Xorijiy til o‘qituvchilarining maktablarda ishlash tartibi bo‘yicha to‘liq tushuntirish
18:10 / 01.08.2024
12.49k
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi talabi 2025/2026-o‘quv yiliga qadar uzaytirildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 31-iyuldagi 03-12-1050-son ko‘rsatma xati imzolandi.
Ammo xorijiy til o‘qituvchilariga o‘quv yili oxiriga qadar sertifikatga ega bo‘lish talabi to‘g‘risida ogohlantirish beriladi. Ogohlantirish berilgan o‘qituvchilar 2025/2026-o‘quv yiliga qadar milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikat olmasa, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
Biz bu borada juda ko‘pchilikni qiziqtirayotgan boshqa ayrim savollarga ham batafsil javob berib o‘tishni lozim topdik.
Xorijiy tillar o‘qituvchilari toifasiga kimlar kiradi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-sonli qarorida 15 ta xorijiy tillar ro‘yxati keltirilgan.
Bular ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind tillari hisoblanadi. Demak, aynan mana shu tillardan dars beradigan pedagoglar xorijiy tillar o‘qituvchilari hisoblanadi.
E’tibor bering, bu yerda “Rus tili” fani o‘qituvchilari xorijiy til o‘qituvchisi sifatida qayd etilmagan. Demak, “Rus tili” fani o‘qituvchilariga maktabda ishlashi uchun milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi mavjud emas.
Yangi ishga kirayotgan xorijiy til o‘qituvchilarini ishga olish tartibi qanday bo‘ladi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-sonli qarorining 9-bandiga muvofiq 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab, davlat ta’lim muassasalarining xorijiy tillar o‘qituvchilari lavozimlariga ishga yangi qabul qilinayotgan talabgor kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan.
Shu sababli, B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi talabini 2025/2026-o‘quv yiliga qadar uzaytirish tartibi yangi ishga kirayotgan o‘qituvchilarga emas, balki amalda maktablarda ishlab kelayotgan o‘qituvchilarga nisbatan tatbiq qilinadi.
Ya’ni, yangi ishga kirayotgan xorijiy til o‘qituvchisidan B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikat talab qilinaveradi.
Yangi ishga kirayotgan xorijiy til o‘qituvchisi B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda, u stajyor-o‘qituvchi sifatida ishga qabul qilinadi va bir yil ichida kasbiy sertifikat ham olishi kerak bo‘ladi.
Chunki, B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatlar kasbiy sertifikat o‘rnida qabul qilinmaydi.
Ayrim toifadagi yangi ishga kiradigan xorijiy til o‘qituvchilariga istisnolar mavjud
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2023-yil 28-noyabrdagi 27/9-183-sonli ko‘rsatma xatiga asosan 2025/2026-o‘quv yiliga qadar, istisno tariqasida, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan hududlarda xorijiy til o‘qituvchisi vazifasiga milliy yoki xalqaro baholash tizimlari bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi chet tilini bilish sertifikatiga ega bo‘lmagan tegishli mutaxassislarni vaqtincha ishga qabul qilishga ruxsat etilgan.
Bunda 2025/2026-o‘quv yiliga qadar mazkur toifadagi o‘qituvchilar ham milliy yoki xalqaro baholash tizimlari bo‘yicha kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lishlari lozim.
Belgilangan muddatlarda tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasi o‘rnatilgan tartibda bekor qilinadi.
Talabalar xorijiy til o‘qituvchisi bo‘lib ishga kirmoqchi bo‘lsa, B2 sertifikati talab qilinadimi?
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida xorijiy tillar o‘qituvchilari lavozimlariga ishga yangi qabul qilinayotgan barcha talabgorlar haqida gap ketgan.
Ya’ni, davlat ta’lim muassasasiga ishga kirayotgan talabgor talaba bo‘ladimi yoki yo‘q u yangi ishga qabul qilinayotgan bo‘lsa, albatta B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikat talab qilinadi.
Xorijiy til o‘qituvchisi ish joyini o‘zgartirsa ham undan sertifikat talab qilinadimi?
Vazirlar Mahkamasining 312-sonli qarorida xorijiy tillar o‘qituvchilari lavozimlariga nafaqat birinchi marta ishga qabul qilinayotgan talabgorlar haqida balki, yangi ishga kirayotgan talabgorlar haqida ham so‘z bormoqda.
Ya’ni, bu yerda ish staji umuman rol o‘ynamaydi. Shu sababli, xorijiy til o‘qituvchisi ish joyini o‘zgartirib, boshqa maktabga ishga o‘tmoqchi bo‘lsa, B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shart bo‘lib qoladi.
Dekret ta’tilidan qaytayotgan xorijiy til o‘qituvchisidan ham B2 sertifikati talab qilinadimi?
Mehnat kodeksining 239-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish hamda bola parvarishlash ta’tili berilganda xodimning avvalgi ish joyi (lavozimi) saqlanib qoladi.
Ya’ni, dekret ta’tilidan qaytayotgan xodimga yangi ishga qabul qilinayotgan xodim sifatida qaralmaydi. Shu sababli, B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchisi dekret ta’tilidan qaytayotgan bo‘lsa, maktabdagi ish faoliyatini 2025/2026-o‘quv yiliga qadar davom ettiraveradi.
Ammo ularga ham o‘quv yili oxiriga qadar tegishli sertifikatga ega bo‘lish talabi to‘g‘risida ogohlantirish beriladi.
Xulosa
Umuman olganda, hozirda ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilariga yana bir yil muddat berildi.
Maktablarga yangi ishga kirmoqchi bo‘layotgan xorijiy til o‘qituvchilariga esa hech qanday imkoniyat berilmadi. Ya’ni, ular ishga joylashishi uchun B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat olishi shart.
Endilikda maktabda xorijiy til o‘qituvchi bo‘lib ishlash uchun 2 ta sertifikat talab etilmoqda
- B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat;
Bu sertifikat ta’lim muassasasiga ishga joylashib olish uchun kerak bo‘ladi.
- Kasbiy sertifikat;
Bu nazorat sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxsga pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beradigan, cheklanmagan muddatga beriladigan QR-kod qo‘yilgan davlat namunasidagi hujjat hisoblanadi.
Bu hujjatni birinchi marta ishga qabul qilinadigan barcha fan o‘qituvchilari kabi xorijiy til o‘qituvchilari ham ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida olishi kerak bo‘ladi.
Agar ular belgilangan tartib asosida kasbiy sertifikat ololmasa, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
Agar ular belgilangan tartib asosida kasbiy sertifikat ololmasa, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
Izohlar 0
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!Yangiliklar
12:17 / 04.11.2024
Oddiy maktablarda qisqartirilgan laborant lavozimi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy qilindi
21:26 / 30.10.2024
2025-yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun budjetdan qancha mablag‘ ajratilmoqda?
21:03 / 30.10.2024
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
15:46 / 30.10.2024
“O‘qituvchilarning barcha takliflarni shaxsan o‘zim o‘qib boryapman” – Hilola Umarova
Mavzuga doir yangiliklar
Yangiliklar
Yangiliklar
So'ragan edingiz
Bilasizmi?
Ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi
Bu haqda vazirlik buyrug'i imzolandi
14:14 / 20.09.2024
O‘zbekistondagi maktablarda dars berish uchun AQSHdan o‘qituvchilar keldi
Ular 10 ta hududdagi maktab va universitetda ingliz tilidan dars berishadi
14:16 / 11.09.2024
Ikkinchi marta ham kasbiy sertifikat ololmaganlar taqdiri nima bo‘ladi?
Yetarli ball to‘play olmagan talabgor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi
11:26 / 22.08.2024
“Ish staji hamda malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagoglarni kasbiy sertifikat sinovlariga jalb qilish mumkin emas” – Vazirlik
Ayrim direktorlar topshiriqlar ijrosini noto‘g‘ri talqin qilgan
21:43 / 15.08.2024
Izohingizni tahrirlang