Top.Mail.Ru
“Vazirlikka haqqoniy tahlil, natijalar kerak, ko‘zbo‘yamachilik emas” — Hilola Umarova

“Vazirlikka haqqoniy tahlil, natijalar kerak, ko‘zbo‘yamachilik emas” — Hilola Umarova

17:50 / 11.05.2025 1.50k

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda ayblandi. Bu ayblov PISA 2025 tadqiqotida barcha Prezident maktablarining ishtirok etayotgani bilan izohlanmoqda.

PISA — Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi bo‘lib, turli davlatlarda 15 yoshli o‘quvchilarning savodxonligini (o‘qish, matematika va tabiiy fanlar) hamda bilimlarini amaliyotda qo‘llash qobiliyatini baholovchi dasturdir.


Ushbu dastur 1997-yilda joriy etilgan bo‘lib, har uch yilda bir marta o‘tkaziladi, birinchi marta 2000-yilda o‘tkazilgan. 2022-yilda esa nihoyat O‘zbekiston ham ilk bor PISA xalqaro tadqiqotida ishtirok etgandi.


Unda O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilar matematika fanidan jami 364 ball to‘plashgan.


Bu natijalarni boshqa mamlakatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu ancha past ko‘rsatgich ekanligini bilish qiyin emas. PISA 2022 tadqiqotida jami 81 ta davlat ishtirok etgan bo‘lsa, O‘zbekiston ana shu mamlakatlar orasida 72-o‘rinni egallagandi.


Undan tashqari PISA 2022 tadqiqotining boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha, ya’ni o‘qish savodxonligi — 336 ball (81 ta mamlakat orasida 80-o‘rin), tabiiy-ilmiy savodxonlik bo‘yicha — 355 ball (81 ta mamlakat orasida 80-o‘rin).


O‘zbekiston PISA 2025 tadqiqotida ham ishtirok etishi belgilangan bo‘lib, joriy yil 5-maydan boshlab O‘zbekistonda PISA 2025 xalqaro sinovlariga start berilgandi.


Joriy yilning yanvar oyida PISA 2025 tadqiqotida ishtirok etadigan maktablar va ularning sonini tasdiqlash to‘g‘risida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i imzolanganligi haqida xalqtaliminfo.uz manbasi xabar bergandi. Aynan shu vaqtda esa ijtimoiy tarmoqlarda PISA 2025 tadqiqotida ishtirok etadigan maktablarning aniq ro‘yxati haqidagi ma’lumotlar tarqalgandi.


Undagi ma’lumotlarni ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, PISA 2025 tadqiqotida jami 233 ta ta’lim muassasasi qatnashib, ulardan 17 tasi Prezident hamda ixtisoslashtirilgan maktablar, 4 ta xususiy maktab, 1 ta maktab-internati, 1 ta harbiy musiqa akademik litseyi, 1 ta respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash maktabi hamda 209 tasini oddiy umumiy o‘rta ta’lim maktablari tashkil etishini ko‘rishimiz mumkin.


Ushbu sonlarni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan e’lon qilingan raqamlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, o‘rtada deyarli farqlar yo‘qligini ko‘rish mumkin.


PISA ko‘zbo‘yamachilik uchun o‘tkazilyaptimi?


Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert, pedagog Shokir Tursun o‘zining X hamda Telegram sahifasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini PISA 2025 natijalarini sun’iy oshirishda aybladi. U bu fikrini PISA 2025 tadqiqotida barcha Prezident maktablari “tasodifiy” tanlab olinganligi bilan izohlagan.


“Tushunishimcha, bu yilgi PISA’da prezident maktablari tizimidagi barcha maktablar qatnashmoqda. Bu firibgarlik hisoblanadi. O‘rtacha ballni sun’iy oshirishga urinish. OECD bunga qanday yo‘l qo‘ygan, tushunmadim. Axir reprezentativlik yaqqol buzilib turibdi-ku”, deydi ekspert.

Shokir Tursunning ushbu ayblovlariga javoban vazir Hilola Umarova maktablarni tanlash jarayoniga vazirlik umuman aralashmasligini, vazirlikka ko‘zbo‘yamachilik kerak emasligini aytdi.


“PISA tadqiqotida ishtirok etish uchun O‘zbekistondagi 233 ta maktab tasodifiylik tamoyili asosida tanlab olingan. Maktablarni tanlash jarayoniga vazirlik umuman aralashmaydi, OECD tanlab, o‘tkazadi. Vazirlikka haqqoniy tahlil, natijalar kerak. Ko‘zbo‘yamachilik emas”, degan vazir Umarova.

PISA va reprezentativlik


PISA tadqiqotida har bir davlatdan qatnashadigan maktablar soni xalqaro talablar asosida belgilanadi. Bunda tadqiqotda ishtirok etayotgan mamlakatdan jami maktablarning kamida 2 foizi ishtirok etishi kerak. Bundan tashqari, minimal ishtirokchilar soni sifatida 150 ta maktab va 6 000 nafar o‘quvchi belgilangan.


PISA tadqiqoti uchun har bir ishtirokchi mamlakatda minglab maktablar orasidan faqat bir nechtasi tanlab olinadi, lekin bu tanlov butun mamlakatdagi o‘quvchilarning umumiy darajasini aks ettirishi kerak.

Ya’ni, tadqiqotda ishtirok etuvchi maktablar mamlakatning barcha hududlaridan reprezentativlik tamoyili asosida tasodifiy ravishda tanlab olinishi tadqiqotning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.


Reprezentativlik nima uchun muhim?


Agar tadqiqotda ishtirok etish uchun faqatgina eng yaxshi maktablar tanlab olinsa, bu reprezentativ tanlov bo‘lmaydi, chunki u holda PISA natijasi faqat elit maktablardagi o‘quvchilarning natijasini ko‘rsatadi, butun mamlakatdagi o‘quvchilarning real natijasini emas.


Shuning uchun ham PISA tadqiqotida maktablar tasodifiy tanlab olinib, bu tanlov shahar va qishloq maktabi, olis hududdagi maktab, o‘qitish tili, maktab turi (davlat/xususiy) kabi omillarni hisobga oladi. Aynan shu sababli ham PISA tadqiqotida maktablar tasodifiy tanlab olinishi belgilangan. 


Ya’ni, reprezentativlik — bu PISA tanlovining eng muhim tamoyillaridan biri, chunki u orqali faqat kuchli yoki zaif maktablar emas, balki mamlakatdagi haqiqiy o‘quvchilar holati aniqlanadi.


Ma’lumot uchun: PISA 2025 tadqiqotida jami 233 ta ta’lim muassasasi qatnashib, ulardan 17 tasi Prezident hamda ixtisoslashtirilgan maktablar, 4 ta xususiy maktab, 1 ta maktab-internati, 1 ta harbiy musiqa akademik litseyi, 1 ta respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash maktabi hamda 209 tasini oddiy umumiy o‘rta ta’lim maktablari tashkil etmoqda.


PISA 2025 tadqiqotida ishtirok etayotgan maktablar soni hududlar kesimida taqqoslaganda, Toshkent shahridagi maktablar ulushi (52 ta) boshqa hududlarga qaraganda eng yuqori, Sirdaryo viloyatidagi maktablar (4 ta) ulushi esa kamroq ekanligini ko‘rishimiz mumkin.


PISA 2025 tadqiqotida ishtirok etayotgan maktablarning hududlar kesimidagi soni quyidagicha


  • Toshkent shahridan 52 ta;


  • Samarqand viloyatidan 23 ta;


  • Namangan viloyatidan 21 ta;


  • Farg‘ona viloyatidan 21 ta;


  • Qashqadaryo viloyatidan 20 ta;


  • Andijon viloyatidan 19 ta;


  • Toshkent viloyatidan 15 ta;


  • Xorazm viloyatidan 12 ta;


  • Surxondaryo viloyatidan 15 ta;


  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 11 ta;


  • Buxoro viloyatidan 10 ta;


  • Jizzax viloyatidan 10 ta;


  • Sirdaryo viloyatidan 4 ta.

Izohlar 2

Ko'proq ko'rish
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting!

Teglar

  • PISA
  • xalqaro tadqiqot

Ulashish