Bo‘lajak pedagoglar bilimini ikki marta baholashdan mantiq bormi?
So‘nggi yillarda ta’lim tizimida baholash mexanizmlari soni tobora ko‘payib bormoqda. O‘qituvchi malaka toifasi olishi uchun test topshiradi, vazir jamg‘armasi ustamasi uchun test topshiradi, qo‘shimcha ustamalar uchun test topshiradi. Endi esa navbat hali oliygohni tamomlamagan bo‘lajak pedagoglarga keldi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bilimini tashqi diagnostika asosida baholash tizimini joriy etmoqda. Vazirlik bu orqali oliy ta’lim muassasalarida pedagog kadrlar qanday tayyorlanayotganini aniqlash, mavjud muammolarni ko‘rish va ta’lim sifatini oshirishni maqsad qilganini aytmoqda.
“Pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish va talabalarning bilimini tashqi diagnostikadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishidan avval bu borada jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida hujjat loyihasi muhokamalar portaliga joylangandi.
Ammo vazirlik ta’lim ekspertlari va jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarga qaramay, bo‘lajak o‘qituvchilar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazish to‘g‘risidagi hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Bildirilgan tanqidlardan so‘ng Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, tashqi diagnostika va kasbiy sertifikatlashning maqsadlari turlicha ekanini ta’kidladi.
Vazirlik bo‘lim boshlig‘i Anvar Bahromov tomonidan berilgan izohga ko‘ra, kasbiy sertifikatlash pedagogning amaliy faoliyatga tayyorligini baholashga xizmat qilsa, tashqi diagnostika pedagog kadrlarni tayyorlayotgan oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ta’lim sifatini oshirish uchun zarur ma’lumotlarni yig‘ishga qaratilgan.
“Tashqi diagnostika jarayonida mutaxassislikka va kasbiy faoliyatga tayyorgarlik darajalari tahlil qilinadi va olingan natijalar mana shu yo‘nalishda qanday ishlar qilinishi kerak, nimalarga erishilgan va qanday muammolar borligini aniqlashga xizmat qiladi.
Mazkur tartib bilan joriy etilayotgan tizim amaldagi kasbiy sertifikatlashtirish tizimi bilan mutlaqo boshqa-boshqa maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yadi va ular bir-birining funksiyalarini takrorlamaydi.
Chunki kasbiy sertifikatlashtirish bu diplom olib, mutaxassis sifatida, pedagog sifatida qanday saviyaga egaligi va qanday potensialga ega ekanligini va kelajakda mana shu maktabda ishlab ketish masalasiga oydinlik kiritadi.
Tashqi diagnostika esa, bu qanday tayyorlanmoqda bizga bo‘lajak pedagoglar, ularni tayyorlash qaysi oliy ta’lim muassasada bo‘lmasin, davlatmi yoki nodavlat ta’lim muassasada bo‘lmasin, qayerda, qanday ketyapti va mana shu tayyorlashning bir xilligini ta’minlash va kelajakda mana shu maktab uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlanishini ta’minlash uchun xizmat qiladi”, - deydi vazirlik mas’uli.
Biroq bu izoh ham barcha savollarga to‘liq javob bo‘lmadi. Masalan, agar tashqi diagnostika va kasbiy sertifikatlashning maqsadlari turlicha bo‘lsa-da, baholash vositasi sifatida aynan bir xil formatdagi testlardan foydalaniladigan bo‘lsa, ularning natijalari qanchalik farqli ma’lumot bera oladi?
Yana bir muhim savol: nega unda vazirlik boshqa ko‘plab maqsadlar uchun ham bitta sinov natijalaridan foydalanmoqda? Ma’lumki, bugungi kunda malaka toifasi olish, vazir ustamasi, 70 foizlik qo‘shimcha ustama va hatto “Yil o‘qituvchisi” kabi turli maqsadlarga xizmat qiluvchi tizimlarda bir xil baholash mexanizmlaridan foydalanilmoqda. Vaholanki, bu tizimlarning maqsadi ham bir-biridan keskin farq qilar edi.
Agar talabalar bilimini diagnostika qilishdan maqsad universitetlar faoliyatini baholash bo‘lsa, nega buning uchun aynan talabalarning test natijalaridan foydalanilmoqda? Nima uchun amalda mavjud bo‘lgan kasbiy sertifikatlash natijalarini oliygohlar kesimida tahlil qilish yo‘li tanlanmadi?
Vazirlik barcha pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni alohida diagnostikadan o‘tkazish o‘rniga, pedagoglik kasbini tanlab, maktablarda faoliyat boshlagan stajyor-o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash natijalarini tahlil qilishi mumkin edi. Bu nafaqat kam xarajat talab qiladigan, balki oliy ta’lim muassasalari faoliyatini baholash uchun ham samaraliroq mexanizm bo‘lishi mumkin edi.
Ta’lim sifati oshishi kerak, bunga hech kim qarshi emas. Ammo sifatni oshirish uchun har bir yangi mexanizmni joriy etishdan avval bitta savolga javob topish kerak: u mavjud tizim bera olmaydigan qanday yangi natijalarni beradi?
E’tirozlar tashqi diagnostika tashabbusining o‘ziga emas, balki uni amalga oshirish mexanizmlarining noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilayotganligiga qaratilgan. Chunki, ta’lim ekspertlari va jamoatchilik vakillari ham bu tizim pedagoglarni tayyorlash sifatini xolis baholay olmasligiga xavotir bildirmoqda. Shuningdek, bir-birini takrorlovchi mexanizmlar ortiqcha xarajatlarni ham keltirib chiqarishi tabiiy.
Izohlar 2
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!
Yangiliklar
Endi maktablarda “Halollik to‘garagi” o'tiladi
3 yoshli bog‘cha bolasi mashinada unutib qoldirilgani oqibatida vafot etdi
Kirish imtihonida qatnashgan abituriyentlarning 73 foizi talaba bo‘lolmadi
5 ming nafardan ortiq o‘qituvchi attestatsiyasiz toifa oldi
Mavzuga doir yangiliklar
Ta'lim siyosati
Bir xil test, ikki xil bosqich: vazirlik bo‘lajak o‘qituvchilar uchun yangi diagnostika tizimini tasdiqladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ta’lim ekspertlari va jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarga qaramay, hujjatni amaldagi tahririda davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangiliklar
5 ming nafardan ortiq o‘qituvchi attestatsiyasiz toifa oldi
Belgilangan talablarga javob beradigan pedagog kadrlarga malaka toifalari sinov jarayonlari o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishi qayd etilgan.
Ta'lim siyosati
Bo‘lajak o‘qituvchilar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkazish tashabbusi bo‘yicha xavotirlar
Mazkur loyihaning qabul qilinishi pedagogik kadrlar tayyorlash sifatini oshirmaydi, balki yangi muammolar va yuridik kolliziyalarni yaratish orqali ortga tortadi.
Yangiliklar
Endilikda bo‘lajak o‘qituvchilar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi
Bunda oliy ta’lim tashkilotida bakalavriat bosqichining pedagogika ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning bilimlarini yagona metodologik yondashuv asosida tashqi diagnostikadan o‘tkazish orqali tahlil qilinadi.
O'zbek
Izohingizni tahrirlang