘risidagi bayoni (yoki xulosasi);
- xodimga mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkinligi haqida yozma ogohlantirish xati (MK 165-moddasiga ko‘ra ikki hafta oldin);
- xodimga mutaxassisligi bo‘yicha bir muncha kam malaka talab etiladigan, bunday ish bo‘lmasa tashkilotdagi boshqa bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etish haqidagi yozma taklif (MK 144-moddasi talablari bo‘yicha);
- xodimning ushbu taklifga rozilik bildirganligi yoki rad etganligini tasdiqlovchi hujjat (ariza yoki dalolatnoma);
- qonunchilik talab etadigan hollarda kasaba uyushmasining tegishli hujjatlari (MK 164-moddasi talablari bo‘yicha);
- shundan keyingina Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandiga asosan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq.
Oliy sud Plenumi qarorida keltirilgan misolda ham aynan shu kabi hujjatlar — attestatsiya komissiyasi bayoni, ogohlantirish xati, boshqa ishni taklif qilish to‘g‘risidagi hujjat, xodimning taklifni rad etganligini tasdiqlovchi dalolatnoma hamda kasaba uyushmasining tegishli hujjatlari mavjud bo‘lgani sud tomonidan e’tiborga olingan.
Demak, attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagogni ishdan bo‘shatishda faqat attestatsiya komissiyasining salbiy xulosasi bilan cheklanib bo‘lmaydi. Ish beruvchi mehnat qonunchiligida belgilangan barcha tartiblar bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirgan bo‘lishi kerak. Aks holda, mehnat shartnomasini bekor qilish sud tomonidan noqonuniy deb topilishi va xodim ishga tiklanishi mumkin.
Ayrim hollarda xodimni ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bo‘shatib bo‘lmaydi
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish juda ham nozik masala hisoblanadi. Shu sababli, ish beruvchilar bunday vaziyatlarda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishlari lozim. Maslan, ba’zi xodimlarni attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda ham ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi.
Mehnat kodeksining 163-moddasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishni taqiqlovchi bir qancha asoslar keltirib o‘tilgan.
Attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagog bilan mehnat shartnomasini bekor qilish ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra amalga oshiriladigan jarayon hisoblanadi. Shu sababli, bunday hollarda Mehnat kodeksining 163-moddasida belgilangan cheklovlarga ham rioya etilishi shart.
Xususan, xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz bo‘lgan davrda, mehnat ta’tilida, davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarayotgan paytda yoki xizmat safarida bo‘lgan vaqtida u bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, homilador ayollar hamda uch yoshgacha bolasi bo‘lgan xodimlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan qo‘shimcha kafolatlar ham to‘liq saqlanib qoladi.
Shu bois, pedagog attestatsiyadan o‘ta olmagan bo‘lsa ham, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilishda nafaqat 163-moddada nazarda tutilgan taqiq va cheklovlarga ham qat’iy amal qilishi lozim.
Mehnat kodeksining 408-moddasida homilador ayollar uchun alohida kafolat belgilangan. Mazkur moddaga ko‘ra, homilador ayol bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli mehnat shartnomasini Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi asosida bekor qilish ham ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish hisoblanadi. Shu sababli, homilador pedagog attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda ham, bu holat uning bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘la olmaydi.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 409-moddasida uch yoshgacha bolasi bor ayrim xodimlar uchun alohida mehnat kafolatlari belgilangan. Mazkur moddaga ko‘ra, uch yoshgacha bolasi bor ayol yoki uch yoshgacha bo‘lgan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan ota (vasiy) bilan mehnat shartnomasini xodimning malakasi yetarli emasligi sababli Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 3-bandi asosida bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, agar xodim bola uch yoshga to‘lguniga qadar bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan bo‘lsa, u ta'tildan ishga qaytganidan keyin bir yil davomida ham mehnat shartnomasini xodimning malakasi yetarli emasligi sababli bekor qilish mumkin emas. Shu sababli, attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagog bilan mehnat shartnomasini bekor qilish masalasida ushbu kafolatlar ham albatta inobatga olinishi lozim.
Xulosa
Attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagog bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda Mehnat kodeksi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan barcha talablarga qat’iy rioya etilishi kerak. Aks holda, mehnat shartnomasini bekor qilish sud tomonidan noqonuniy deb topilishi va xodim ishga tiklanishi mumkin.
Shu sababli, bunday qarorni qabul qilishdan oldin yurist yoki mehnat huquqi bo‘yicha mutaxassislar bilan maslahatlashish kelgusidagi mehnat nizolarining oldini olishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz.
Ushbu maqola mehnat huquqi bo‘yicha mutaxassis Muhammadamin Karimjonov bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Endilikda attestatsiyadan o‘tmasdan turib, ikkinchi va birinchi malaka toifasini olishi mumkin bo‘ladi
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat joriy etildi
O‘qituvchilardan yashash xonadonini suratga olib yuborish talab qilinmoqda
Oliygohlarda talabalar bilimini baholashning yangi tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Endilikda attestatsiyadan o‘tmasdan turib, ikkinchi va birinchi malaka toifasini olishi mumkin bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda pedagoglarning oliy ma’lumot darajasi va o‘qishdagi natijalariga qarab ularga malaka toifalari beriladi.
Ta'lim siyosati
Bo‘lajak pedagoglar bilimini ikki marta baholashdan mantiq bormi?
O‘qituvchi malaka toifasi olishi uchun test topshiradi, vazir jamg‘armasi ustamasi uchun test topshiradi, qo‘shimcha ustamalar uchun test topshiradi. Endi esa navbat hali oliygohni tamomlamagan bo‘lajak pedagoglarga keldi.
Ta'lim siyosati
Bir xil test, ikki xil bosqich: vazirlik bo‘lajak o‘qituvchilar uchun yangi diagnostika tizimini tasdiqladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’lim ekspertlari va jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarga qaramay, hujjatni amaldagi tahririda davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangiliklar
5 ming nafardan ortiq o‘qituvchi attestatsiyasiz toifa oldi
Belgilangan talablarga javob beradigan pedagog kadrlarga malaka toifalari sinov jarayonlari o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishi qayd etilgan.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang